Hech kim eʼtibordan chetda emas

18:33 03 Dekabr 2025 Jamiyat
261 0

Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”

3-dekabr – Xalqaro Nogironligi boʻlgan shaxslar kuni munosabati bilan poytaxtimizdagi “Tashkent City Mall” savdo-koʻngilochar markazida koʻrgazma tashkil etildi.

Tadbirda qatnashgan “Xalq soʻzi” muxbiri mamlakatimizda nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash va ularni ijtimoiy himoyasi borasida soʻnggi yillarda amalga oshirilgan ishlar bilan qiziqdi.

Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”

Koʻrgazmada Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufidagi maxsus maktablar, Muruvvat internat-maktablari, “Tabassum” ijodiy markazi, “Imkon” oʻquv-reabilitatsiya markazi, “Bilim Makon” innovatsion markazi hamda IIHUB – Xalqaro inklyuziv xab oʻz ijodiy ishlari, hunarmandchilik mahsulotlari va oʻquvchilarning loyihalarini namoyish etdi.

Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”

Tadbirga Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva ham tashrif buyurib, koʻrgazmadagi ishlar bilan yaqindan tanishdi va bolalar hamda yoshlar faoliyatini yuqori baholadi.

Tashrif buyuruvchilar mahsulotlarni xarid qilish orqali bolalar va yoshlarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash imkoniyatiga ega boʻldi.

Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”

Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot kotibi Dilfuza Roʻzmetovaning maʼlum qilishicha, soʻnggi yillarda nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash va ularni ijtimoiy himoya qilish boʻyicha bir qator islohotlar amalga oshirilgan.

Xususan, “Inson” markazi, ijtimoiy xodimlar, my.gov.uz portali va oilaviy shifokorlar orqali murojaat qilish imkoniyati yaratilgandan soʻng murojaatlar oyiga oʻrtacha 10 ming nafarga (yoki 36 foiz) oshgan.

Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”

2025-yil davomida 6 920 qurilish loyihasi majburiy ekspertizadan oʻtkazilgan va ularning 95 foiziga nogironligi boʻlgan shaxslar ehtiyojlariga mos talablar kiritilgan.

Chorrahalarda xavfsizlikni taʼminlash maqsadida 784 ta ovozli svetofor oʻrnatilgan, 160 ta koʻchada piyodalar yoʻlaklari qayta jihozlangan.

Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”

Kafolatlangan vositalar roʻyxati 18 tadan 38 taga kengaytirilgan, mablagʻlar 10 baravar oshirilgan. “Vaucher tizimi” orqali yetkazib berish muddati 60 kundan 14 kungacha qisqargan. 2025-yil davomida 112 ming nafar nogiron shaxs protez va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlangan.

Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”

Mehnat bozorida ham nogironligi boʻlganlar uchun inklyuziv muhit yaratilmoqda. Masalan, soʻnggi yillarda iqtisodiy faol nogiron shaxslar soni 3 barobarga oshib, 72 mingdan 214 ming nafarga yetgan. Bu borda alohida platforma – daw.ihma.uz ishga tushirilgan boʻlib, ish beruvchilar subsidiya va soliq imtiyozlaridan foydalanmoqda.

Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”

Ishtirokchilar va ularning oʻqituvchilaridan olingan qisqa intervyular jamlangan video-lavhani “Xalq soʻzi”ning Instagram sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Mashhura Alimardon, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?