“Lola jazavasi”
Rasm: Jan-Leon Jerom, 1882-yil.
Olamda odamzod yuksak maʼnaviy sifatlari bois jamiki mavjudotlarning gultoji hisoblanadi. Inson eng katta bunyodkor, obod qiluvchi va ixtirochi boʻlishi bilan birga, afsuski, baʼzan nafs koʻyida buzgʻunchilikka ham qodir...
Odamlar oʻz xatti-harakatlari bilan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni boshqaradi, dunyoni oʻzgartiradi. Taassufki, shaxslar oʻzaro mulkiy munosabatlarni oʻrnatish, boyliklarga ega boʻlish, ularni taqsimlash daʼvosida global va mintaqaviy inqirozlarning yuzaga kelishiga sabab boʻladi. Dunyoda sodir boʻlgan inqirozlarni oʻylab topgan ham, ularni bartaraf etish choralarini koʻrgan ham, ilm-fanni rivojlantirib, koinotni kashf qilayotgan ham, oʻzi toʻqib chiqargan turli aqida va gʻoyalarga mahkum boʻlib, butun xalqlar, mavjudotlarning boshiga turli balolarni yogʻdirayotgan ham shu — “Hazrati inson” hisoblanadi.
Ayrim davlat arboblari, siyosatchilarning olamni oʻzgartirish daʼvosi, ijtimoiy-iqtisodiy qonun-qoidalarni inobatga olmay chiqargan qarorlari tufayli global inqirozlar, urushlar va ocharchiliklar vujudga kelgani ham sir emas. Dunyo olimlarining qaydlariga koʻra, sayyoramizda global tus olgan inqirozlar jami 27 tani tashkil qiladi. Toshkent shahridagi Xalqaro Nordik universiteti olimlari, mutaxassislari tomonidan mazkur inqirozlarning kelib chiqish sabablari, davlatlar tomonidan ularni bartaraf etish maqsadida koʻrilgan chora-tadbirlar tafsilotlariga oid tarixiy faktlar oʻrganib chiqildi.
Siz — aziz gazetxonlarga “Dunyo inqirozlari: sabablar, oqibatlar va yechimlar” rukni ostida ushbu maʼlumotlarni yetkazib borishni maqsad qilganmiz. Bugun sizlarning eʼtiboringizga “Lolalar inqirozi” deya nom bilan tanilgan golland sindromining kelib chiqish sabablarini havola etamiz.
“LOLA JAZAVASI”
(1634 — 1637)
Koʻpchilik lolalar dastlab Niderlandiyada yetishtirilgan, deb oʻylaydi. Aslida, bu notoʻgʻri. Ushbu gulning vatani Gʻarbiy Oʻrta Yer dengizi va Markaziy Osiyoning bir qismi (Pokiston, Afgʻoniston va Turkiya) hisoblanadi. Lolaning ayrim turlari yovvoyi holda Shimoliy Afrika, Janubiy Yevropa va Yaponiyada oʻsadi. U Yevropaga 1554-yilda kirib kelgan.
Lola Sharqdan olib kelinganda oʻziga xos xususiyatga ega edi. Yaʼni bir necha yil oʻtgach gullarning rangi oʻzgarar edi. Bu bir dona lola piyozining egasi vaqt oʻtib mutlaqo yangi va noyob navning egasi boʻlishi mumkinligini anglatardi. Ayni shu jihat bozorda oddiy lola piyozlariga qaraganda bir necha barobar yuqori narxli mahsulot taqdim etish imkonini berar edi. 1612-yilda Amsterdamda yangi katalog nashr qilindi. Unda yuzdan ortiq lola navlari mavjudligi joy olgan.
“Lola jazavasi” (Lolamaniya)ni tadqiq etishning asosiy muammolaridan biri bu — tarixiy manbalarning mavjud emasligi.
XVII asrning dastlabki yigirmanchi yillarida lola bozorining talab va taklif doirasi kengayadi. Professional mirishkorlar osonlikcha bozorga kirishlari mumkin edi. Chunki sotuv qatʼiy tartibga solinmagandi. Dastlab lolalar oʻta noyob hisoblanganligi tufayli faqat yuqori tabaqa vakillarining saroylarida uchratish mumkin edi. Shuning uchun avval lolalar zodagonlar jamiyatining hashamatli boyligi boʻlib kelgan boʻlsa, keyinchalik bozorga oʻrta sinf vakillarining kirib kelishi tufayli bogʻlar barpo etish tobora ommalashib ketadi. Hatto xalqaro savdo ham juda tez rivojlanadi.
Yetkazib beruvchilarning xilmaxilligi tufayli narxlarga cheklov qoʻyiladi. Bu — mirishkorlar boshqa biron-bir kultivatordan nusxa koʻchirish, yuqori foyda olish uchun yangi navlarni yaratishga majbur boʻldi, degani edi. Shunday qilib, yangi yaratilgan navlarga talab odatiy lolalarga qaraganda yuqoriroq boʻlgan.
1630-yilda yangi navlarga boʻlgan talab taklifdan oshib ketadi. XVII asrning 20 yillarida Ispaniya bilan qayta urush boshlangani sababli, Niderlandiya iqtisodiyoti inqirozga yuz tutsada, 30 yillarga kelib tez tiklanish ushbu tendensiyani yanada kuchaytirdi.
Lolalarga talab tobora ortib borar, ammo taʼminot yetarli emas edi. Niderlandiyaliklarning asosiy qishloq xoʻjaligi va iqtisodiyoti lola biznesiga bogʻlanib qoladi. Mamlakatning katta shaharlari hisoblangan Amsterdam, Rotterdam, Haarlem va Leydenda lolalar savdosi boʻyicha asosiy oldi-sotdi ishlarini olib boruvchi birjalar tashkil qilindi. Bu birjalarda nafaqat “jonli” lolalar oldi-sotdisi, balki hali yetishtirilib ulgurmagan lola piyozlari uchun ham shartnomalar tuzilgan. Ularning mazmuni kelajakda belgilangan vaqtda va kelishilgan miqdorda lola piyozlarini sotish va sotib olishdan iborat edi (hozirgi tilda aytganda varrantdan foydalanishgan).
Aynan mana shu varrantlardan foydalanish “sovun pufagi”ning shakllanishiga olib keladi. Koʻplab niderlandiyaliklarning bu bozorga yoppasiga kirib kelishi uchun imkoniyat yaratadi. Ushbu bitimlar “shamol koʻllari”, deb ham atalgan. Muxtasar aytganda, birja faoliyatida “hayot avjida” edi, faqat bu yerda aksiyalar emas, balki lola piyozlari taxminiy narxlarda sotilar edi. Birja hayotidagi oʻsish koʻplab mahalliy aholini mana shu bozorga kirishga undaydi. “Lola jazavasi”da qatnashishni xohlaganlar oʻzlarining yagona mulklarini ham sotish hisobiga bir juft lola olish va keyinchalik uni qimmat narxga sotishga oshiqar edilar.
1630-yildan keyin piyozlarning narxlari muttasil oʻsib borishi sababli, bozorda yangi turdagi oʻyin kelib chiqdi: floristlar piyozlarni chayqovchilik uchun aktiv sifatida ishlatishdi. Bundan tashqari, keng jamiyat orasida “lola piyozlari bilan chayqovchilik qilish tez va yuqori foyda keltiradi”, degan vasvasalar kelib chiqdi. Odamlar oʻzlarining piyozlarini sotish, tezroq foyda olishga kirishib ketadi. Bu esa bozorni harakatga soluvchi mexanizmni buzdi: yaʼni talab yoʻq ammo taklif oshib ketdi. Mana shu vaziyatdan keyin birjada lolalar narxi keskin tusha boshlaydi.
QANDAY OQIBATLARGA OLIB KELDI?
Inqiroz 1637-yil boshida, narxlar oʻsishda davom etadimi yoki yoʻqmi, degan shubha paydo boʻlganida yuz bergan. Bir kecha-kunduzda lolalarning narxlari keskin tushib ketib, koʻplab oddiy oilalar uchun moliyaviy halokatni yuzaga keltirdi. Narxlar “qulagani”dan soʻng xaridorlar lolalar piyozi uchun forvard shartnomalari boʻyicha toʻlovdan bosh tortdilar. Dehqonlar toʻlashni talab qilish foyda bermasligini bilishgan va shu sababli 1637-yil 23-fevralda Amsterdamda umumiy jarayonni hal qilish uchun uchrashadi. Ularning aksariyati 1636-yil 30-noyabrdan keyin imzolangan barcha shartnomalar asl narxining 10 foizini toʻlash boʻyicha kelishishga urinadilar. Ushbu qonuniy, majburiy boʻlmagan taklif esa xaridorlarni ishontira olmadi. Ular hali ham shartnomalarni hech qanday toʻlovlarsiz toʻliq bekor qilishni talab etishadi.
Oʻsha paytdagi koʻplab mahalliy yozuvchilarning fikriga qaraganda, piyozlar davlatning zarar koʻrishi yoki rivojlanishi uchun unchalik ham taʼsir koʻrsatmagan. Bunga ikkita sababni asos qilib olishadi: birinchidan, piyozlarning butun savdosi davlat iqtisodiyotining unchalik katta qismi hisoblanmagan. Bunday yumush bilan shugʻullanuvchi koʻplab floristlarning aksariyati uchun esa bu qoʻshimcha ish hisoblangan. Garchi chayqovchilarning kutilgan daromadlari koʻkka sovurilib ketgan boʻlsa ham, koʻrilgan zarar, asosan, shaxsiy daromad hisobiga toʻgʻri kelgan va ular oʻzlarini oʻzlari qoplar edi. Lekin shunga qaramay inqirozdan katta zarar koʻrganlar yetarlicha topilardi. Ular koʻchmas mulkini sotgan yoki garovga qoʻygan, narxlar tushgandan keyin esa hech vaqosiz qolgan oddiy aholi, oʻz yerlarini foydalanish uchun florist va chayqovchilarga bergan dehqonlar edi. Biroq bu tarqoq muammo butun iqtisodiyotga taʼsir qilmadi va butun epizod qisqa vaqtda lokalizatsiya qilindi.
Ikkinchi jihat shundan iboratki, lola piyozlari bozorida ishlatiladigan kreditning aksariyati piyoz savdosi bilan shugʻullanuvchi tomonlar va moliya institutlari tomonidan berilgan edi. Shunday qilib, kredit yoʻqotishlari piyoz bozorida ajralib turdi va umuman, banklarga taʼsir koʻrsatmadi. Bu Niderlandiyaning toʻlov va kredit tizimida barqarorlikni keltirib chiqardi. Iqtisodiy oʻsish uchun katta tahdid boʻlgan kreditlarning muzlashi “Lola jazavasi” halokatining natijasi emas edi. Bu holatdan asosiy zarar koʻrganlar oddiy aholi va dehqonlar boʻlib qoldi. Ushbu mojarolarni xususiy ravishda hal qilishning muvaffaqiyatsizligini tushunib yetgan hukumat xolis boʻlish maqsadida munozarali shartnomalarni saralash majburiyatini mahalliy hokimiyat idoralari zimmasiga yuklab qoʻyadi.
YECHIMLARI NIMADAN IBORAT EDI?
1637-yil aprelda Niderlandiya oliy sudi barcha kelishuvlarni toʻxtatib turishga qaror qildi va shahar sudlariga nizolarni mahalliy darajada hal qilish uchun yetarli maʼlumotlar yigʻishni buyurdi. Garchi parlament ushbu qarorni qonuniy kuchga kiritib qoʻygan boʻlsa ham, shaharlar uni amalga oshirishga urinishmadi. Sud qarori va uning ijrosi taʼminlanmagani dehqonlar va oddiy aholi uchun juda katta zararni keltirib chiqardi.
Qaror ijrosini amalga oshirmayotganlarni shahar sudlari shunday izohlashadi: “Yaqinda gullash mavsumi, yaʼni -dehqonlar uchun lola hosillarini yigʻish va sotish davri hisoblanadi”.
Inqirozgacha hech narsa toʻlamagan barcha shartnoma egalari bundan foyda olishdi. Keyinchalik barcha shartnomalarning 3,5 foizini bekor qilish boʻyicha qaror chiqarilgan. Avval bu qarorni Haarlem shahar kengashi joriy qiladi. Bir yil oʻtgandan keyin esa, boshqa shaharlar ham shunday qarorlar chiqaradi.
Odatda doʻkonlarning tavsiyalariga ishongan shahar sudyalari qaror qabul qilishga shoshilmadilar. Chayqovchilik bilan shugʻullanadigan rasmiylar mojaroni oʻz manfaatlari uchun hal etishga umid qilishdi va mojaro misli koʻrilmagan darajada murakkab, keng miqyosli boʻlib chiqdi. Haarlemda ehtiroslar keskin avj oldi. Shahar kengashi mart oyida shartnomalarni xaridorlar foydasiga, aprel oyida esa aksincha sotuvchilar foydasiga qaror chiqardi va keyin barcha qoidalarni bekor qildi va Bosh shtatlardan yordam soʻradi.
Kreditorlar va qarzdorlarni bir-birlari bilan shaxsiy muomalada boʻlishga majbur qilgan oddiy yechim ishonch inqirozini yanada kuchaytirdi va Niderlandiya jamoatchiligining ishonchli muhitini abadiy yoʻqqa chiqardi. Qarama-qarshiliklar huquqiy sohadan chiqib ketib, yana bir necha yil davomida oilaviy nizolar darajasiga koʻtarildi: kreditorlar qarzdorlarni taʼqib qildilar, qarzdorlar esa toʻlashdan bosh tortdi. Birinchi marta “nol varrant”ga toqat qilmaslik Haarlemda tan olinadi: 1638-yil yanvarda Niderlandiyadagi gul turlari boʻyicha birinchi hakamlik sudi ishini boshladi. Ularning asosiy vazifasi haqiqatni aniqlash emas, balki shahar aholisini muzokaralarga majburlash orqali yarashtirish edi. 1638-yil may oyida Haarlem nizoni hal qilishning standart tartibini ishlab chiqdi. Agar sotuvchi qarzni qaytarishni talab etsa, qarzdor-xaridor sotuvchiga shartnoma narxining 3,5 foizini toʻlaganidan keyin har qanday majburiyatdan ozod qilingan. Ushbu shartlar na gul ishlab chiqaruvchilarga, na lolalarni sevadigan qarzdorlarga foydali boʻlmadi. Munozarachilarga tinchlik bilan tarqalish Niderlandiya oliy sudining odil hukmini topishdan koʻra osonroq edi. Ushbu yoʻnalish boʻyicha harakat qilgan Haarlem mediatorlari oʻz shaharlaridagi barcha nizolarni 1639-yil yanvargacha hal etdilar.
Noaniqlik holati lola shinavandalari oʻrtasida vahima qoʻzgʻatdi. Bukletlar, proklamatsiyalar va multfilmlar tayyorlanib, mamlakat boʻylab “aqldan ozgan” chayqovchilarni qoralovchi lavhalar tarqatildi. Vaziyat uchun javobgarlarni qidirish boshlandi. Bu masala boʻyicha parlament 1637-yil 27-aprelda qaror qabul qiladi. Unga koʻra, barcha lola shartnomalari, imzolangan sanasidan qatʼi nazar, vaqtincha toʻxtatiladi.
Amsterdam Regenslari shartnomalarni oʻz kuchida qoldirishga qaror qildi. Yaʼni mirishkorlar va lolani xush koʻruvchilar esa sudga berish huquqini saqlab qolishdi. Haarlem, Alkmaar va boshqa barcha shaharlar lola shartnomalarini bekor qiladi. Noyob lola bozori ikki yil ichida falokatdan qutuldi. 1637-yil yozida haqiqiy bitimlar narxi bir piyoz uchun ming gilderga (gektar) yaqinlashdi. XVII asr 40 yillarining boshlaridagi maʼlumotlardan koʻrinib turibdiki, bu vaqtga kelib noyob lolalarning narxi 1636-1637-yillardagiga qaraganda qariyb olti baravar past boʻlgan.
Narxlar va foydaning pasayishi ortidan lolalar yetishtiradigan fermer xoʻjaliklari soni asta-sekin kamayib bordi. XVII asrning oʻrtalariga kelib, Niderlandiyada barcha lola ishlab chiqaruvchilar Haarlem shahar chegaralarida toʻplanib, omon qolgan oʻnga yaqin fermer xoʻjaligi milliy bozorni taqsimlab olgan edi.
Sherzod MUSTAFOQULOV,
Qobiljon ISAYEV,
Xalqaro Nordik universiteti olimlari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh Assambleyasi boʻlib oʻtmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring