Mahallaning oʻz hamshirasi bor

13:22 15 Yanvar 2026 Jamiyat
224 0

Qishloq shifokori deganda koʻpchilikning koʻz oʻngida, avvalo, yilning toʻrt faslida ham mahalla koʻchalarini kezib, uyma-uy yurib xizmat qiladigan patronaj hamshirasi gavdalanadi. Uni hamma taniydi, hamma kutganday kutadi. Chunki u — shifokorgacha boʻlgan birinchi qadam, kasallikning oldini oluvchi, dardni erta payqaydigan, aholi salomatligining eng yaqin himoyachisidir.

Aholini oʻz vaqtida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, kasalliklarni barvaqt aniqlash, surunkali dardlar asoratini oldini olishda patronaj hamshiralarining xizmati beqiyos. Ular sogʻliqni saqlash tizimining “koʻrinmas maydon”ida mehnat qilayotgan fidoyi xodimlardir.

Samarqand tuman sogʻliqni saqlash boʻlimiga qarashli 1-son oilaviy poliklinika patronaj hamshirasi Mulkiya Axmatova Oʻrtashiq mahallasi aholisi uchun ana shunday ishonchli suyanch. Bugungi kunda ushbu brigadaga qariyb 3 ming nafar aholi biriktirilgan. Oilaviy shifokor Gulbahor Zohidova, amaliyotchi hamshira Safira Rashidova, patronaj hamshiralar Nilufar Shakirova va Dildora Abdurahimovalar bilan birgalikda aholi salomatligi yoʻlida samarali faoliyat olib bormoqda.

— Mahalla hamshirasi boʻlib ishlash katta fidoyilik talab qiladi, — deydi Mulkiya Axmatova. — Hududimda 56 nafar 5 yoshgacha bolalar, 16 nafar homilador ayol, salomatlikning 3-guruhidagi surunkali kasalliklar bilan dispanser nazoratida turgan 211 nafar bemor bor. Shuningdek, 4-guruhga kiruvchi, oʻzgalar parvarishiga muhtoj, yakka yolgʻiz va yotoq rejimidagi 5 nafar bemor doimiy nazoratimda. Baʼzan bayram kunlari ham ularning holidan xabar olaman. Yuqumli kasallikka chalingan bemorlarni poliklinikaga olib boraman. Mahalladagi keksalarning aksariyati yuqori qon bosimi bilan yashaydi. Ularning qon bosimini muntazam oʻlchab, maslahat berib turaman. Hududimdagi har bir insonning salomatligi — men uchun masʼuliyat.

Aslida, bu soʻzlar ortida kundalik mehnat, yuzlab eshik qoqishlar, minglab muloqotlar, inson dardiga sherik boʻlish bor. Patronaj hamshira — bu nafaqat tibbiyot xodimi, balki mahallaning ishonchli maslahatchisi, keksalarning suyanchi, yosh onalarning yoʻl koʻrsatuvchisidir.

Ayni paytda mazkur 1-son oilaviy poliklinika tumanning Xoʻja Axrori Vali, Mirzo Ulugʻbek, Gulbogʻ, Koʻsaho, Chorshanbe, Oʻrtashiq, Sulfakkavutak, Xaymari Bolo va Xaymari Poyon mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi jami 29 625 nafar aholiga birlamchi tibbiy xizmat koʻrsatib kelmoqda.

Maʼlumki, ilgari ushbu poliklinika aholisi tumanning Koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasiga biriktirilgan edi. Joriy yilda esa u mustaqil faoliyat yurituvchi 1-sonli 2-tipdagi oilaviy poliklinika sifatida qayta tashkil etildi. Bu esa aholiga yaqin, tezkor va sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.

Bugun poliklinikada 10 ta tibbiy brigada faoliyat yuritib, ular tarkibida 10 nafar oilaviy shifokor, 10 nafar amaliyotchi hamshira va 30 nafar patronaj hamshira aholi salomatligi uchun masʼul. Shuningdek, pediatr, akusher-ginekolog kabi tor soha mutaxassislari, UTT va EKG diagnostika xizmatlari yoʻlga qoʻyilgan. Muolaja, fizioterapiya, emlash va kunduzgi statsionar xonalarida aholiga kafolatlangan paket doirasida bepul tibbiy xizmat koʻrsatilmoqda.

Markazlashgan laboratoriya tizimining joriy etilgani esa yana bir muhim yangilik boʻldi. Agar ilgari 7–8 turdagi tahlillar bilan cheklanilgan boʻlsa, bugun 18 turdagi laborator tahlillarga namuna topshirish imkoniyati yaratildi. Bu esa aholi uchun ham, tibbiyot xodimlari uchun ham katta yengillikdir.

Sohani raqamlashtirish, DMED ilovasi orqali elektron bitimlar tuzilishi, aholining brigada va muassasalarga biriktirilishi, elektron ambulator kartalar shakllantirilishi patronaj hamshiralarning qogʻozbozlikka sarflaydigan vaqtini kamida 30 foizga qisqartirdi. Eng muhimi, bu vaqt endilikda bemor bilan yuzma-yuz muloqotga, salomatlikni mustahkamlashga sarflanmoqda.

Mahallaning oʻz hamshirasi bor ekan — bu katta boylik. Chunki sogʻlom jamiyat avvalo ana shu fidoyi, kamtar, ammo ulkan masʼuliyatni yelkasida koʻtarib yurgan hamshiralar mehnati bilan barpo boʻladi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?