Limonchilikda peshqadam uchkoʻprikliklar

Uchkoʻprik tumanida tomorqada sitrus meva – limon yetishtirish borasida oʻziga xos tajriba maktabi yaratildi. Ayni paytda tumandagi “Oqsuv”, “Bogʻiboʻston”, “Oltin vodiy”, “Sariqoʻrgʻon”, “Tojik”, “Soy boʻyi”, “Katta qashqar”, “Qurbon qashqar” mahallalarida 3 ming 823 ta xonadondagi 766 gektar maydonda tashkil etilgan issiqxonalar limon yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan. Bu mahallalar limonchilik va boshqa sitrus mevalar yetishtirish orqali ishsizlikdan xoli hududga aylanmoqda.
“Tojik” MFY tumanda birinchilardan boʻlib ishsizlikdan xoli hudud maqomiga erishdi. Bugungi kunda limonchilik, sitrus mevalar yetishtirish, koʻchatchilik mahallaning asosiy drayveri hisoblanadi.
— Hozirda mingdan ortiq xonadonda 4 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi, — deydi “Tojik” MFY raisi Kamoljon Turobov. — Mahalla aholisiga tomorqa sifatida ajratilgan 47 gektar yerning 37 gektarida zamonaviy issiqxonalar tashkil etilgan.
Mahallada limonchilik jadal rivojlanib, shu bilan birga limon koʻchatlari yetishtirish, ichki bozorda sotish va xorijga eksport qilish borasida ham salmoqli natijalarga erishilmoqda. Mahalladagi eng mirishkor tomorqachi Kozimxon Turobov xonadonidagi qariyb 35 sotix yer maydonidagi issiqxonada limon koʻchati yetishtirib, moʻmay daromad olmoqda. Oila aʼzolari banan va ananasni mahalliylashtirish boʻyicha quvonarli yutuqlarni qoʻlga kiritayotgani ham eʼtiborga molik.
Kozimxon Turobov mahallada limonchilik kooperatsiyasini ham tashkil etgan. Bu jarayonda hududdagi 420 ta xonadon qamrab olingan boʻlib, ularga limon koʻchati yetkazib beriladi. Hosil shartnomada kelishilgan narxda qayta sotib olinadi.
“Katta qashqar” MFYda ham aholi tomorqalarida limon parvarishlash va mandarin, apelsin kabi sitrus mevalar yetishtirish, koʻchatchilik mahalla drayveriga aylangan. Ayni paytda mahalladagi 1367 ta xonadonning 900 ga yaqinida limon yetishtiriladi. Har yili oʻrtacha 800 tonna limon hosili olinib, uning 700 tonnasi MDH davlatlariga eksport qilinmoqda.
Mahalla xonadonlarida asosan 2-6 sotixli, baʼzilarida 20 sotixgacha issiqxonalar barpo etilgan. Bitta oila limonchilikning oʻzidan yiliga oʻrtacha 75-80 million soʻmgacha daromad oladi. Vazirlar Mahkamasining joriy yil 2-apreldagi “Respublikada limonchilik sohasini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, Uchkoʻprik tumanida joriy yilda 800 ta xonadonni, 2026-yili esa yana 1 ming 20 ta xonadonni limonchilikka ixtisoslashtirish hamda qoʻshimcha qariyb 100 gektar maydonda yangi issiqxonalar tashkil etish belgilangan. Bu yil tumanda oʻrtacha 2 million dollarlik limon eksport qilish maqsad qilingan. Uchkoʻprik limoni asosan Rossiya, Qozogʻiston va Qirgʻiziston kabi MDH mamlakatlariga eksport qilinadi.
Botir MADIYOROV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring