Yoʻllardagi tahdid

14:05 24 Dekabr 2025 Jamiyat
319 0

2025-yilning 6-oktyabr kuni Asaka tumani hududida harakatlanayotgan avtomashina ishtirokida avtohalokat sodir etildi. Haydovchilik guvohnomasi va tegishli hujjatlari boʻlmagan yosh yigit boshqaruvidagi “Tiko” rusumli avtomobil oldinda harakatlanayotgan yuk mashinasiga kelib urildi. Zarb shu qadar kuchli boʻldiki, yengil mashina ichida boʻlgan ikki nafar yoʻlovchi ogʻir tan jarohati oldi. Shifokorlar ularning hayotini saqlab qolish uchun bor imkoniyatni ishga solishdi, afsuski, ikki insonning hayotini asrab qolib boʻlmaydi. Bu voqea yana bir bor yoʻldagi beparvolik qanchalik qimmatga tushishini koʻrsatdi.

Bunday fojialar tasodif emas. Yoʻl harakati xavfsizligi bugungi kunda jamiyat uchun eng ogʻriqli masalalardan biri boʻlib qolmoqda. Shu bois soha xodimlari tomonidan qatʼiy chora-tadbirlar koʻrilyapti. Bu oʻz navbatida ijobiy samarasini ham bermoqda. Misol uchun, Andijon viloyati soʻnggi yillarda muayyan ijobiy oʻzgarishlar bor. 2025-yilning oʻtgan 11 oyi mobaynida viloyatda qayd etilgan yoʻl-transport hodisalari soni 2024-yilga nisbatan 15 foizga kamayib, 630 tadan 536 taga tushgan. Eng quvonarlisi, halokatli oqibatlar ham qisqargan: oʻlim bilan yakunlangan YTHlar 137 tadan 112 taga kamaygan, tan jarohati bilan bogʻliq holatlar esa 473 tadan 424 taga tushgan. Bu yaxshi maʼlumot, albatta! Biroq, avtohalokatlar soni bitta boʻlgani holatda ham u fojiadir!

Tahlillar hodisalarning katta qismi hali-hamon piyodalar va velosipedchilar ishtirokida yuz berayotganini koʻrsatmoqda. Yoʻldagi fojialarning 40 foizdan ortigʻi piyodalarni urib yuborish bilan bogʻliq boʻlsa, qariyb uchdan bir qismi transport vositalarining toʻqnashuvi natijasida sodir boʻlmoqda. Velosipedchilar bilan bogʻliq holatlar ham salmoqli oʻrinni egallaydi. Qolgan hodisalar esa agʻdarilish, toʻsiqqa urilish yoki boshqa omillar bilan bogʻliq.

-Yoʻldagi halokatlarning qariyb yarmi inson omili bilan bogʻliq, — deydi viloyat IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi Tashkiliy boʻlim boshligʻi, mayor Elyorbek Soliyev. -Yaʼni, haydovchi yoki piyodaning qoidalarga amal qilmasligi fojianing bosh sababiga aylanmoqda. Piyodalarning belgilanmagan joydan yoʻlni kesib oʻtishi, haydovchilarning tezlikni oshirishi, quvib oʻtish qoidalarini buzishi, svetofor va yoʻl belgilarini inkor etishi koʻplab baxtsiz hodisalarga sabab boʻlyapti. Ayrim hollarda esa tajribasizlik ham ogʻir oqibatlarga olib kelmoqda.

Hududlar kesimida eng koʻp yoʻl transport hodisalari Andijon shahri va Asaka tumanida qayd etilgan. Bu yerlarda harakat zichligi yuqori boʻlishi bilan birga, yoʻl madaniyatiga yetarlicha eʼtibor berilmasligi ham seziladi.

-Shu bois viloyat boʻylab profilaktik ishlar izchil olib borilmoqda,-deydi viloyat IIB JXX YHXB Axborot xizmati guruhi katta mutaxassisi, katta leytenant Abdumajid Raimjonov. -Aholi gavjum hududlar, mahallalar va avtoturargohlarda haydovchilar hamda piyodalar bilan muntazam uchrashuvlar oʻtkazilyapti. Maktab va bogʻchalarda bolalarga yoʻl harakati qoidalari oʻrgatilmoqda, xavfli nuqtalarda eslatuvchi bannerlar va ogohlantiruvchi belgilar oʻrnatilgan, fuqarolarga bukletlar tarqatilmoqda.

Maʼlumotlar qanchalik ijobiy boʻlmasin, har bir halokat ortida singan taqdirlar, iztirobni boshidan kechirgan oilalar turadi. Shunday ekan, bu kabi ayanchli holatlarning oldini olishni har birimiz oʻzimizdan boshlashimiz muhimdir. Buning uchun shunchaki yoʻl qoidalariga amal qilishning oʻzi kifoya. Zero, yoʻl barchamizniki!

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?