Imkonsizlikdan imkon topganlar

15:37 12 Sentyabr 2025 Jamiyat
110 0

Kambagʻallik imkonsizlik emas, bugun harakat qilgan borki, oʻz oilaviy daromadiga ega. Ilgari “Ayollar daftari” yoki “Yoshlar daftari”ga kirib, kasb-hunari orqali oyoqqa turganlar oʻzini kambagʻal deb hisoblamaydi. Koʻpincha kambagʻallik koʻp bolali oilalar, nogironlar va ishsizlarning maʼlum bir bosqichini anglatadi.

Keyingi yillarda yurtimizda bu sohada amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar samarasi natijasida mamlakat boʻylab kambagʻallik darajasi bosqichma-bosqich kamayib bormoqda. Andijon viloyatida ham aholini barqaror daromad manbaiga ega qilish, ijtimoiy tenglikni taʼminlash va har bir fuqaroga munosib hayot sharoiti yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Tabiiyki, bu xayrli ishlar xalqning hayotida ham oʻz ifodasini topmoqda. Masalan, Oltinkoʻl tumanidagi “Sadda” mahallasida 5 gektar yer maydonida issiqxonalar qurilib, “kambagʻal oilalar reyestri”da turgan 50 ta oilaga boʻlib berildi. Natijada bu oilalar doimiy daromad manbaiga ega boʻlib, qisqa vaqtda roʻyxatdan chiqarildi.

– Avval daromadimiz faqat kunlik ehtiyojni qoplashga yetgani uchun qiynalardik, – deydi shu mahallada yashovchi Sherzodbek Abduvaliyev. – Hozir issiqxonada yetishtirgan mahsulotimizni bozorga chiqarib, oyiga 2-3 million soʻm atrofida daromad topyapmiz. Bu nafaqat iqtisodiy-ijtimoiy hayotimizga, balki ruhiyatimizga ham ijobiy taʼsir koʻrsatyapti.

Asaka tumanida istiqomat qiluvchi Saodatxon Abdullayeva oilasi avval “qizil” toifaga kiritilgan edi. Uyda qoʻy va parranda parvarishi yoʻlga qoʻyilganidan soʻng bir yilda oila barqaror daromad manbaiga ega boʻldi.

– Ogʻilxona qoʻy qamab qoʻygan bilan daromad bermas ekan, – deydi Saodatxon Abdullayeva. – Unga ham qarov kerak. Mahalladan masʼullar biriktirilib, chorvachilik sirlarini oʻrgatishdi. Hozir uydagi tomorqa va qoʻylardan yillik 25–30 million soʻm atrofida mablagʻ ishlab topyapmiz. Bu daromadga yoʻnaltirish boʻyicha olib borilgan ishlar samarasidir.

Baliqchi tumanida yashovchi Yodgorbek Ibodov ishsizlik sababli roʻyxatga kiritilgandi. Keyin unga imtiyozli kredit ajratilib, kichik parrandachilik faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bugun u bir necha qoʻshnilarini ham ish bilan taʼminlamoqda.

– Ilgari kunlik daromadni qiynalib topardim, – deydi Yodgorbek. – Endi oʻzimiz ham, qoʻshnilarimiz ham ish bilan band. Yaxshi daromad topyapmiz. Mahalladagi muhit ham oʻzgardi.

Joriy yilda viloyatda kambagʻallik darajasi 9,5 foizni tashkil etgan boʻlsa, yil yakuniga kelib bu koʻrsatkich 6,6 foizga tushirilishi rejalashtirilgan. Hatto barcha imkoniyatlardan samarali foydalanish orqali bu raqamni 5 foizgacha kamaytirish imkoniyati mavjud. Bu bir yilda yuz minglab insonlarning turmush tarzi sezilarli darajada yaxshilanishiga zamin yaratadi.

Aytish joiz, “Kambagʻal oilalar reyestri”ga kiritilgan 60 ming 969 ta oilaning 7 ming 681 tasi “qizil” toifaga mansub. Ular orasida nogironligi boʻlganlar, boquvchisini yoʻqotganlar, yolgʻiz keksalar ham bor. Bunday oilalarga ijtimoiy xizmatchilar tomonidan doimiy yordam koʻrsatib kelinmoqda. Kambagʻallikdan chiqish yoʻlini topgan har bir oila, nafaqat, oʻz turmushi, balki mahalla va jamiyatning maʼnaviy muhitini ham oʻzgartirmoqda.

Saminjon HUSANOV

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?