“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi jahon hamjamiyati nigohida

19:33 22 Yanvar 2026 Jamiyat
460 0

Poytaxtimiz shu kunlarda oppoq qor bilan bezandi. Erta tongdan pagʻa-pagʻa yogʻgan qor mamlakatimiz kelajagi uchun ezgu niyatlar bilan yangilanayotgan strategiyaga oq yoʻl tilayotgandek ramziy maʼno kasb etdi. Ana shunday kayfiyatda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda takomillashayotgan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi loyihasini muhokama qilishga bagʻishlangan xalqaro davra suhbati tashkil etildi.

Mazkur jamoatchilik muhokamasi keng qamrovli boʻlib, unda 150 nafardan ortiq mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etdi. Xususan, Oliy Majlis Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy davlatlarning elchilari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari va ekspertlari, vazirlik va idoralar masʼullari, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bir joyga jam boʻldi.

Shuningdek, tadbirda BMT tizimidagi agentliklarning Oʻzbekistondagi vakolatxonalari rahbarlari va ekspertlari — UN, UNDP, UNICEF, UNESCO, FAO, UNFPA, UNODC, IOM, ILO, WHO, UNHCR, IFAD, shu bilan birga Xalqaro qizil xoch qoʻmitasi, Jahon banki, SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti vakillari hamda dunyoning turli chekkalaridan 70 nafardan ortiq xorijiy ekspertlar ishtirok etdi. Bu esa strategiyaga boʻlgan xalqaro qiziqish va ishonchni yaqqol koʻrsatdi.

Tadbirni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov hamda BMTning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Sabine Mahl kirish soʻzi bilan ochdi. Sabine Mahl oʻz nutqida bu muloqot Oʻzbekiston taraqqiyoti uchun oʻta ahamiyatli bir davrda oʻtayotganini taʼkidladi.

— Bugungi muloqot muhim pallada boʻlib oʻtmoqda. 2025-yil oktyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2026–2030-yillarga moʻljallangan “Barqaror rivojlanish boʻyicha hamkorlik dasturi”ni imzoladi. Ushbu hamkorlik dasturi kelgusi besh yil davomida mamlakatda barqaror rivojlanish natijalarini ilgari surish boʻyicha umumiy qarashimizni aks ettiradi, — dedi u. — BMT tizimi strategiya loyihasida inson salohiyatini rivojlantirish, inklyuziv iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarini rivojlantirish hamda barqarorlik masalalariga kuchli urgʻu berilganini mamnuniyat bilan qayd etadi. Ushbu ustuvor yoʻnalishlar BMTning Barqaror rivojlanish boʻyicha Hamkorlik dasturi yoʻnalishlari hamda Oʻzbekistonning keng qamrovli islohotlar yoʻnalishi bilan toʻliq mos keladi.

Darhaqiqat, soʻnggi yillarda yurtimizda iqtisodiyotni liberallashtirish, aholi bandligini taʼminlash, inson kapitalini rivojlantirish, ijtimoiy himoya tizimini yangi bosqichga olib chiqish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, investitsiyaviy muhitni yaxshilash hamda davlat boshqaruvini takomillashtirish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi.

2023-yilda qabul qilingan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi esa mamlakat taraqqiyotida sifat jihatdan yangi bosqichni boshlab berdi. U yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq ravishda inson qadrini yuksaltirish, barqaror iqtisodiy oʻsishga erishish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish va xalq xizmatiga yoʻnaltirilgan davlatni barpo etishni asosiy maqsad qilib olgan. Biroq, ayni paytda jahonda kechayotgan global oʻzgarishlar, xalqaro bozorlardagi tebranishlar, texnologiya va sanoatning jadal rivoji, energiya bozorlaridagi transformatsiya hamda taʼminot zanjirlarining qayta shakllanishi mamlakatimizdan ham yangicha yondashuvlarni talab etmoqda.

Aholi sonining tez surʼatlarda oʻsishi ham bunga yaqqol misol. Agar 2023-yilda mamlakat aholisi 36,7 million nafar boʻlgan boʻlsa, 2030-yilga borib bu koʻrsatkich 41 millionga yetishi kutilmoqda. Urbanizatsiya, bandlik va daromadlar bilan bogʻliq masalalarni hal etish uchun bilim va innovatsiyalarga tayanadigan raqamli iqtisodiyot, sunʼiy intellekt, kiberxavfsizlik va maʼlumotlar boshqaruvi kabi sohalarni rivojlantirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Shu bilan birga, “maqsad – harakat – natija” zanjiriga asoslangan yangi ustuvor yoʻnalishdagi rejalashtirish tizimining joriy etilgani “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini yangi talablar asosida takomillashtirish zarurligini koʻrsatdi. Amaliyot shuni koʻrsatdiki, ayrim maqsad va vazifalarni yanada aniqlashtirish, ularni yillar kesimida belgilash, moliyalashtirish manbalari va ijro uchun masʼuliyatni ochiq koʻrsatish ehtiyoji mavjud.

Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida ham aynan shu masala alohida taʼkidlanib, strategiya keng jamoatchilik muhokamasi asosida takomillashtirilishi lozimligi qayd etilgan edi. Shu asosda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining takomillashtirilgan loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

Tadbir davomida strategiyaning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari taqdimotlar qilib, oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. Asosiy maqsad esa bitta: “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan gʻoyani amalda roʻyobga chiqarish.

Xususan, tashqi siyosat sohasida ham aniq indikatorlar joriy etilmoqda. Agar avval maqsadlar umumiy shaklda belgilangan boʻlsa, endilikda har bir maqsad raqam va foizlar bilan oʻlchanadi. Masalan, xorijdagi Oʻzbekiston fuqarolariga koʻrsatilayotgan konsullik xizmatlari hajmini 2030-yilga qadar 8 500 nafardan 100 ming nafarga yetkazish maqsad qilingan. Bu borada sunʼiy intellekt kabi zamonaviy texnologiyalardan foydalanish ham rejalashtirilmoqda.

Xalqaro ekspertlar ham strategiyaga yuqori baho bermoqda. Jumladan, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining (UNODC) Markaziy Osiyo, Afgʻoniston, Eron va Pokistondagi mintaqaviy vakili Oliver Shtolpe shunday dedi:

— Yangilanayotgan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida boshqaruv, odil sudlov, qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga alohida eʼtibor qaratilganini mamnuniyat bilan qutlaymiz. Biz Oʻzbekistonning natijadorlik va hisobdorlikka katta urgʻu berganini olqishlaymiz. 2027-yilda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi davlatlari konferensiyasiga mezbonlik qilish rejasi ham juda muhim qadamdir.

Ayni paytda strategiya loyihasida 100 ta maqsad boʻyicha 450 dan ortiq samaradorlik koʻrsatkichi belgilangan boʻlib, uzbekistan2030.uz va regulation.gov.uz platformalari orqali ochiq muhokama qilinmoqda. Hozirgacha yurtdoshlarimizdan 3 mingga yaqin fikr va taklif kelib tushdi.

Xalqaro davra suhbati “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini yanada xalqchil, amaliy va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish yoʻlida muhim qadam boʻldi. Ezgu niyatlar va aniq maqsadlar bilan ishlab chiqilayotgan ushbu strategiya mamlakatimizning kelgusi besh yillik taraqqiyotiga mustahkam poydevor boʻlishi shubhasiz.

Ulugʻbek Roʻzimatov,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?