Hokim: men kunni gazeta oʻqishdan boshlayman

09:13 25 Aprel 2025 Jamiyat
809 0

Foto: Arxiv surat

Dolzarb mavzu

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda ommaviy axborot vositalari rivojiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tashabbuslari bilan jurnalistlarga oʻz faoliyatlarini erkin amalga oshirishlari uchun barcha shart-sharoit yaratib berilyapti. Ular jamiyatimizda uchrab turadigan muammolarni dadil koʻtarib chiqishga ragʻbatlantirilmoqda. Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, bugungi kunda jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralikni rivojlantirish, davlat idoralari va ularning mansabdor shaxslari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, fuqarolarimizning qonuniy murojaatlarini oʻrganish hamda hal qilish borasida ommaviy axborot vositalari xodimlarining oʻrni va taʼsiri tobora ortib boryapti.

Shu jihatdan hokimlarning hudud rahbari, hukumatning ishongan vakili sifatida xalq bilan muloqot qilishi, bunda ommaviy axborot vositalaridan keng foydalanishi bugungi davr talabidir. Binobarin, odamlar biror muammoga duch kelsa, unga yechim izlab avvalo gazetaga murojaat qiladi. Mutasaddilarni shunga munosabat bildirishiga majbur etadigan, vijdonini uygʻotadigan vosita, bu — matbuot!

Shu oʻrinda barcha jurnalistlarga maʼlum boʻlgan bir faktni aytib oʻtish kerak — oʻz ish kunini gazeta oʻqishdan boshlashga odatlangan Erkinjon Turdimov hokim boʻlib borgan joyda doim matbuot rivojlangan. Navoiy viloyatida ishlagan chogʻlarida ham hududlardagi kamchiliklarni, odamlarni qiynab kelayotgan muammolarni gazetadan bilgan. Shuningdek, Surxondaryo va Samarqandda hokimlik paytlarida ham hatto viloyat, tuman gazetalarining obunasi sezilarli darajada koʻtarilgan. Sharoiti haminqadar binolarda ishlab yurgan jurnalistlarga “Matbuot uyi” qurib bergani uchun haligacha rahmatnomalar yogʻiladi.

Shu bois Erkinjon Turdimov Sirdaryo viloyatiga hokim etib tayinlanganida, eng avvalo, mahalliy jurnalistlar xursand boʻlishdi. Va bu koʻp oʻtmay oʻzini oqladi. Viloyatdagi tuman-shahar gazetalarining aksariyati moliyaviy muammo tufayli nashr etilmayotgandi. Joriy yilda bunga chek qoʻyilmoqda: “Nurli istiqbol”, “Yangiyer hayoti”, “Xovos ovozi”, “Yangi Mirzaobod” va boshqa faoliyati toʻxtab qolgan gazetalar yana chop etila boshlandi. Bunda, albatta, yangi rahbarning ilk kunlardanoq hududdagi ommaviy axborot vositalari, xususan, bosma nashrlarga boʻlgan katta eʼtibori asosiy omil boʻldi. Natijada tahririyatlarda faoliyatni tiklash uchun oz boʻlsa-da, moliyaviy imkoniyat yaratildi. Muassislar koʻmagida soliq va boshqa toʻlovlar boʻyicha yuzaga kelgan qarzdorliklarni uzishga ham alohida eʼtibor qaratildi. Matbuot sahifalarida felyeton, ocherk, esse kabi janrlar koʻrina boshladi. Hokim gazetada chiqqan har bir tanqidiy maqolaga oʻz munosabatini bildiradi. Muammoga yechim boʻladigan zarur choralar koʻriladi.

Chumchuqdan qoʻrqqan tariq ekmaydi

Abdulla Qahhordan bir vaqtlar bir katta amaldor “Meni ham yozing bir maqtab”, deb soʻraganida, Abdulla Qahhor unga “Siz xoʻrozqand emassiz... Asarlaringizni oʻzi himoya qiladi”, degan ekan. Jurnalist haqiqatni yozishi kerak, boʻlayotgan ishlarni yolgʻondan maqtasak, hech kim ishonmaydi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning oʻzlari ham har bir chiqishlarida yuqori minbarlardan turib, barcha sohadagi kamchiliklarni ochiq tanqid qilmoqda, matbuotni ham bunga chorlayapti. Viloyat rahbarlari ham mavjud kamchiliklarni joylarga chiqib, aholining oʻzidan ochiq eshitishiga undamoqda. Hozirgi kunda matbuotning dadillashi, oʻz nufuzini saqlab qolishi ziyoli hokimlar-u maʼnaviyat jonkuyarlariga bogʻliq. Ommaviy axborot vositalari shunchaki bir oddiy sohamas! Gazeta yopilib ketsa, xalqning manfaatini kim oʻylaydi?

“Xalq soʻzi” gazetasida bu borada koʻp chiqish qilingan boʻlsa-da, Oʻzbekiston jurnalistlar uyushmasi aʼzosi Muhammad Ali Ahmadning “Hurriyat” gazetasining joriy yil 23-aprel sonida eʼlon qilingan “Sirdaryoda gazetalarga eʼtibor kuchaymoqda, lekin...” sarlavhali maqolasida ham tuman-shahar gazetalarining aksariyatiga muassislari, yaʼni hokimliklarning matbuot kotiblari bosh muharrirlik qilayotgani tilga olingan. Holbuki, ushbu vazifada ishlayotganlarning deyarli barchasi boshqa soha mutaxassislari boʻlishi barobarida, bosma nashrlarni tayyorlash jarayonidan umuman bexabardir. Albatta, bunga birinchi navbatda, tuman-shaharlarda professional jurnalist kadrlar yetishmasligi sabab boʻlmoqda. Bu boradagi muammoning yana bir asosiy ildizi tahririyatlarning kafolatli maoshning yoʻqligi va borida ham juda kamligidir.

Qovun qovundan rang oladi

Oʻz boshpanasiga ega boʻlmagan gazetalar roʻyxati qatorida Buxoro viloyati hokimligi muassisligida chop etilayotgan “Buxoronoma”ni ham kiritish mumkin. 1920-yilda “Qutulish” nomi ostida dunyo yuzini koʻrgan, 105-yil davomida nomi bir necha bor oʻzgargan gazeta taassufki, haligacha tuzukroq bir binoga yolchigan emas. Vaholanki, Fayzulla Xoʻjayev, Abdurauf Fitrat, Qori Yoʻldosh Poʻlatov singari maʼrifatparvar jadid bobolarimiz viloyatning otaxon gazetasi sifatida el ogʻziga tushgan bu nashr poydevorini qoʻyishgan. Elimizning ardoqli farzandi Abdulhamid Sulaymonov, yaʼni Choʻlpon bu gazetaga bir muddat bosh muharrirlik ham qilgan. Gazeta xalqimiz uchun oshkoralik minbariga, maʼnaviyat koʻzgusiga aylangan. Bu dargohdan oddiy kishilardan tortib, isteʼdodli yoshlar, olim-u ziyolilarning qadami uzilmagan. Bugun esa gazeta tahririyati ahvoliga havas qilib boʻlmaydi. Joriy yilning 24-aprelida gazetamizda chop etilgan Oliy Majlis Senati aʼzosi Abdusaid Koʻchimovning “Avliyolar diyori, alplar yurti — Buxoro” maqolasida ham viloyatning otaxon gazetasi hisoblangan “Buxoronoma”, bor-yoʻgʻi 1000 nusxa atrofida chop etilayotgani, “Kogon hayoti”ning adadi 200 ta... Mahalliy amaldorlar ichida “Bizga gazeta-jurnallarning keragi yoʻq” deydiganlar koʻpayib borayotgani tanqid qilindi. Darhaqiqat, keyingi ikki-uch yil “Buxoronoma” va “Бухарские вестник” uchun ogʻir kechyapti. “Buxoronoma” adadi yaqinda arang ming nusxaga yetdi. “Бухарские вестник”da ahvol yanada mushkul. Viloyatda ikki milliondan ziyod aholi yashayotgani inobatga olinsa, shunday gazetalar borligidan xabardorlardan koʻra xabarsizlar oʻn, yuz hissa koʻp, deya achchiq oʻyga botasan, kishi.

Tahririyatning iqtisodiy ahvoli tang. Buyoqda ijara pulini toʻlash masalasi bor. Maosh miqdorini esa aytgani til bormaydi. Shu bois koʻplab jurnalistlar moyanasi durustroq ishlarning etagidan tutib ketishdi. Yosh qalamkashlar esa gazetchilik mashaqqatidan choʻchibmi yoki yoshi ulugʻroq hamkasblarining ahvolini koʻribmi, tahririyatga ishlagani oʻzlarida jurʼat topishmayapti. Bir paytlar Buxoro jurnalistika maktabi desa, ziyolilar koʻz oʻngida “Buxoronoma” (avvalgi “Buxoro haqiqati”) gavdalanadigan, hayot qaynab turgan goʻshada sukunat hukmron.

Sirasini aytganda, tuman gazetalarining ahvoli bundan-da battar. Buxoro tumani hokimligi muassis sanalgan “Galaosiyo ovozi” chop etilmayotganiga ikki yilcha boʻldi. Peshku, Gʻijduvon tumanlari gazetalari haqida ham shunga oʻxshash gapni aytish mumkin. Ayrimlari muharrirning saʼy-harakati bilan oyda bir bor chop etilyapti. Masalan, Qorakoʻl tumani gazetasi oyiga bir marta 502 nusxada oʻquvchilar qoʻliga yetmoqda. 170 ming aholisi boʻlgan tuman uchun bu koʻpmi yoki kam? Bu savolga tuman masʼullari javob izlab koʻrishar. Darvoqe, gazetalar ahvoli shu ekan, muassislar-chi, ular nega maʼnaviyat, maʼrifat koʻzgusi vazifasini oʻtaydigan oʻz nashrlariga shu qadar eʼtiborsiz?

— Tahririyatimiz uchun bino quriladigan boʻldi, koʻp yillik orzumiz ushal­yapti, deya suyundik, — deydi bir muharrir. — Ammo hokimimiz viloyat gazetasi binosiz ekanidan xabar topib, toʻnini teskari kiydi. “Viloyatda qilinmagan ishni qilsak, qanday boʻlarkin?” deb choʻchidi chogʻi ortga chekindi. Oʻrinli gap. Yon-atrofga qarasangiz, “Falonchi pora olibdi, pismadonchi oʻqituvchiga qoʻl koʻtaribdi” qabilidagi gap-soʻzlar quloqqa tez-tez chalinadi. Voyaga yetmaganlar oʻrtasidagi jinoyatchilikni-ku aytmay qoʻya qolaylik. Bularning barchasi gazeta-jurnal, kitob mutolaasidan uzoqlashib ketilgani oqibati emasmi? Maʼnaviyatsizlik, maʼrifatsizlik oqibatlariga oid misollardan esa istalgancha keltirish mumkin.

— Koʻplab oʻgʻil-qizlar ijtimoiy tarmoqlarga ipsiz bogʻlanib qolmoqda, — deydi gʻijduvonlik pedagog Nasiba Rustamova. — Internetdan oʻz bilimlarini oshiradigan maʼlumotlarni olishsa, bunga aslo qarshiligimiz yoʻq. Ammo aksariyat yoshlar kishining maʼnaviy dunyoqarashini buzadigan, axloqsizlikni targʻib etadigan, milliyligimizga yot axborotlar taʼsiriga tushib qolyapti. Bu koʻplab oilalarda gazetxonlik, kitobxonlik anʼanalari yoʻlga qoʻyilmagani oqibatidir.

Bir paytlar qishlogʻ-u mahallalarda gazeta-jurnal kirib bormagan xonadon boʻlmas edi. Choyxonalar-u sartaroshxonalarda davriy nashrlar turardi. Bejiz shunday yoʻl tutilmagan. Davriy nashrlar kuchli tarbiya vositasi sanaladi. Uni oʻqib borgan oʻgʻil-qiz oq-u qorani, yaxshi bilan yomonni taniydi. Yurtparvar, oilaparvar boʻlib oʻsadi. Buxoroda afsuski, tahririyat bilan nashriyotning, muharrir bilan muxbirning farqiga bormaydigan amaldorlar ham bor. Darvoqe, shu yilda viloyat hokimining OAV xodimlari bilan uchrashuvida qalamkashlardan biri Buxoroda matbuot uyi yoʻqligini, jurnalistlar tarqoq ishlab yurganini aytib eski yarani yangiladi. Hokim, oʻz navbatida, yangisi qurilgunicha (oʻzi qurilarmikan?) vaqtincha boʻlsa-da, bir bino ajratish uchun masʼullardan taklif kiritishni soʻradi. Oradan salkam ikki oy oʻtganini aytmasa, hozircha “muz” oʻrnidan jilgani yoʻq.

Tanganing ikkinchi tomoni...

Hozirgi kunda matbuotda koʻtarib chiqilayotgan biron tanqidiy masalaga masʼullarning javob yoki munosabat bildirgisi kelmaydi. Ayrim rahbarlar oʻz faoliyati matbuotda tanqid qilinsa ham qilt etmaydigan darajada beti qattiqlashib ketgan. Yoki bunga matbuotimiz soʻzining taʼsiri pasayib ketayotgani sababmikan? Har yili jurnalist tayyorlaydigan oliy dargohlar yoki maktablardan qancha jurnalist kadrlar yetishib chiqadi. Nega ularning hech biri tuman-shahar tugul, viloyat gazetasining muxbiri sifatida ham koʻrinish bermayapti? Bularning taqdiri kimnidir oʻylantiradimi? Bu borada yana bir muammo borki, yosh jurnalistlarning aksariyati bosma OAVda ishlashga tayyor emas. Vaholanki, bosma ommaviy axborot vositalarida ishlab, tahrirdan, tahlildan va albatta, soʻz sanʼatidan hamda ustozlardan amaliy saboq olgan borki, barcha ommaviy axborot vositalarida mahorat bilan faoliyat yuritish imkoniyatiga ega boʻladi. Taklif shuki, jurnalistikada oʻqiyotgan yoshlar amaliyot uchun koʻproq bosma OAVga yoʻllansa, albatta, ular kelajakda har jihatdan yetuk jurnalist boʻlib yetishadi. Jurnalist kadrlar yetishmovchiligi kuzatilayotgan hududlar uchun alohida kvotalar asosida talabalar qabul qilinsa, ular oʻqishni bitirgach maʼlum muddat aynan, oʻsha tuman-shaharlardagi bosma OAVda ishlashi joriy etilsa, maqsadga muvofiq boʻlardi. Biz dadil, oʻktam, yurt va millat egasi boʻlgan jurnalistikamizning kelajagini oʻylashimiz, matbuotimiz nufuzini qaytarish tarafdorimiz. Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Bugungi kunda matbuot ishi, jurnalistlar faoliyati nafaqat “toʻrtinchi hokimiyat”, balki mudofaa, xavfsizlik kabi hal qiluvchi sohaga aylanib bormoqda”.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер