Hayotni soddalashtiring, umrni bezang

10:29 16 Sentyabr 2025 Jamiyat
184 0

...Uzoq yillar xorijda mehnat muhojirligida boʻlgan bir tanishimiz nihoyat uyiga qaytdi. Farzandlarining toʻyini qilib, elga toʻkin dasturxon yozdi. Qozon-qozon osh damlandi. Toʻyga tashrif buyuruvchi guras-guras mehmonlarning allamahalgacha keti uzilmadi. Hatto, toʻy egasi ishlab qaytgan yurtdan ham mehmonlar keldi. Ular toʻy bahona yurtimizning goʻzal goʻshalarini obdan tomosha qilishibdi. Shundanmi, mehmonlar juda mamnun edi. Toʻy kuni esa ularning ogʻzi lang ochilib qoldi va ajablanishdi ham: “Buncha odam, buncha sarf-xarajat?!.” Chunki ular mezbon yigitning xorijda qanchalik qiynalib ishlagani, tiyinni tiyinga ulab daromad topganiga guvoh boʻlishgan edi-da! Va ulardan biri fikrini ochiqchasiga aytib qoʻya qoldi: “Sen ahmoq ekansan, shuncha qiynalib topgan pulingni bir kunda sarflab yubording-a!” Mehmonlardan maqtov kutgan hamyurtimiz mulzam boʻlib qoldi...

Bu hayotiy voqea har birimizni mulohazaga, mushohadaga undaydi. Xoʻsh, oʻtkinchi hoy-u havas, dabdabaga berilib, oʻzimizni abgor qilmayapmizmi?

Toʻgʻri, xalqimizning anʼanalari bisyor. Topganimizni baham koʻrish azaliy qadriyatlarimizdan. Ammo “Hamma narsaning ham ozi yarar, koʻpi zarar”, deydilar. Hukumatimiz tomonidan toʻylarni ixchamlashtirishga, isrofgarchiliklarning oldini olishga boʻlgan chaqiriqlar uzoq yillardan buyon davom etib keladi. Ammo biz-chi, hashamat, soxta obroʻ ortidan quvganimiz-quvgan, marradan esa darak yoʻq...

Dardni davolash uchun, birinchi navbatda, uni keltirib chiqargan omilni aniqlash zarur. Oʻzini koʻrsatishga oʻchlik va dabdababozlikka bizni nima undayotgani haqida chuqurroq oʻylab koʻrsak. Uning sabablari turlicha boʻlishi mumkin va har bir kishining bu savolga oʻz javobi bor. Ana shu sabablardan biri — oʻzidan qoniqmaslik kompleksi.

Zaif shaxsiyatni hasham ortiga berkitishga urinish

Oʻzidan qoniqmaslik kompleksi mashhur ruhshunos Alfred Adler tomonidan ilgari surilgan psixologik atama boʻlib, haddan tashqari raqobat va hatto tajovuzkorlikka ham undashi mumkin boʻlgan ichki qoniqmaslik hissi va ishonchsizlik tuygʻusi sanaladi. Misol uchun, vujudida hech qanday nuqson boʻlmasa-da, uzluksiz ravishda oʻzini noqis va xunuk hisoblashi oqibatida estetik amaliyotlarga bogʻlanib qolayotgan kishilar bugun dunyoning har yerida kundan-kunga koʻpayib bormoqda.

— Ruhiyatida oʻzidan qoniqmaslik kompleksi mavjud kishi oʻzini har doim boshqalardan kam va qadrsiz his qiladi, — deydi Qarshi davlat universitetining Psixologiya kafedrasi professori Xolmurod Karimov. — Natijada, bunday shaxs muttasil oʻzini oʻzgalar bilan qiyoslab yashaydi. Oʻzini hammadan past koʻradigan kishilar “men”ini, oʻzligini isbot qilish uchun koʻp chiranishadi. “Koʻrsatib qoʻyish” kayfiyati ularni zarurat boʻlmasa-da, hashamat va dabdabaga undaydi. Kuchli ruhshunoslar urgʻu berib aytadilarki: “Qayerda hashamat boʻlsa, u yerda zaiflik, noqislik bor”.

Mazkur kompleksni keltirib chiqaruvchi sabablar koʻp. Shulardan biri — ijtimoiy bosim. Misol uchun, goʻzallik, intellekt, boylik... masalalarida jamiyat belgilab olgan standartlar bu narsalari toʻkis boʻlmagan kishilarda yetishmovchilik hissini, noqislik kayfiyatini uygʻotishi mumkin.

Odatda, bu kompleksning kelib chiqishi kishining bolalik davrlariga borib taqaladi. Ota-onalarning farzandiga salbiy munosabati, namuna boʻlish, qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish oʻrniga, uni muttasil ravishda qoralash, boshqa bolalar bilan qiyoslash kabi “tarbiyaviy metod” bola shaxsiyatini buzadi. Unda ruhiy tushkunlik paydo qiladi. Qarabsizki, bu bola ertaga kim boʻlishidan qatʼi nazar, boshqalar tomonidan tan olinish va maqtalish ehtiyojini tuyib yashashga mahkum boʻladi.

Olimning gapida jon bor. Qulaylik, issiq-sovuqdan himoyalanish, ziynatlanish uchun emas, boshqalardan ustun koʻrinish uchun zaif shaxsiyatini hashamdor liboslar ortiga berkitishga urinadigan kimsalarni hayotda koʻp uchratamiz. Bundaylar ulov sotib olsa ham, ehtiyojiga koʻra emas, boshqalarga “koʻrsatib qoʻyish” uchun minishadi. Serhasham uyi ham, qarzga botib qilgan dabdabali toʻyi ham “uyalib qolmaslik”, “odamlar nima deydi?”, “kim degan odam boʻlamiz?” kabi andishalar tufayli, aslida... Lekin qachongacha?

Nega uyalish kerak?

Xolis nazar tashlasak, inson nima uchun uyalishi lozim oʻzi? Bor imkonini ishga solib, halol mehnat qilayotgan kishining boy emasligi uyatli ishmi? Odmiroq boʻlsa-da, toza-ozoda kiyinib yurgan inson eng soʻnggi modadagi kiyimlarga javonini toʻldirib tashlamayotgani uchun nega xijolat boʻlsin, axir?

— Jismoniy tarbiya darsi uchun sport kiyimi olib bera olmaganim tufayli qizimning kayfiyati tushib, mendan ranjib, arazlab qoldi, — deya kuyinadi farzandining tarbiyasi, kelajagini oʻylab qaygʻurayotgan ona Umida Moʻminova. — Bizning yoshligimizda bugun bolalarimiz ega boʻlib turgan imkoniyatlar, qulayliklar yoʻq edi. Ammo ularga oʻxshab arzimas narsalar uchun tushkunlikka tushavermasdik. “Qizim, oʻtgan yildan qolgan sport formangni kiyib tura qol, binoyidek turibdi” desam, “Yoʻq ona, yangisini olib berasiz, hammaning yangi formasi bor”, deya oyoq tirab turib oldi. “Bu oy chiqimimiz koʻp boʻldi, sport kiyimingni keyingi maoshdan olamiz” desam-da, koʻnmadi.

Unga astoydil tushuntirishga urindim: “Menga qara, qizim! Hayoting davomida shuni hech qachon esingdan chiqarma, oʻz shaxsiyatiga ega, mustaqil fikrli inson biror buyumi eski yoki oddiyroq boʻlgani uchun zinhor oʻzini aybdor, ezilgan his qilmaydi. Telefoni kimnikidandir arzonroq boʻlgani tufayli oʻzini noqis sanamaydi. Mashinasi unaqa emas, bunaqaligi uchun oʻzini oʻzi kamsitmaydi. Agar kimdir shu kabi sabablar tufayli oʻzini past, nochor his etayotgan boʻlsa, bu odam ruhan qashshoqdir. Nima olsa ham, nima qilsa ham, bu shuur uni hech qachon tark etmaydi. Oʻzgalarda bor narsalar unda boʻlmagani uchun oʻzini past sanab umri oʻtadi.

Sen uyaladigan ishga qoʻl urdingmi, oʻzingni aybdor sanasang? Oʻgʻrilik, nomussizlik, odobsizlik qilganmidingki, ezilasan? Agar bunday ishlardan yiroq ekansan, oʻzingni noqis sanashga hojat yoʻq, qizim, bu gaplarimni aslo unutma!” dedim.

U hech narsa demadi. Balki nasihatimni hozir qabul qilgisi kelmayotgandir. Ammo kerakli paytda kerakli soʻzlarni uqtirishdan charchamayman. Ongiga singishsin, vaqti kelib oʻzi tushunib yetar.

Farzandimga inson odobsiz boʻlsa, nomussizlik-gʻarlikdan, oʻgʻrilikdan uyalishi kerakligini aytdim. Biroq u jamiyatda, koʻcha-koʻyda gapimning tasdigʻini topa olarmikin? Axir, yoshlar kattalarga bemalol hurmatsizlik qilmoqda, lekin bu ishidan zarracha uyalayotgani yoʻq. Ammo telefonining rusumi eskiligidan esa orlanishadi.

...Ha, boylik, hashamat ortidan quvib, birovning haqiga tajovuz qilmayotgani, noqonuniy yoʻllarga oʻzini urmayotgani uchun shukrona keltirishi kerak inson, aslida. Axloqsizlik, oʻgʻrilik, firibgarlik, qalloblik va shu kabi sharmandali ishlarga qoʻl urib yurganlar uyalsin! Ammo afsuski, oʻlchovlarimiz oʻzgarib ketgan.

BMTning barqaror rivojlanish muammolarini hal etish yoʻllarini qidirish muassasalari tomonidan dunyoning eng baxtli mamlakatlarini aniqlash boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazib kelinadi. 2012-yildan buyon 150 dan ziyod davlatlar orasida olib borilayotgan izlanishlar natijasida dunyoning eng baxtli davlatlari roʻyxati maʼlum qilib turiladi. Ana shu roʻyxatda ikkinchi oʻrinni qoʻldan bermay kelayotgan davlat — Daniya. Bu yurt fuqarolarining baxtlilik siri oʻrganilganda, bir necha omillar aniqlangan. Shulardan biri, odamlar orasida oʻzaro bir-biriga nisbatan ishonch tuygʻusi borligi boʻlsa, yana bir muhim omil — aholi turmush tarzida oʻzaro raqobatning yoʻqligi ekan. Aholi jon boshiga yalpi ichki mahsuloti 56 ming dollardan ziyod boʻlgan Daniya aholisi anchagina mutavoze hayot kechirishi, jamiyat orasida serhashamlikka intilish, kimoʻzarchilik kayfiyati yoʻqligi eʼtirof etilgan...

Darvoqe, qoʻlimizda bori baxt uchun yetarli, aslida. Insonlarni baxtsiz, tushkun, sarson-sargardon qilayotgan narsa oʻz ehtiyojlari ortidan emas, oʻzgalar ega boʻlgan narsalarni-da qoʻlga kiritish uchun umr tugamaguncha tugamaydigan, magʻlubiyati aniq jangga oʻzlarini urayotganlaridir.

Isteʼmolchilikdan ishlab chiqaruvchilikka oʻtish payti keldi

Dabdababozliklarning yana bir sababi — hayotimizda isteʼmolchilik kayfiyatining ustunligi.

Sanoat rivojlanishi insonlarning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin qildi. Uning insoniyatga keltirgan foydalarini sanab tugata olmasmiz balki. Ammo Jaloliddin Rumiy taʼbiri bilan aytganda, “Har bir muyassariyatda mahrumiyat va har bir mahrumiyatda muyassariyat bor”. Yaʼni erishish boʻlgan joyda yoʻqotishlar ham boʻladi. Sanoatning insoniyatga taqdim qilgan manfaatlari barobarida, atrof-muhitni ifloslantirish kabi zararlari ham kam emas. Shu bilan birga, “isteʼmolchilar jamiyati”ning shakllanishida ham sanoat va marketingning roli katta.

“Isteʼmolchilar jamiyati” (consumer society) atamasi insonlarning ehtiyojlaridan koʻra, istaklarini qondirishga undaydigan va muntazam ravishda yangi mahsulotlar sotib olish tashviq qilinadigan jamoaviy hayot tarzini anglatadi. Bunday jamiyatda ishlab chiqarishdan koʻra, isteʼmolchilik avj oladi. Sotsiologlarning fikricha, “isteʼmolchi jamiyat”da kishilarning shaxsi va sotsial mavqei ham ega boʻlgan va isteʼmoldagi moli bilan baholanadi. “Isteʼmolchilar jamiyati” insonlarni uzluksiz ravishda yangi buyumlar sotib olishga va eskilarini chiqitga chiqarishga tashviq etadi. Ekologik muammolarga va ijtimoiy tabaqalanishga ham yoʻl ochadi.

Yuqoridagi taʼriflarni oʻqigan boʻlsangiz, bu tushunchalar bizning hayotimizga ham begona emasligi, balki turmush tarzimizda yaqqol aks etib turganini ilgʻagandirsiz. Oʻz-oʻzidan, mamlakatimiz aholisi isteʼmolchi boʻlishdan koʻra koʻproq ishlab chiqaruvchi jamiyatga aylanishi uchun nima qilish kerak, degan savol tugʻiladi. Fikrimizcha, buning uchun bir tomondan, tadbirkorlikni rivojlantirish lozim boʻlsa (shunday harakatlar avjida), boshqa tomondan, xalqimiz mafkurasini shakllantirishga jiddiy eʼtibor qaratish zarur. Odamlar koʻr-koʻrona ommaga ergashib emas, ongli ravishda qarorlar qabul qilib, oʻz hayot standartlarini belgilashga odatlanishsin. Shunchaki hashamat va dabdaba uchun sarflayotgan pullarini daromad keltiradigan boshqa ishlarga tikishga oʻtsin. Farzand toʻyi uchun bir necha oʻn millionlab pul sarflayotgan ota-onalar, toʻyni qisqa doirada ixchamgina oʻtkazib, qolgan pulni shu farzandining yaxshiroq taʼlim-tarbiya olishi uchun sarflashsa, yaxshimasmi? Yaxshiligini hamma biladi... Ammo biz toʻy uchun yigʻinamiz-u lekin bolamizga kitob olib berishga kelganda, tejamkor boʻlib qolamiz. “Shoshmay turgin” deb, boshqa muhimroq ishlarimiz borligini roʻkach qilamiz.

...Ijtimoiy tarmoqda bir ota oʻz tajribasini gapirib berayotganiga shohid boʻldim. Aytishicha, farzand toʻyi va shu kabi dabdabali marosimlar uchun ketadigan pullarni hisoblab, toʻy oʻrniga, bolasining kelajagi uchun, uning nomiga sarmoya yigʻib bormoqda ekan. Hozirda farzandining hisobidagi mablagʻi otasinikidan ancha koʻp emish... Oʻziga toʻq, iqtisodiy imkoniyatlari keng, dunyoning ancha-muncha mamlakatlarini koʻrgan, koʻplab xalqlarning hayot tarzlari bilan tanishgan bir doʻstimiz aytgan edi: “Biror nima olmoqchi boʻlsam, “shu menga kerakmi?”, deya oʻzimdan takror-takror soʻrab koʻraman. Shundan soʻng, koʻpincha oʻsha narsani olmayman. Chunki u aslida, zarurat yoki ehtiyoj emas, shunchaki xohish, oniy istak boʻlib chiqadi”.

Muammoning yechimi qayerda?

Darhaqiqat, inson gohida oʻzini tergab tursa, mantiqiy qarorlar qabul qilishga odatlanadi. Yetti oʻlchab, bir kesadigan boʻladi. Ego, yaʼni nafs degan jonivor jilovlab turilmasa, insonni inson boʻlib yashashga qoʻymaydi, chunki nafsning xohish-istaklari chegara bilmaydi. Uning talablarini qondirganimiz sari xotirjamligimizni yoʻqotib boramiz. Aksincha, inson qanchalik hayotini soddalashtirsa, shunchalik xotirjamlikka erishadi. Ilm-fanda taraqqiyotning choʻqqisiga chiqqan va egosini istalgancha erkin qoʻyib, maʼnaviy-ruhiy muammolar girdobiga yetarlicha botgan gʻarb olami ham endilikda halovatni oddiylikdan, yaʼni minimalizmdan qidira boshladi.

— Minimalizm — hayotning turli yoʻnalishlarida odmilik va ozi bilan qanoatlanishni asos qilib olgan hayot tarzi va falsafasidir, — deydi professor Xolmurod Karimov. — Bu mafkura, asosan, keraksiz ashyolardan va ortiqcha isteʼmoldan tiyilib, yanada mazmunli va maqsadli yashashga undaydi. Faqatgina buyumlar sonini ozaytirish bilan cheklanmay, ayni paytda hayot tarzi, dunyoqarash va munosabatlarda soddalashish, odmilashishga chaqiradi.

XX asrning oʻrtalarida oʻziga toʻq insonlar qimmatbaho matolardan tikilgan hashamdor kiyimlar, nafis zargarlik buyumlari va yaxshi turmush darajasi bilan ajralib turishga urinardi. XXI asrga kelib badavlat shaxslar, jumladan, milliarderlar va yirik kompaniya egalari oʻrtasida oddiylik va ekologik jihatdan isrof etmaslik odati paydo boʻldi. Oddiy matolardan tikilgan kiyimlar kiyish, yaltir-yultir bezaklardan qochish va mahsulotlarni ongli ravishda isteʼmol qilish trendi tarqala bordi. Shu tariqa yuqori mavqega ega boʻlgan odamlar atrof-muhitga kamroq zarar yetkazish haqida ham qaygʻura boshladi. Bu esa ortiqcha materializmdan xalos boʻlishni anglatar edi. Zero, fransuz yozuvchisi va jurnalisti Antuan de Sent-Ekzyuperi aytganidek: “Mukammallikka qoʻshiladigan narsa qolmaganda emas, balki olib tashlanadigan hech narsa qolmaganda erishiladi”.

Kamtarona hayot bizga nima beradi? Misol uchun, dijital minimalizm texnik vositalardan ongli ravishda foydalanishni targʻib qiladi. Maqsad — texnik vositalardan mutlaqo voz kechish emas, aksincha, ulardan hayot sifatini oshirish uchun unumli tarzda, maʼlum oʻlchov va meʼyorda foydalanishdir. Imkon qadar kamroq ishlatib, ana shu meʼyorni topib olish xayol faromushligi, ekranga tobelik va muttasil diqqat tarqoqligining oldini oladi. Xotiringizni jamlashga va ish unumdorligini oshirishga yordam beradi. Ushbu ixchamlashtirish, soddalashtirish falsafasi meʼmorchilikda, uy jihozlash, vaqtni taqsimlash, gap-soʻzda, xullas, hayotning har jabhasida amal qilish mumkin boʻlgan taʼlimotdir. Hatto, insonlar bilan munosabatlarda ham aks etishi mumkin. Misol uchun, sizga zarar keltirishi mumkin boʻlgan munosabatlardan voz kechasiz va yanada mazmunliroq, foydaliroq munosabatlar oʻrnatasiz. Natijada mablagʻingiz, vaqtingiz tejaladi. Stresslar ozayib, xotirjamlik ortadi.

Demak, hayotimizni boʻrttirib koʻrsatish, moda ketidan quvish va hokazo isrofgarchiliklarga hojat yoʻq. Biz buyum yigʻishning oʻrniga ilm olish, tajriba orttirish hamda shaxsiy rivojlanishga koʻproq vaqt va sarmoya ajrata olsakkina, izlaganimizni topamiz. Baxt-u saodat, boylik, ruhiy xotirjamlik, obroʻ-eʼtibor — bularning bari vositalarda emas, balki oʻzimizda. Ha, oʻzimizda! Insonni eng yuksak nuqtada koʻrish ishtiyoqi bilan yashagan va ijod qilgan buyuk gumanitar shoir Alisher Navoiy ikki satrda bir olam maʼnoni jamlagan:

Oʻz vujudingga tafakkur aylagil,

Har ne istarsen oʻzungdin istagil.

Gʻolib BAHROMOV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер