Insofga kelishning fursati yetmadimi? Yana toʻylar haqida
Xalqimizda “Hammani toʻyga yetkazsin”, degan chiroyli ibora bor. Albatta, toʻylarimiz, shodu xurramlikda oʻtadigan kunlarimiz koʻpaysin, hammamizni toʻyga yetkazsin. Lekin toʻy quvonchli voqeadek oʻtsin, isrofgarchilikka sabab boʻlmasin.
Keyingi yillarda toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, turli maʼraka va marosimlar oʻtkazishni tartibga solish boʻyicha qonunchilikka tegishli oʻzgartirishlar kiritilib, qatʼiy maʼmuriy choralar belgilandi. Asosiy eʼtibor toʻy-maʼrakalardagi kim oʻzar poygalaru, isrofgarchiliklarning oldini olishga qaratildi. Lekin, shunga qaramay, dabdabali toʻy-hashamlar, mantiqsiz tantanalar kamaygani yoʻq.
Pandemiya sababli nooʻrin muhokamalar va eʼtirozlar, har xil tortishuvlarga barham berildi. Sinovli kunlar yigʻin va toʻylarni ham cheklashga majbur qildi. Bugun barcha marosimlar kamtarona, ortiqcha dabdabasiz oʻtkazilishi lozimligini hamma biladi. Maxsus komissiya qarori bilan toʻy-hashamlarni 30 kishilik, ixcham qilib oʻtkazishga ruxsat berildi. Shu kunlarda mazkur tartibga asosan toʻylar ixcham va ortiqcha isrofgarchiliksiz oʻtkazilmoqda. Toʻydan iqtisod qilingan mablagʻlar yosh oilani moddiy taʼminotini mustahkamlashga sarflanyapti. Ammo asta-sekin toʻylar yana kattalasha boshladi, bemaʼni xarajatlar, kim oʻzar oʻyinlar yana koʻpaya boshladi.
Tartib-qoidaga amal qilmasdan, tanish-bilishi, qarindosh-urugʻini koʻpligini bahona qilib, toʻyni 50-60, hatto 100 nafardan ortiq kishi bilan oʻtkazayotganlar oz emas. Bu haqda har kuni ijtimoiy tarmoqlarda nimagadir koʻzimiz tushadi, nimadir oʻqiymiz, eshitamiz. Toʻy-marosimdan keyin virus yuqtirganlar soni yana-da ortmoqda.
Toʻylarning kattalashishiga qanday omillar taʼsir etayotganini oʻylab koʻrishimiz kerak. Maʼlumotlarga koʻra, toʻyxonalar 30 kishilik toʻy oʻtkazish uchun ham katta narxlar qoʻyib olayotgan ekan. Toʻyxonalarning koʻpi xususiy, bunga eʼtirozim yoʻq. Lekin bu toʻyxona egasi xohlagan narxini belgilash imkoniga ega, degani emas-ku! Xoʻsh, narxlar qanday asosda belgilanyapti? Toʻyxonalarda narx belgilash boʻyicha jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarur.
Ayrim toʻyxonalarning egasi koʻproq mablagʻ topish uchun toʻy qiluvchi bilan kelishgan holda, 50-100 nafargacha odam uchun joy tayyorlayapti. Bu borada zimmasiga vazifa yuklatilgan tashkilotlar ishlashi, har bir hududga kirib borish kerak. Uzoqqa bormaylik, shu kunlarda poytaxtimizda 100 kishilik toʻy-marosimlar oʻtayotganini eshityapmiz. Masʼul tashkilotlar qayoqqa qarayapti?..
Toʻylar yana kattalashishiga xonandayu oʻrtakashlar ham aybdor, deb oʻylayman. Hozir toʻylarda ishtirok etuvchi artistlarning soni cheklanganiga qaramay, bunga ham amal qilinmayapti. Toʻyda karnay-surnaychilardan tashqari, bir guruh xonandalar navbatchilik qilyapti. Toʻy oʻtkazuvchi oʻzini koʻrsatishga urinish, maqtanish uchun 4-5 nafar “yulduzcha”larni ham chaqiryapti. Bu nafaqat ortiqcha xarajat, balki toʻyga keluvchilar, qiziquvchilar soni ortishiga ham sabab boʻlmoqda.
Yana bir masala — bizda toʻyxonalarning haddan tashqari katta qurilganida, deb bilaman. Ehtimol bundan keyin toʻyxona qurish uchun ruxsat berishda ularni cheklangan oʻringa va cheklangan hajmda boʻlishiga eʼtibor qaratish lozimdir. Sababi, oilalar tomonidan kimoʻzarga ish koʻrishlar koʻpayib borayotganining yana bir sabablaridan biri ham shunda aslida.
Biz bir narsani unutmaylik, katta toʻy oʻtkazish madaniyat, boylik belgisi emas, aksincha, maʼnaviy qashshoqlikdir. Shu boʻyicha doimiy tushuntirish ishlarini olib borishimiz, kamxarj toʻy qilganlarni, shunga ragʻbat bildirgan yoshlarni namunali oila sifatida targʻib qilishimiz zarur.
Dilorom IMOMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring