“Nimaga unutay dard, kulfatimsan, sevgim eding, men axir...”

20-iyun — taniqli shoir Abduvali Qutbiddin tavallud topgan kun
QASAM
Faromush bogʻlarda sollanib mahzun,
Zarrin sarpolarda, davlati fuzun,
Qalbimga ataydi non hamda tuzin,
Yo jonim muhabbat,
Sim-sim-ey, sim-sim,
Mabodo aldasam, qoʻllarim sinsin.
Oʻtkinch tilaklarda bolalik badbaxt,
Sevgining nomidan yozadi tilxat.
Agarda yashasam qaldirgʻochsifat,
Qizgʻaldoq enamdir,
Sim-sim-ey, sim-sim,
Mabodo aldasam, qoʻllarim sinsin.
Ortimda choʻl dedim, koʻrsam, Badaxshon,
Qadimiy tangaday behamyon, beshon.
Oʻzimni izlasam – mendan yoʻq nishon,
Al-amon men qayda,
Sim-sim-ey, sim-sim.
Mabodo aldasam qoʻllarim sinsin.
Soʻnggi dam oʻzim-la oʻchakishsam, hay,
Sohir koʻzlaringdan talab etsam may,
Evoh, kekirdagim kesib etsam nay,
Puflasam – kuy yonsa,
Sim-sim-ey, sim-sim.
Mabodo aldasam yuragim tinsin.
* * *
Bebaho matoga tomgan dogʻdayin
Oʻchmaydi shafaqlar ming yuvilsa ham.
Sarsari, shaqillab oʻtsa-da, yillar
Sen oʻsha, oʻsha...
Tomchi-la tasvirlab boʻlmaydi seni,
Hatto anglatolmas bilsa-da koʻrshab.
Tap-tarang tasmaday kokillaringni
Taragan isyonlar bermas izohlab.
Sen oʻsha, oʻsha...
Behuda daʼvolar qilaman goho,
Xobgohing qoʻriqlar falak lashkari.
Oshkor etmoqqa tutinaman goh,
Aqldan tashqari,
Fikratdan tashqari....
Voajab, ingichka qildan ham nozik
Iplar chuvaguvchi balogir sarhad
Aro, ming yillik butxona yangligʻ
Toqatni toqat-la tilguvchi qahat –
Oʻsha, oʻsha...
* * *
Taxayyul tunida seni esladim,
Kaftingda baxt qushi, yelkangda kaftar.
Poyingda jovdirar mushtipar, mulzam –
Kiyiklar...
Boshida gulbargak, qarogʻida oy
Sevdim, dedim seni manglayi yalpiz.
Qoʻy dedi, etaging tishlab yotgan toy –
Ona qiz bu,
Ona qiz.
Qaldiroq burgutday yerga tashlandi,
Oyogʻimdan tortdi, bogʻladi yoʻlga.
Yoʻl chopdi,
Juda koʻp chopdi.
Boshladi malaklar yuz chaygan koʻlga.
Sev, sev, sev!
Koʻzimga mil tortdim, seni esladim
Kaftingda baxt qushi, yelkangda kaftar.
Osmon markaziga botayotirsan,
Osmon markaziga botar
Kiyiklar.
* * *
Qorsan, muvaqqatsan, eriysan, yoʻqsan –
Aflotun emassan – atigi xotir.
Meni ezgʻilashga oʻchsan, kechagi
Suluv eding,
Men axir...
Koʻzgu masxaralar, oq tushgan – xabar,
Ajinlar soladi noxush xavotir.
Meni gʻijimlashga oʻchsan, kabutar.
Osmon eding,
Men axir...
Qoʻrqqandim, oʻshanda, qoʻllarim bogʻli,
Qoʻrqdim, kirib ketdim, chiqmadim – chodir.
Meni nimtalashga izlaysiz, dogʻli –
Yurak eding,
Men axir...
Boʻriday sanqiyman oʻz zulmatimda
Oʻgʻirlab olganim kechagi taqdir.
Nimaga unutay dard, kulfatimsan,
Sevgim eding,
Men axir...
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring