Obod qishloqlarga bayramlar yarashgay

16:33 06 Dekabr 2023 Jamiyat
319 0

Foto: Xalq soʻzi

Navbahor tumanidagi Qorovultepa mahallasining qishda loy, yozda chang koʻchalari, deyarli izdan chiqqan infratizim, oʻzboshimchalik bilan qurib tashlangan xoʻjalik inshootlari, shaharsozlik meʼyorlariga mutlaqo zid imoratlar, shundoqqina paxta dalalariga tutashib ketgan hovlilarning koʻrimsizligidan qishloq ahli xijolat boʻlardi.

Aslida bu kabi manzara viloyatning Xatirchi tumanidagi Xoʻjaqoʻrgʻon, Uchquduq tumanidagi Qulquduq, Tomdi tumanidagi Oʻtemurod, Nurota tumanidagi Chuya va hududning yana oʻnlab qishloqlariga xos boʻlib, mazkur goʻshalarda obodonlashtirish masalalari bilan birga elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi taʼminoti, transport qatnovi, aholiga savdo, maishiy va servis xizmati koʻrsatish tarmoqlari hamda boshqa bir qator hayotiy ehtiyojlarda muammolar yillar davomida yigʻilib qolgan edi.

Bugun ushbu qishloqlar obod, aholining dimogʻi chogʻ. “Obod qishloq” loyihasi dasturi doirasidagi tadbirlar natijasida Qorovultepa qishlogʻi ham ular qatoridan oʻrin oldi.

— Ushbu dastur doirasida qishlogʻimizdagi ichki yoʻllarning 3,5 kilometriga shagʻal, 4,2 kilometriga esa asfalt yotqizildi, — deydi mahalla raisi Oybek Qudratov. — Shuningdek, piyodalar yoʻlagi yangidan barpo etilib, 38 ta yoʻl harakati belgilari oʻrnatildi. Elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 45 ta temir-beton tayanchlar oʻrnatilib, 12 ta transformator taʼmirlandi, 1,3 kilometr tarmoq yangidan tortildi.

Qorovultepaning 3186 nafar aholisi 692 xonadondagi 856 oilaga birlashgan. Aholi gaz ikki usul, yaʼni suyultirilgan va quvurlar orqali yetkazib beriladi. Gaz taʼminotidagi muammolarga barham berish maqsadida dastur asosida aholiga 38 ta yangi gaz ballonlari yetkazib berildi, 671 ta aholi yashash xonadonlaridagi gaz jihozlari texnik koʻrikdan oʻtkazilib, tabiiy gaz tarmogʻi toʻliq rekonstruksiya qilindi. Ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash boʻyicha esa 0,4 kilometr tarmoq suv quvurlari yotqizildi hamda aholi xonadonlariga suv tarmoqlari ulab berildi.

— Dastur doirasida qishlogʻimiz aholisi toʻliq tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, uning natijalariga koʻra kasallik aniqlangan fuqarolarga yoʻllanmalar berildi, — deydi Navbahor tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli “Oxunboboyev” oilaviy shifokorlik punkti mudirasi S. Xoʻjayeva. — Tibbiyot birlashmamiz tomonidan 251 nafar bemorga bepul dori-darmon tarqatildi.

Qishloqni obodonlashtirishda mahallaning tadbirkor va fermerlari ham chetda turgani yoʻq. “Yuksalish” umummilliy harakati Navoiy viloyati boʻlinmasi tashabbuskorligida ular qishloq koʻchalariga quyosh panelli yoritgichlar oʻrnatib, 33 nafar ehtiyojmand oilaning yashash xonadonlari taʼmirlashga koʻmaklashdilar.

“Obod xonadon – obod koʻcha – obod mahalla” mezonlari asosida mutlaqo yangi qiyofa kasb etgan Qorovultepada Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi mahallaning yangi binosi ochilishi tantanalariga ulanib ketdi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda mahallada olib borilgan bunyodkorlik va jamoat ishlarida faolligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi bayrami munosabati bilan bir guruh faollarga Koʻkrak nishonlari va tashakkurnomalari topshirildi.

— Obodlik avvalo har koʻngildan boshlanib, xonadon va koʻchalarda oʻz aksini topadi, — deydi mehnat faxriysi Baxtiyor Ikromov. — Hech mubolagʻasiz, mahalladoshlarimiz koʻngliga, bugun obodlik bilan birga fayzu baraka kirib keldi. “Shu uy, shu koʻcha, shu mahalla meniki, uning obodligi uchun men masʼulman”, degan ezgu gʻoya keng quloch yozmoqda va buni qishloqdoshlarimiz kayfiyatidan ham anglash qiyin emas. Bularning bari davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan inson qadrini ulugʻlash, uning manfaatlarini taʼminlashga doir izchil islohotlar samarasidir.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?