Xalqaro konferensiya boʻlib oʻtmoqda

16:46 17 Noyabr 2023 Jamiyat
213 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Navoiy Davlat konchilik va texnologiyalar universitetida Navoiy kon metallurgiya kombinati tashkil etilganligining 65 yilligi munosabati bilan “Zarafshon vohasini kompleks innovatsion rivojlantirish: yutuqlar, muammolar va istiqbollar” mavzusidagi IV Xalqaro ilmiy-texnik konferensiya oʻz ishini boshladi.

Mazkur anʼanaviy konferensiyaga mamlakatimiz Prezidenti tomonidan asos solinib, uning doirasida oʻtkazilgan avvalgi anjumanlarda Germaniya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Avstriya, Fransiya, Koreya Respublikasi, Belarus, Qozogʻiston kabi mamlakatlarning nufuzli ilmiy markazlari, universitetlari, OTMlarining taniqli olimlari hamda xorijiy kompaniyalarning vakillari ishtirok etishgan edi. Joriy yildagi konferensiya ham respublikamiz va 10 dan ortiq xorijiy mamlakatlarning taniqli olimlarini   oʻz atrofiga birlashtirgan.

— Qizilqum vohasi sanoati salohiyatidan kelib chiqqan holda fan va taʼlimning integratsiyasini yanada rivojlantirishni koʻzda tutgan holda mazkur anʼanaviy anjuman koʻlami kengayib bormoqda, – deydi Navoiy Davlat konchilik va texnologiyalar universiteti rektori Baxtiyor Mardonov. — Maqsad Zarafshon vohasida ilmiy-texnik salohiyatni rivojlantirish, xorijiy davlatlar olimlari va mutaxassislari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirishdan iborat. Shuningdek, xorij va Oʻzbekiston olimlarining fundamental va amaliy tadqiqotlar, yangi innovatsion ishlanmalar borasidagi yutuqlari har tomonlama muhokama qilinib, mintaqaning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha taniqli olimlar ishtirokida fan va texnikaning dolzarb muammolarini tahlil qilish orqali hamkorlikdagi faoliyat doirasida ustuvor yoʻnalishlar hamda vazifalar belgilab olinadi.

Ikki kun davom etadigan anjumanda geologiya, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash, kimyoviy texnologiyalar, mashinasozlik, energetika, muqobil energiya manbalari va istiqbollari, qishloq xoʻjaligi, ekologiya kabi tarmoq va sohalar faoliyatiga bagʻishlangan 200 dan ortiq ilmiy maʼruzalar tinglanib, muhokama etiladi. Konferensiyaga 400 taga yaqin maqola va tezislar taqdim etilgan.

Konferensiyaning ochilish marosimi va dastlabki yalpi yigʻilishda ishtirokchilarni “Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJ Bosh direktori Q. Sanaqulov tabriklab, “Zarafshon vohasini kompleks innovatsion rivojlantirish: yutuqlar, muammolar va istiqbollar” mavzusida maʼruza qildi.

Anjuman seksiyalarga boʻlingan holda oʻz ishini davom ettirmoqda.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?