Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha 2026–2030-yillar konsepsiyasi muhokamalari boshlandi

10:44 20 Noyabr 2025 Jamiyat
200 0

Oʻzbekistonda 2026–2030-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish jarayoniga rasman start berildi. Mazkur tashabbus “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan ilgari surilgan boʻlib, muhokamalar ochiq, inklyuziv va keng jamoatchilik ishtirokida tashkil etilmoqda.

Navbatdagi muhokama Urganch shahrida oʻtdi. Tadbirda Xorazm viloyatidagi nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat idoralari, mahalliy OAV, fuqarolik jamiyati faollari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Ushbu uchrashuv fuqarolik jamiyati institutlarining hududiy darajadagi fikr va takliflarini yigʻish, konsepsiyani amaliy jihatdan boyitish maqsadida oʻtkazildi.

Jurnalistlar uyushmasi Xorazm viloyati boʻlimi rahbari Dilbar Bekchonovaning taʼkidlashicha, konsepsiya loyihasining asosiy maqsadi — fuqarolik jamiyati institutlarining rolini mustahkamlash, davlat va jamiyat oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va samarali hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish hamda fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol ishtirokini kengaytirishdir.

— Muhokama jarayonida ishtirokchilar tomonidan aniq yechimlar, amaliy takliflar va muhim tashabbuslar ilgari surildi. Albatta, bu fikrlar konsepsiya loyihasini ishlab chiqishda inobatga olinadi, — dedi Dilbar Bekchonova.

Tadbir fuqarolik jamiyatining hududlardagi muammo va ehtiyojlarini oʻrganishga, shuningdek, jamiyatning barcha qatlamlari fikrini konsepsiya loyihasiga keng yoyilgan tarzda jamlashga xizmat qildi. Mazkur jarayonning ochiqlik va muloqot ruhida olib borilayotgani konsepsiyaning amaliy ahamiyati va samaradorligini oshirishga zamin yaratadi.

Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?