“Men sizlarsiz yashay olmayman”
Illyustrativ rasm
...Oʻshanda 1941-yilning yozi edi. “Urush borayotgan joylardan bolalarni keltirishibdi”, degan xabarni eshitgan gʻijduvonlik Umid Turdiyev tuman markaziga yoʻl oldi.
Bolaligini urush oʻgʻirlagan, koʻzlaridan hali-hanuz qoʻrquv alomati soʻnmagan, och-yupun goʻdaklarni koʻrib koʻngli allanechuk boʻlib ketdi. Ulardan birini bagʻriga bosdi. Bu 11 yoshli eston bolasi Leonard Lauk edi.
Umid Leonardni yetaklab qishlogʻi Yangirabod sari otlandi. Xonadon bekasi Muyassarxon goʻdakka “Bolajonim”, deb quchogʻini ochdi. Leo oilaning erkatoy farzandiga aylandi. Qishloq maktabida oʻqidi. Doʻstlar orttirdi...
Oradan chamasi qirq yil oʻtdi. Oʻsha kezlarda Gʻijduvonda rahmatli Erkin Latipov boshliq «Qizil iztoparlar» klubi faoliyat koʻrsatardi. Shu klub aʼzolari Turdiyevlar xonadoniga Leonardning ota-onasi uni qidirayotgani haqidagi xabarni yetkazdilar.
Qishloqda duv-duv gap boʻldi. Leonard ona-yurtiga yoʻl oldi. Ota- onasi, qarindosh-urugʻlari bilan diydorlashdi.Tugʻilgan uyida ikki oycha yashadi. Keyin esa koʻz oʻngidan Oʻzbekiston, Muyassarxon aya, Umid ota, oʻz jigariday boʻlib ketgan ukalari ketmay qoldi. Halovatini yoʻqotdi. Ota-onasidan ming karra uzr soʻrab, yaqinlarini lolu hayron qoldirib, Gʻijduvonga qaytdi. Kela solib Muyassarxon ayaga, uyidagilarga “Men sizlarsiz yashay olmayman”, dedi.
Yurt sogʻinchi, ona mehru muhabbatining qudrati bundan ziyod boʻlishi mumkinmi?!
Qishloqda oddiy montyor boʻlib ishlagan, qoʻni-qoʻshnilardan “Men xizmat haqi olmayman. Chunki sizlardan, serquyosh bu yurtdan bir umr qarzdorman” deya qoʻli koʻksida boʻlgan Leonard aka bundan besh yil muqaddam qazo qildi. Uni vasiyatiga koʻra Muyassar ayaning qabri yonida dafn etishdi...
Maʼlumotlarga koʻra, Ikkinchi jahon urushi yillarida diyorimizga rus, ukrain,polyak, eston, belorus kabi koʻplab millat vakillari evakuatsiya qilingan. Ular orasida bolalar ham behad koʻp boʻlgan. Masalan, birgina Buxorodagi bolalar uylarida dahshatli urush borayotgan hududlardan keltirilgan salkam toʻrt ming nafar oʻgʻil-qiz tarbiyalangan. Yuzlab goʻdaklar esa xuddi Leonardga oʻxshab bagʻrikeng, bir mayizni qirq boʻlishib yeydigan oʻzbek xonadonlaridan panoh topishgan.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- “Barselona” qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring