Kechirasiz, men nogiron emasman...

12:27 15 Iyun 2021 Jamiyat
1024 0

«Kim aytadi, meni nogiron deb. Hassaga tayanib yurganimga, bir oyogʻimni bosa olmaganimga shunday deyapsizmi? Agar shunday boʻlsa, bir tadbirkor qilgan ishni bajaryapman-ku! Mening faoliyatim qaysi tadbirkornikidan kam? Agar men nogiron boʻlsam, uyimda oilaviy bogʻcha ochib, 18 nafar kichkintoyga taʼlim-tarbiya berarmidim, 2 nafar ayolning bandligini taʼminlarmidim...»

Bu Qamashi tumanidagi “Oʻzbekiston” MFY Qamashi koʻchasidagi 96- uyning 2- xonadonida yashovchi Dilfuza Boʻronovaning fikrlari. U 2007-yildan buyon tadbirkorlar safida. Qoʻligul chevar sifatida mahallada nom qozongan. Undan saboq olgan shogirdlari ham kam boʻlmayapti, hammasi tikuvchilikka mehr qoʻygan, bu kasbni birortasi tashlab ketmagan. Sababi Dilfuza shogirdlariga “kasbni chin yurakdan sevsang baraka topasan” deydi.

Toʻgʻri, u qogʻozda 1-guruh nogironi. Ammo u qogʻozni tan olmaydi. Qogʻoz shunchaki bir sabab, inson irodasi bukilmasligi kerak, doim harakatda boʻlishga intilishi lozim deydi. U harakatdan toʻxtamaydi. Toʻrt muchasi sogʻ odam tongda dong qotib uxlab yotganida Dilfuza ancha-muncha yumushini uddalab qoʻygan boʻladi. Hech joyi ogʻrimaydigan, bashang kiyingan ayol mahalla idorasiga nafaqa soʻrab, yigʻlab turganida u tuman tibbiyot birlashmasi rahbari bilan kasalxonalarga koʻrpa-toʻshak, yostiq va ish xalatlari yetkazib berish borasida shartnoma imzolayotgan boʻladi. Boʻlmasa nafaqa soʻrab turgan ayol kimu, Dilfuza kim? Yer bilan osmoncha farq bor-ku!

Dilfuzaning qilayotgan ishlari jasorat. Jasoratni esa har kim ham qila olmaydi. Oʻzini eplay olmayotgan, davlatdan najot istab, hokimiyat eshigiga “yotib” olgan odamlarni koʻrganimda, ularning “davlat bizlarni boqishi kerak” degan boqimandalikni targʻib etuvchi fikrlarini eshitganimda beixtiyor xayol dunyoimda Dilfuza jonlanadi. Uning 300 nafar nogironligi bor xotin-qizga bepul hunar oʻrgatganining oʻzi jasorat emasmi? Uning koʻksini “Jasorat” medali bezab turgani ham tasodif emas, balki haqiqiy mehnat, mashaqqat va fidoyilikka berilgan katta ragʻbatdir.

— 2018-yilda Prezidentimiz Farmoni bilan “Jasorat” medaliga sazovor boʻlganimda shunchalik quvondimki, koʻzlarimda yosh tirqiradi, — deydi Dilfuza Boʻronova. — Toʻgʻrisi, bu ehtirom menga koʻp narsani anglatdi. Eng quvonarlisi esa oʻzimni jamiyatga kerakli ekanimni his qildim. Yurt taraqqiyotiga farzand sifatida hissa qoʻsha olayotganimdan gʻururlandim. Maktabda oʻqib yurgan kezlarimda, bir notoʻgʻri “ukol” sabab nogiron boʻlib, jamiyatdan uzilib qolishni sira istamadim. Faqat harakat qildim, hech toʻxtamadim, haliyam toʻxtamoqchi emasman.

Dilfuza bilan suhbatlashar ekanman, xizmat taqozosi bilan koʻplab xotin-qizlar bilan qilgan muloqotlar xayolimda charx uradi:

— Olib kelishgan makaroni 2-navli ekan, qop-qora...

— 1 mln soʻm berishdi, nimaga yetadi bu?..

— 10 sotix tomorqangizni ajriq bosib ketgan deyishyapti? Kim tozalaydi uni? 2 oʻgʻlimga davlat ish topib bersin, kap-katta yigitlar ajriq terib yursinmi?

— Yangi avtomobil olgan boʻlsam, oʻz pulimga olganman, nogiron bolamni davlat boqsin!

— Noligan odamning noni yarim, — deydi Dilfuza yuqoridagi fikrlarni eshitib. — Davlat kim? Axir davlat xalq bilan kuchli. Fuqarolik jamiyati qanchalik kuchli boʻlsa, davlat ham shuncha kuchli boʻladi. Shuning uchun ham mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish uchun katta saʼy-harakatlar olib borilyapti. Har bir fuqaroning vazifasi davlatdan najot kutish emas, davlat taraqqiyotiga hissa qoʻshishga qaratilishi lozim. Prezidentimiz topgan daromadingdan davlatga ber demaydi, oʻzingni oʻzing boq, deydi, mahsulot chiqarib, daromad qil, el toʻkinchiligiga hissa qoʻsh, deyapti. Buni qilsa boʻladi. Faqat baʼzi kishilar ongidan boqimandalik yaʼni “bersang yeyman, ursang oʻlaman” kabi fikrlarni batamom chiqarib tashlash kerak. Partiyamizning (OʼzLiDeP) “Birgalikda biz kuchmiz” degan shiori juda yoqadi menga. Fuqarolarimiz birgalikda kuch boʻlib, bir tan, bir jon boʻlib, mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qoʻshishi kerak.

Dilfuzaning fikrlarini eshitib, beixtiyor “balli!” deb yubordim. Shunday shijoatli ayollar borligi uchun ham har kuni quyosh chiqadi, yurtda taraqqiyot davom etmoqda, yosharish va yangilanish davriga qadam qoʻydik. Yangi Oʻzbekistonning hur fikrli shunday ayollari bor ekan, yukimiz hech qachon yerda qolmaydi.

Maqola soʻngida yana bir jasorat namoyondasi haqida aytmoqchiman Bu qamashilik mard va qatʼiyatli yigit Kamoljon Dovulovdir. Kamoljon soʻziga sobit va qatʼiyatli ekanini oʻzi yoqtirib qolgan, garchi u hassa bilan yursa-da, gap-soʻzlar, taʼna-doshnomlarga parvo qilmay Dilfuzaxonning qoʻlini soʻradi. Turmush qurishdi, farzandli boʻlishdi. Ota-onaning umidi boʻlib dunyoga kelgan Umidjon hozir 10 yoshda, “Temurbeklar maktabi”da tahsil olmoqchi.

Mening nazarimda baxt deganlari shu boʻlsa kerak...

Faxriddin Bozorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?