Kunduzgi shifoxonalar samarali ishlamayapti. Nega?

17:48 29 May 2019 Jamiyat
2604 0

Illyustrativ foto

Kunduzgi shifoxona oʻzi aslida nega kerak? U odamlarga nima naf beradi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi tomonidan birlamchi tibbiyot muassasalarida aholiga ambulator xizmat koʻrsatish samaradorligini oshirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda ana shu savollarga javob izlandi.

Koʻpchilik kecha-kunduz shifoxonada yotib davolanishga imkon topavermaydi. Oʻziga yaqin hududdagi oilaviy yoki qishloq oilaviy poliklinikalardagi kunduzgi shifoxonalar ana shunday toifadagi bemorlar uchun juda qoʻl keladi. Vaholonki, oilaviy poliklinikaning oʻzida qon tahlili va boshqa analizlarni ham topshirish, tegishli muolajalarni olishga sharoit mavjud.

Demak, kunduzgi shifoxonalarda muolaja olish, birinchidan, bemor vaqtini, mablagʻini tejaydi, ovoragarchilikning oldini oladi. Ikkinchidan, xasta odam kunduzgi shifoxonada doimiy holidan xabar oluvchi shifokori va patronaj hamshirasining nazoratida boʻladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari joylarda oʻtkazgan oʻrganishlar jarayonida, afsuski, kunduzgi shifoxonalar imkoniyatidan yetarlicha foydalanilmayotgani aniqlandi. Ayrim oilaviy poliklinikalarda kunduzgi shifoxonalar uchun xonalar yetishmasa, boshqalarida esa krovat yoki boshqa shunga oʻxshash sabablar bilan shifo oʻrinlari tashkillashtirilmagan.

Ushbu masala Hukumat hisobotida ham ayrim deputatlar tomonidan oʻrtaga tashlangan edi.

2017-yil 22-sentyabrda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan vaqtinchalik shtatlar normativida kunduzgi shifoxonalar uchun 20 ta shifo oʻrni mavjud boʻlganda 1 shtat vrach va hamshiralar ajratilishi koʻrsatilgan. Joylardagi sharoitlardan kelib chiqib, 10-12 shifo oʻrinlari tashkil qilingan oilaviy poliklinikalarga 0,5 stavka shifokor va hamshira shtatlari ajratilgan. Bu atigi uch soat ishlaydi degani, xolos, qolgan vaqtda kunduzgi shifoxona ishlamaydimi, degan haqli savol tugʻiladi.

Deputatlarning fikricha, aslida 20 ta shifo oʻrnidan kelib chiqib, shtat ajratish amaliyoti Moliya yoki Sogʻliqni saqlash vazirliklarining byudjet mablagʻlarini iqtisod qilish maqsadida aniq tahlillarsiz joriy qilgan ishi hisoblanadi. Bugungi kundagi voqelik bu aynan joylardagi vaziyatdan kelib chiqilgan aniq yondashuv natijasi emasligini koʻrsatmoqda.

Alohida qayd etilganidek, kecha-kunduz ishlaydigan shifoxonada yotib, davolanishda aholining muayyan qatlamiga dori-darmonlar bepul. Qolganlariga esa bunday imkoniyat yoʻq. Lekin normativlarga tegishli oʻzgartishlar kiritib, oilaviy poliklinikalardagi kunduzgi shifoxonalarda davolanganlarga ham dori-darmonlarni bepul taqdim etish maqsadga muvofiq.

Tanqidiy tahlil, bahs-munozara ruhida kechgan tadbirda oʻrtaga tashlangan jiddiy masalalar Moliya va Sogʻliqni saqlash vazirliklari mutasaddilari hamda ekspertlar ishtirokida chuqur muhokama qilindi.

Qoʻmita yigʻilishida Moliya va Sogʻliqni saqlash vazirliklariga tegishli soʻrov kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Ziyoda ASHUROVA.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?