Xitoyda ilk shahar tipidagi qishloqlar qurilmoqda

11:58 07 Avgust 2025 Dunyo
184 0

Foto: “Dunyo” axborot agentligi

Xitoyning Bole shahridagi Kerexad mahallasi 2016–2018-yillarda shahar tipidagi ilk qishloq loyihasi sifatida bunyod etilgan. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi amaliy safar bilan kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishish maqsadida ushba qishloqqa tashrif buyurishgan. Bugungi kunda mingga yaqin dehqon yashaydigan ushbu hudud qishloq xoʻjaligining turli yoʻnalishlarida faoliyat yuritmoqda.

Mahalla raisi oʻrinbosari Chjen Ji Chingning soʻzlariga koʻra, ushbu loyiha Xitoy hukumatining kambagʻallikni qisqartirish dasturi doirasida amalga oshirilgan.

“Dehqonlarimiz oldin pastqam va koʻrimsiz uylarda yashagan. Xitoy hukumatining kambagʻallikni qisqartirish dasturi asosida mazkur yangi mahalla qad rostladi va dehqonlar bu yerga koʻchirildi. Aholimizni xitoylar, uygʻurlar, moʻgʻullar, qozoqlar va boshqalar tashkil etadi. Ular ahil-inoqlikda, bir oila boʻlib yashayaptilar”, — dedi Chjen Ji Ching.

Maʼlumotlarga koʻra, mahallaning umumiy maydoni 13 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Ekin yerlar aholi oʻrtasida taqsimlangan, qolgan 1300 ming kvadrat metr yer uchinchi tomonlarga ijaraga berilgan. 2024-yil davomida ushbu ijara va boshqa xizmatlardan mahalla 1 mln 820 ming yuan daromad olgan. Bu esa kishi boshiga 29 600 yuandan toʻgʻri keladi. Topilgan mablagʻlar mahalla infratuzilmasini yaxshilash va aholi farovonligini oshirishga yoʻnaltiriladi.

Tashrif davomida eʼtiborni jalb etgan yana bir jihat — Kerexad mahallasida amalga oshirilayotgan “yashil” loyihalar boʻlgan. Hozirda mahallaning 55 foizi yashil hududlarga aylangan. Loyiha mualliflari kelgusida mahallaga toʻliq ekohudud maqomini berishni rejalashtirmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?