Kitobparvar otaxon
Abduvali ota Xolmahmudov Zangiota tumani hokimiga murojaat bilan bordi. Bir oqsoqolning hokimiyatga murojaat bilan borishi hozirgi davr uchun oddiy hol. Biroq gapning daromadi arzchi yo tinglovchida emas, murojaatda.
– Kitob oʻqigan odamni xalqmiz doim eʼzozlab uyining toʻriga oʻtkazadi, – deydi Abduvali ota. – Kitob oʻqigan, kitob koʻrgan deyishadi. Bugun ham oʻzini ziyoliman degan inson boʻsh vaqtini behuda sarflamay, kitob oʻqishni odat qilishi kerak. Buning uchun tumanimizda markaziy kutubxona, yana boshqa kitob doʻkonlari bor. Ammo uzoqqa borishga qiynaluvchi, qolaversa, yosh bolalar tuman markazidagi kutubxona yo shahardagi kitob doʻkoniga borolmasligi mumkin. Shuning uchun tuman hokimiga murojaat qildim.
Zangiota tumani hokimligi murojaatni qanoatlantirishni koʻpga choʻzmadi. Tumanning “Alimbuva” mahallasida ixcham kitob javoni oʻrnatilib, yangi badiiy va ilmiy adabiyotlar bilan taʼminlandi.
Peshtoqiga “Kutubxona” va “Ilm” soʻzlari yozilgan mazkur maʼrifat manbai mahalladagi yetti yoshdan yetmish yoshgacha boʻlgan barchaning ixtiyorida. Bu javondagi har bir kitobning burchagida “Omonat” degan bitik bor.
Bu qizil javon atrofi tezda gavjumlashib bordi. Shu yerdagi “omonat”lar mahalladagi deyarli har bir xonadonga kirib chiqmoqda.
– Abduvali buvamning kutubxonasidan kitob olgani har kuni kelaman, – deydi oʻzini Muhammadali deya tanishtirgan Zangiota tumanidagi 1-maktabning 3-“v”sinf oʻquvchisi. – Bir oʻzimmas, oʻrtoqlarim ham keladi. Hali yoshligimizni aytib, Abduvali buvam telefon tutmasligimizni nasihat qiladi, koʻproq kitob oʻqishimizni taʼkidlaydi.
Shu kunlarda “mahalla kutubxonasi” fondini boyitish choralari koʻrilmoqda, xuddi shunday kutubxona Zangiota tumanining “Tarnov” mahallasida ham ochilishi kutilmoqda.
Otabek ISROILOV
(«Xalq soʻzi»).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring