IT: kelajak va ertangi kun istiqboli
Bahromjon Jalilov fargʻonalik minglab yigit-qizlarni IT sohasiga qiziqtirayotgan, bu boradagi orzu-maqsadlari ijobat boʻlishi uchun ruhlantirayotgan yetuk mutaxassis. U bir necha yillar mobaynida viloyatdagi oliy taʼlim muassasalarida ushbu yoʻnalish boʻyicha talabalarga saboq berdi, IT-Parkning Fargʻona viloyati boʻlimini boshqardi. Ayni paytda Fargʻona viloyati hokimining raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha maslahatchisi. U masʼuliyatli vazifaga bejizga tayinlangani yoʻq.
Bu mutaxassisning eʼtirof etishicha, 2027-yili mehnat bozorida 40 ta, 2030-yilga borib esa 100 tagacha kasbga jiddiy ehtiyoj qolmasligi mumkin. Albatta, talab va taklif tobora yangilanib borayotgan bugungi davrda zamonaviy axborot texnologiyalari hamda sunʼiy intellekt rivoji ana shunday ehtimolni yuzaga keltirayotgani hech kimga sir emas.
Shu sababli bugungi kunda jahon miqyosida kelajak kasblari xususida soʻz ketganda, IT sohasi bu borada ertangi kun istiqbolini taʼminlovchi muhim yoʻnalish sifatida taʼkidlanmoqda. Ayni jihatlarni inobatga olib, Fargʻona viloyatida ushbu jarayonda izchil saʼy-harakatlar olib borish ustuvor vazifalar sirasiga kiritilgan.

—Birgina oʻtgan yilning oʻzida viloyatda 47 ta yangi IT kompaniya oʻz faoliyatini boshladi,—deydi Bahromjon Jalilov.—Bu kompaniyalarning 21 tasi AQSH, Hindiston va Rossiya kabi xorijlik investorlar ishtirokida tashkil etilgani eʼtiborga molik. Shu tarzda bugungi kunda viloyatda IT-Park rezidentlari soni qariyb 140 taga yetdi.
Taʼkidlash joizki, Fargʻona viloyatida qulay muhit va infratuzilma shakllanib borayotgani tufayli oʻtgan yili sohada ixtisoslashgan kompaniyalar tomonidan 2,8 trillion soʻmlik IT xizmatlar koʻrsatildi. Bu yoʻnalishda 22,8 million dollarlik eksport amalga oshirildi. Natijada atigi bir yil oldingiga qaraganda 3,5 baravarga oʻsish taʼminlandi.

Bugun viloyatda xorij davlatlarining 10 ga yaqin nufuzli kompaniyalari oʻz ofisini ochgan. Xususan, AQSHning 3ta, Rossiyaning 3 ta va Yaponiyaning 2 ta kompaniyasi filiali samarali faoliyat koʻrsatmoqda.
Oʻz navbatida istiqbolli soha rivojiga qaratilgan eʼtibor va ragʻbat Fargʻonada oʻz kelajagiga katta ishonch koʻrayotgan yangi avlod mutaxassislari shakllanishida muhim omil boʻlayotir.
—Hozirgi kunda korxonamizda 400 nafardan ziyod dasturchi yoshlar faoliyat koʻrsatadi,—deydi Fargʻona shahridagi “Davr-RU” xususiy korxonasi rahbari Sherzod Parpiyev.—Bu yigit-qizlarning oʻrtacha oyligi 30 million soʻmni tashkil etadi.
Haqiqatdan ham bugungi kunda IT xizmatlari eksporti nafaqat mamlakatimiz, butun dunyoda eng serdaromad biznesga aylanmoqda. Shu bois yoshlarni ushbu tarmoqqa kengroq jalb etish hamda jahon hamjamiyatida raqobatbardosh yangi avlod mutaxassislari tayyorlashga jiddiy eʼtibor qaratilgan. Buni yuqoridagi bitta korxona misolida ham yaqqol koʻrish mumkin. Korxonaning shinam ofisida hamisha ish qizgʻin. Hamkorlik koʻlami esa butun dunyoni qamrab olgan.

Fargʻona viloyatida axborot texnologiyalari sohasidagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Xususan, joriy yil viloyatda IT-Park rezidentlarini 200 taga hamda IT xizmatlar eksportini 50 million dollarga yetkazish koʻzda tutilgan.
Natijada ushbu yoʻnalishda yuqori daromadli ish oʻrinlari soni 2,5 mingdan ortishiga erishiladi. Shuningdek, ayni jarayonda frilanserlar, yaʼni doimiy ofisda ishlamaydigan, oʻziga oʻzi ish topib, turli mijozlar uchun mustaqil ravishda ishlab daromad topadiganlarni 6 ming 500 nafardan oshirish maqsad qilingani ham bejiz emas. Chunki endilikda mazkur yoʻnalish IT bozorida kichik, lekin qulay biznes sifatida eʼtirof etilmoqda.
—IT sohasida hozirgi kunga qadar qariyb 30 ta loyiham amaliyotga joriy etilib, bundan yaxshigina daromad ham oldim,—deydi frilanser Ulugʻbek Muhammadjonov.—Bu yoʻnalish biror bir kompaniyada rasmiy xodim boʻlmasdan ham internet orqali yoki shartnoma asosida bajariladigan ish uchun ulkan daromadga ega boʻlish imkonini beradi. Shu sababli Fargʻonada frilanserlik qilib yaxshi pul topayotgan mustaqil faoliyat yurituvchi yoshlar, talabalar, hatto maktab oʻquvchilari safi yildan-yilga kengayib borayotgani eʼtiborga sazovordir.

Ayni paytda xalqaro kompaniyalar uchun maxsus brendlar, sayt va ilovalar yaratish, ijtimoiy tarmoqlarni yuritish, turli taqdimot hamda loyihalar tayyorlash singari yoʻnalishlarda bir nafar frilanser oyiga oʻrtacha 1-5 ming dollargacha mablagʻ topish imkoniga ega.
Fargʻona viloyatini yurtimizda yirik IT markazga aylantirish uchun joriy yilda ham bir qator istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish maqsad qilingan. Misol uchun, viloyat markazida joylashgan Ekoshahar hududida Fargʻona raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt markazi - “Fergana Digital Hub” bunyod etilmoqda. Markazda yiliga 4 ming nafar yoshlar IT va sunʼiy intellekt yoʻnalishida oʻqitiladi.
Shuningdek, Epam, Cisco, Microsoft, Huawei kabi dunyo brendlari boʻlgan IT maktablari bilan faol hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, har yili xalqaro standartlar asosida 500 nafar malakali mutaxassis tayyorlash koʻzda tutilmoqda. Ezgu tashabbuslar doirasida yiliga 800 nafar bitiruvchi mahalliy va xalqaro mehnat bozorida ishga joylashtirilishi rejalashtirilgan.

Margʻilon shahrida Toshkentdagi Inxa universiteti kampusi, axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt laboratoriyasi tashkil etiladi. Jahon andozalari darajasida faoliyat koʻrsatuvchi kampusda axborot texnologiyalari, dasturiy injiniring, sunʼiy intellekt va kiberxavfsizlik yoʻnalishida bakalavr taʼlim dasturi boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi. Sunʼiy intellekt asosida ilmiy-amaliy hamda startap loyihalar ishlab chiqiladi. Bu xorijiy hamkorlik koʻlamini kengaytirish imkonini berishi bilan ham ahamiyatli.
Hozirgi kunda viloyatning har bir shahar-tumanida “IT-shaharcha”lar faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda. Zamonaviy markazlarda dasturlash, kiberxavfsizlik, ijtimoiy tarmoqlarni yuritish kabi oʻnga yaqin yoʻnalishlarda oʻquv kurslari tashkil etilayotir. Bu kurslar orqali yiliga 5 ming nafar yangi avlod vakillari kelajak kasblariga oʻqitiladi va oʻz biznesini boshlashga ragʻbatlantiriladi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring