Oyoq ostidagi neʼmat

19:42 17 May 2025 Jamiyat
277 0

Har yili may oyida yurtimizda tut gʻarq pishadi. Qora, qizil, oq rang-barang va marvariddek tutlarki, biri-biridan totli, biri-biridan serhosil. Taʼbir joiz boʻlsa, tutni oddiy daraxt emas, xalq daraxti deyish mumkin. Negaki, soyasi ham, mevasi-yu bargi, ogʻochi-yu shohi ham insonga foyda keltiradi. U tez oʻsadi, har qanday tuproqqa moslashadi. Shu sababdan hamma joyga, koʻp hollarda dala va koʻcha chetlariga ekiladi.

Maʼlumotlarga koʻra, bir tup tut daraxti yiliga oʻrtacha 30 – 50 kg meva beradi. Afsuski, shu hosilning bir qismini qushlar yeyishi hisobga olinmaganda deyarli hammasi yerga toʻkiladi. Natijada toʻkilgan tutlarni odamlar, mashinalar, chorva mollari bosib oʻtadi. Chunki yoʻl, yoʻlak chetidagi tut borki, hosili oyoq osti boʻladi. Lekin yoʻldan holi joylarda toʻkilgan tutlarni uvol boʻldi, deyish notoʻgʻri. Boisi, ular qurt-qumursqa va boshqa jonivor-u hasharotlarga yemish boʻladi. Tabiatda hech narsa bejiz yaratilmagan. Tut ham ekotizim va ozuqa zanjirining uzviy va faol ishtirokchisi hisoblanadi.

Ammo shu oʻrinda savol tugʻiladi: tut mevasini ham daromad keltiruvchi mahsulotga aylantirsak boʻlmaydimi? Eh-he, har yili tut pishigʻida qancha meva isrof boʻlyapti? Axir tut mevasidan xonadonlarimizda azaldan qoqi tayyorlash, murabbo, sharbat tayyorlanadi-ku?! Ayni xalqona texnologiyalar, sanoat asosida qayta ishlash yoʻlga qoʻyilsa boʻlmaydimi? Albatta, buning uchun tutlarni tanlab ekishga ham eʼtibor bermoq kerak. Ularni joylashtirishda ham hosilining uvol boʻlmasligi hisobga olinmogʻi lozim. Bunda shu kunlarda Toshkent va Guliston bozorlarida sotilayotgan Sayxunobod tutlari andoza qilib olinsa, maqsadga muvofiq boʻladi. Eʼtirof etish kerakki, Sayxunobod tumanidagi koʻplab oilalar bogʻlaridagi balx tuti kabi mazkur nabotot turining noyob navli daraxtlarining mevasini yerga tushirmay terib olib, bozorlarga chiqaradi. Tutdan qoʻshimcha daromad topadi. Mazkur tuman atrof javonibda haqli ravishda “Tut markazi” deb taʼriflanadi.

Tutning foydasi katta. Uning bargi toʻqimachilik sanoatida milliy brendimizga aylangan atlas va adrasimiz ipagi paydo boʻlishining bosh omilidir. Yogʻochidan turli duradgorlik buyumlari yasaladi, soyasi – oromijon. Faqat yuqorida keltirilganidek, kelgusida yurtimizda tut hosili nobud boʻlishi, eng achinarlisi, ushbu shirin- sharbat neʼmatning koʻchalarga toʻkilib uvol boʻlmasligiga eʼtibor qaratsak, maqsadga muvofiq boʻlardi.

Sevara RASULOVA,

Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar

universiteti 1-bosqich talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер