“Manchester Siti” va “Chelsi”dan yirik gʻalabalar

12:16 05 Aprel 2026 Sport
314 0

Kecha, 5-aprel kuni Angliya kubogi musobaqasining chorak final oʻyinlari start oldi. Kun doirasida muxlislar 3 ta oʻyinga guvoh boʻlishdi.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi Abduqodir Husanov toʻp surayotgan “Manchester Siti” klubi bu bosqichni oʻz maydonida “Liverpul”ga qarshi oʻtkazdi.

Oʻyin oldidan mezbonlar himoyasida jiddiy muammolar mavjud edi. Yaʼni Ruben Diash, Jon Stouns va Yoshko Gvardiol kabi futbolchilar jarohati tufayli jamoaga yordam bera olmadi. Natijada jamoaning markaziy himoyasi Abduqodir Husanov va Mark Guehiga ishonib topshirildi.

Uchrashuv “Manchester Siti” uchun juda omadli oʻtdi. Oʻyinda hisob 39-daqiqada penaltidan ochildi. “Merseysaydliklar” darvozasi tomon belgilangan 11 metrlik jarima toʻpidan Erling Holand unumli foydalandi. Hakam tomonidan ikkinchi boʻlimga qoʻshib berilgan ikkinchi daqiqada Holand dublga erishdi. Birinchi boʻlim 2:0 hisobida yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimning 50-daqiqasida Antuan Semeno hisobni 3:0 koʻrinishiga keltirdi. Oradan 7 daqiqa oʻtib Erling Holand oʻyindagi soʻnggi golni kiritdi. Yakunda “shaharliklar” yirik gʻalabaga erishgan holda musobaqaning yarim finaliga yoʻl oldi.

Oʻyin Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi Abduqodir Husanov uchun ham juda omadli oʻtdi. Uning harakatlari “Sofascore” portali tomonidan 7,5 ballga baholandi.

Chorak finalning ikkinchi oʻyinida esa “Chelsi” jamoasi oʻz maydonida Angliya uchinchi divizioni vakili “Port Veyl“ jamoasini qabul qildi. Uchrashuv elita vakilining yirik gʻalabasi bilan yakunlandi.

Uchrashuvda hisob 2-daqiqada Jorrel Hato tomonidan ochildi. 25-daqiqada Joau Pedro hisobni 2:0 koʻrinishiga keltirdi. 43-daqiqada esa Jordan Lourens Gebriel oʻz darvozasiga toʻp kiritib qoʻydi. Birinchi boʻlim 3:0 hisobida London klubining gʻalabasi bilan yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimning 57-daqiqasida Tosin Adarabioyo hisobni 4:0 koʻrinishiga keltirdi. 69-daqiqada Andrey Santos ham oʻz hisobiga gol yozdirib qoʻydi.

82-daqiqada Estevao hisobni 6:0 koʻrinishiga keltirdi. Hakam tomonidan ikkinchi boʻlimga qoʻshib berilgan ikkinchi daqiqada esa Alexandro Garnacho penaltidan unumli foydalanib oʻyindagi soʻnggi golni kiritdi. Shu tariqa bahs “aristokratlar”ning 7:0 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi.

Kunning eng kutilmagan natijasi esa “Sautgempton” va “Arsenal” oʻyinida qayd etildi. Bahs Chempionship vakilining 2:1 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi.

Uchrashuvda hisob 35-daqiqada Ross Styuart tomonidan ochildi. Birinchi boʻlim 1:0 hisobida yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimning 68-daqiqasida Viktor Gyokeresh hisobni tenglashtirdi. 85-daqiqada esa “Sautgempton” aʼzosi Shi Charlz oʻyindagi soʻnggi golni kiritdi. Shu tariqa mezbonlar musobaqaning yarim finaliga yoʻl oldi, Mikel Arteta shogirdlari esa musobaqadagi ishtirokini shu bosqichda yakunladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?