Oʻzbekistonda 6 tonna sifati talabga javob bermaydigan osh tuzi aniqlandi

Illyustrativ foto
Oʻzbekistonda joriy yil boshidan buyon sifati talabga javob bermaydigan 6 tonnadan ortiq osh tuzi aniqlangan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, qoʻmitaning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) boʻlimlaridagi sanitariya-gigiyena laboratoriyalarida yil boshidan buyon jami 4411 ta osh tuzi namunalari tekshirilgan, shundan 1306 tasi talabga javob bermagan.
Aniqlik kiritilishicha, ushbu namunalarning 19 tasi ishlab chiqarish korxonalariga, 182 tasi savdo va umumiy ovqatlanish korxonalaridan hamda 1105 tasi Maktabgacha taʼlim tashkiloti, maktablar va DPMlarga toʻgʻri keladi.
Sifati talabga javob bermaydigan 6042,5 kg osh tuzi realizatsiya qilishdan toʻxtatilib, osh tuzini ishlab chiqaruvchi korxonalarga qayta yodlashga joʻnatildi. Shuningdek, 1 ta korxona faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan.
Shuningdek, aniqlangan holatlar yuzasidan jami 31 ta maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Tuzni yodlash dasturi
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotiga asosan bugungi kunda yer yuzida 2 milliard aholi yod tanqis hududlarda istiqomat qilmoqda. 655 million aholi endemik buqoq kasalligiga chalingan. Yod tanqisligi sababli 43 million aholida bosh miya faoliyatining buzilishi va aqlan zaiflik holati kuzatilmoqda.
Uzoq yillar davomida yod yetishmasligi holatlarini oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar olib borilishiga qaramay jahonning koʻp davlatlarida, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi aholisi oʻrtasida ham yod yetishmasligi muammolari mavjud.
Tuzni yodlash dasturi aholini yod yetishmasligidan himoya qilishning eng samarali va arzon yoʻli hisoblanadi. Bu amaliyotda osh tuziga kichik miqdorda yod qoʻshiladi va natijada qalqonsimon bez kasalliklari hamda bolalarda aqliy rivojlanishdagi orqada qolish holatlari oldini olinadi. Standartlarga koʻra, 1 tonna osh tuziga 20 — 40 g kaliy yodat qoʻshiladi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va boshqa xalqaro institutlar universal tuzni yodlashni global miqyosda tavsiya qiladi. Xalqaro maʼlumotlarga koʻra, bu dastur tufayli 1990–2020-yillar oraligʻida yod yetishmasligi kuzatiladigan mamlakatlar soni keskin kamaygan.
Hozirgi vaqtda dunyo aholisining taxminan 85–90 foizi yodlangan tuzdan foydalanmoqda, ammo ayrim mintaqalarda yetarli qamrov hali ham taʼminlanmagan. Mutaxassislar taʼkidlashicha, homiladorlik davrida yod yetishmasligi chaqaloqlarda miya rivojlanishi va intellektual qobiliyatlarga jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Bundan tashqari, iqtisodiy jihatdan ham dastur samarali boʻlib, har bir dollar sarf bilan katta ijtimoiy-iqtisodiy yoʻqotishlarning oldi olinadi. Bugungi kunda 120 dan ortiq davlatda tuzni majburiy yodlash tizimi joriy qilingan boʻlib, mazkur dasturning samarali amal qilishi sifat nazorati va qonunchilik asosida taʼminlanishi lozim.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi yoki yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
- Nyu-York manzaralari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring