Matonatli “Yil Ayoli”
Asli kasbi hamshira boʻlgan Gulmira Jumayeva hayotning ogʻir sinovlari oldida sinmadi. Oilaviy sharoit taqozosi bilan 2008-yilda mehnat muhojiri sifatida Rossiya Federatsiyasiga yoʻl oldi. U yerda yillar davomida chiqindilarni qayta ishlash korxonasida faoliyat yuritdi. Ogʻir mehnat, qatʼiy intizom va yuksak masʼuliyat uning kundalik hayotiga aylandi. 2016-yilda Vatanga qaytgan Gulmira Jumayeva xorijda orttirgan tajribasini yurtimiz manfaati yoʻlida safarbar etdi. Bir paytlar qoʻlqop kiyib chiqindilar orasida yurgan ayol bugun Kattaqoʻrgʻon shahridagi “Anvarjon biznes invest” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari sifatida tanilmoqda.
— Ilk yillarda barchasini noldan boshladim. Hech kim tayyor ish bermadi, — deydi Gulmira Jumayeva. — Avvaliga oz-ozdan chiqindilar qabul qilardim, keyin esa ishimni kengaytirish haqida oʻylay boshladim. Hujjatlar, ruxsatnomalar, ishchi kuchini topish — barchasi katta sabr va jasorat talab qildi. Ammo ortga yoʻl yoʻq edi. Bugun oʻz korxonam orqali nafaqat oʻzimni, balki bir necha oilani ish bilan taʼminlayotganimdan faxrlanaman. Eng muhimi, bu ish orqali atrof-muhitni muhofaza qilishga ham hissa qoʻshyapman.

Kichik sarmoya unda katta umid uygʻotdi. Bugun u davlat tomonidan tadbirkorlik uchun yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda 5 ta masʼuliyati cheklangan jamiyatni tashkil etdi. Natijada 500 ga yaqin yoshlar hamda xotin-qizlar uchun doimiy ish oʻrinlari yaratildi. U asos solgan chiqindilarni qayta ishlash korxonasi yuzlab oilalar uchun barqaror daromad manbaiga aylandi. Yuzga yaqin texnikasi bor. Uchta tumanga xizmat koʻrsatmoqda. Korxonadan kunlik 35–40 tonna mahsulot chiqmoqda. Soʻnggi besh yilda 178 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi.
Ayni paytda korxonada 13 turdagi yarim tayyor mahsulot ishlab chiqarilib, yirik sanoat korxonalariga yetkazib berilmoqda. Ishlab chiqarish quvvatlarini yanada kengaytirish maqsadida Xitoy Xalq Respublikasidan 100 ming AQSH dollari qiymatida zamonaviy asbob-uskunalar olib kelindi.
Gulmira Jumayevaning yillar davomidagi fidokorona mehnati eʼtibordan chetda qolmadi. Ekologiya sohasidagi xizmatlari uchun u “Tabiat himoyachisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, 2025-yilgi “Yil ayoli” milliy tanlovining Respublika bosqichida ekologik masʼuliyat va samarali tadbirkorlik faoliyati uchun oliy mukofot — Gran-priga sazovor boʻldi.

Oddiy mehnatkash sifatida tanilgan Gulmira Jumayeva bugun Oʻzbekistonda “Yil ayoli” degan yuksak eʼtirofga sazovor boʻldi. Uning tashabbuskorligi, ekologik madaniyatni yuksaltirishga qoʻshgan hissasi va samarali tadbirkorlik faoliyati davlat miqyosida munosib baholandi. Shu munosabat bilan Gulmira Jumayeva Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovgʻasi — avtomobil bilan taqdirlandi.
Uning mashaqqat, izlanish va matonatga toʻla hayot yoʻli shundan dalolat beradiki, mehnatga sadoqat, qatʼiyat va toʻgʻri maqsad insonni eng yuksak marralarga olib chiqadi. Gulmira Jumayevaning hayotiy tajribasi nafaqat xotin-qizlar, balki jamiyatimizda oʻz oʻrnini topishga intilgan har bir inson uchun haqiqiy ibrat maktabidir.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV
(«Xalq soʻzi»).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring