Urganch shahrida TURKSOY xalqaro tashkiloti kino forumi oʻz ishini boshladi

18:34 28 Sentyabr 2023 Madaniyat
1180 0

Urganch shahrida “Ipak yoʻli durdonasi” XV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida tashkil qilingan TURKSOY xalqaro tashkiloti kino forumi oʻz ishini boshladi.

Tadbirda soʻz olgan Xorazm viloyati hokimi Joʻrabek Rahimov, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY Bosh kotibi Sultan Rayev, Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari Shuhrat Rizayev va boshqalar kinoijodkorlarni anjuman ochilishi bilan qutlab, milliy kino sanʼatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida toʻxtaldi.

Qayd etish joiz, festival doirasida Xudoybergan Devonov tomonidan oʻzbek kinosiga tamal toshi qoʻyilganining 115-yilligi, Toshkent xalqaro kinofestivali tashkil etilganligining 65 yilligi va oʻzbek milliy dublyaj sanʼatiga asos solinganligining 85 yilligi ham keng nishonlanmoqda.

— Ushbu kinoforum koʻhna Xorazm vohasida oʻtkazilayotgani bejiz emas, albatta, — deydi kinorejissyor Hilol Nasimov. — Chunki oʻzbek kinematografiyasi asoschisi, birinchi oʻzbek kinotasvirchisi Xudoybergan Devonov shu zaminda tugʻilib kamolga yetgan va ijodiy faoliyatini olib borgan. Festival doirasida Xorazmda oʻtkazilayotgan TURKSOY xalqaro tashkiloti kinoforumi sohadagi bugungi rivojlanish jarayonlarini tahlil etish, ijodiy izlanish va tajriba almashishda oʻziga xos muloqot maydoni, yosh ijodkorlar uchun mahorat maktabi boʻlib xizmat qiladi.

Forumda Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan birinchi kinotasvirchi, oʻzbek kinematografiya sanʼatining asoschisi Xudoybergan Devonov hayoti va ijodiga bagʻishlangan “Birinchi qaldirgʻoch” hujjatli filmi hamda xorazmlik ulugʻ shoir, faylasuf va kuragi yerga tegmagan polvon Pahlavon Mahmud haqidagi “Xiva langari” badiiy filmidan lavhalar namoyish etildi.

Odilbek ODAMBOYEV

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?