Kaspiy dengizi yaqin kelajakda yoʻqolib ketadimi?

18:50 04 Aprel 2026 Dunyo
208 0

Kaspiy dengizi yaqin kelajakda yoʻqolib ketmaydi. Soʻnggi 20 yil davomida kuzatilgan suv sathining pasayishi hozircha muayyan muvozanat holatiga kelgan. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasi Suv muammolari instituti laboratoriyasi mudiri, texnika fanlari doktori Mixail Bolgov RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida maʼlum qildi.

Uning taʼkidlashicha, yaqin yillarda dengiz sathi nisbatan barqarorlashishi kutilmoqda. Suv sathi maʼlum bir muvozanat atrofida tebranishi mumkin, ammo 30 metrgacha keskin pasayishi haqidagi taxminlar asossiz. Olimning fikricha, Kaspiy dengizi yaqin istiqbolda saqlanib qoladi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, Kaspiy dengizi sathining pasayishi 1990-yillar oʻrtalaridan beri kuzatilmoqda. 2025-yilga kelib dengiz sathi tarixiy minimumga tushib, minus 29 metrdan ham past koʻrsatkichga yetgan.

2024-yil dekabr oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumatga dengiz sayozlashuvining oldini olish boʻyicha maxsus dastur ishlab chiqishni topshirgan va bu holatni jiddiy muammo sifatida baholagan. Shuningdek, 2025-yilda Ozarbayjon va Qozogʻiston prezidentlari Ilhom Aliyev hamda Qasim-Jomart Toqayev ham bu jarayon butun mintaqa uchun ekologik xavf tugʻdirishi mumkinligini bildirgan.

Mutaxassislarning fikricha, Kaspiy dengizi bilan bogʻliq vaziyatni doimiy monitoring qilish va ekologik muammolarni bartaraf etish boʻyicha hamkorlikdagi choralar muhim ahamiyat kasb etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?