Maktabgacha taʼlim tizimida qamrov va sifat
Bugun Navoiy viloyatida 1 479 ta MTTlari faoliyat koʻrsatib, hududdagi 3-6 yoshgacha boʻlgan bolalarning 87,8 foizi maktabgacha taʼlim tizimiga qamrab olingan. Oʻn yil avval ushbu koʻrsatkich qariyb uch baravarga past boʻlib, u ham boʻlsa asosan viloyatdagi shahar va qoʻrgʻonlar hissasiga toʻgʻri kelardi.
Oʻtganiga salovat, galdagi eʼtibor tizimda taʼlim-tarbiya sifatini oshirishga qaratilib, Respublika Prezidentining shu maqsadlarni oʻzida mujassam etgan joriy yil 5-fevralidagi “Maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar va ularning ijrosini taʼminlashga qaratilgan.
Viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasining hududdagi OAV vakillari uchun oʻtkazgan matbuot anjumanida ayni masalalar muhokama etilar ekan, asosiy eʼtibor 6 yoshlilar qamrovini joriy yilda 99,5 foizga yetkazishga qaratildi.
— Bugun ilgʻor dunyo tajribasi maktabgacha bosqich taʼlim tizimining eng hal qiluvchi davri ekanligini koʻrsatmoqda, — deydi viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Abror Latipov. —Aynan hayotining mazkur bosqichida bolaning jismoniy va ruhiy koʻnikmalari jadal surʼatlar bilan rivojlanadi. Ularda ong, til, atrofni anglash, munosabatga kirishish, muammolarni hal qila olish qobiliyatlari shakllanadi. Ushbu davrning bir kunini oʻtkazib yuborish ham bola qobiliyatlarining shakllanish darajasi va surʼatiga bevosita taʼsir koʻrsatadi.
Matbuot anjumanida shuningdek, viloyatdagi MTTlarida taʼlim-tarbiya sifatini oshirish boʻyicha olib borilayotgan tajriba hamda amaliyotga tatbiq etilayotgan gʻoyalar xususida atroflicha maʼlumot berilib, jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Temur ESHBOYEV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- “Barselona” qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring