Gullar shahrida asal bayrami
Namanganga bahorda keling, uygʻonish faslidan darak bera boshlagan chechaklar ogʻushida tantana qilinadigan xalqaro gullar festivali oʻziga chorlaydi, kuzda tashrif buyursangiz, anʼanaga aylangan asal anjumanining ustidan chiqasiz. Bugun ekologik toza va xushtaʼm mahsulotning dunyoviy targʻibotiga aylangan xalqaro asal festivalining navbatdagi tadbirlariga start berildi. Viloyat markazidagi “Afsonalar vodiysi” tematik parkida toʻrtinchi bor oʻtkazilayotgan oʻziga xos bayramga respublikamiz viloyatlari hamda qoʻshni Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Rossiya, Xitoy davlatlaridan kelgan 150 dan ziyod asalarichilar jamlangan.
Ushbu nufuzli anjumanning Namanganda oʻtkazilishi bejiz emas. Gap shundaki, viloyatda isteʼmol bozorini ekologik jihatdan toza oziq-ovqat mahsuloti bilan toʻldirishda oʻz oʻrniga ega boʻlgan mazkur soha jadal rivojlanib bormoqda. Bu yerda ayni paytda jabhaning toʻrt mingdan koʻproq mehnatchilari tomonidan 348 ming asalari uyasi parvarishlanyapti. Joriy yilning oʻtgan toʻqqiz oyi davomida ular tomonidan 1500 tonnadan ortiq mahsulot yetishtirildi. Mamlakatimizdan eksport qilinayotgan asalari paketlarining oʻttiz foizi namanganliklar hissasiga toʻgʻri kelayotir.
Namangan viloyati hokimligi, Turizm qoʻmitasining xududiy boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan festival sohada innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda sanoatlashtirish, xalqaro tajriba almashuv platformasini yaratish, mavjud muammolar yechimini topishga yoʻnaltirilgan boʻlib, uch kun davom etadi. Erta tongdanoq odamlar bilan gavjumlashgan bogʻda tajribakorlar koʻrgazmasi tashkil etilib, asalarichilik mahsulotlari namoyish qilinmoqda. Ular orasida bir qator xorijiy asalarichilarning koʻrgazmasi ham bor.

— Namanganning gullar oʻlkasi ekanligini yaxshi bilamiz, asalari esa avvalo guldan bol oladi, — deydi Xitoyning Sandun provinsiyasidan tashrif buyurgan ishtirokchi Jo Li Li. — Shundan bu yerda dunyo asalarichilari toʻplanayotganidan ajablanmasa ham boʻladi. Bizning ushbu sohaga ixtisoslashtirilgan fabrikamiz bor. Asalarilarni oʻzimiz parvarishlaymiz, olinadigan mahsulotni tabiiy holicha ixcham idishlarga qadoqlab, asosiy qismini eksportga chiqaramiz. Mehnat jamoamiz ishni ilmiy asosda tashkil etish boʻyicha katta tajriba orttirgan. Uni xalqaro anjuman qatnashchilari oʻrtasida ommalashtirishni maqsad qilganmiz. Bugun Namanganga olib kelgan mahsulotlarimizni koʻpchilik suyib xarid qilmoqda.
Maʼlumki, tabiiy ozuqa, aytaylik, togʻ gullari bilan oziqlanadigan asalari bolining taʼmi boshqacha boʻladi. Qoʻshni Qirgʻiziston asalchilarining bu boradagi imkoniyatlari katta. Namangan shimolida joylashgan Nanay mahallasiga yondosh qirgʻiz qishlogʻi Podshootadan kelgan Safarbek Toʻraliyev tashkil etgan koʻrgazma ishtahani qitiqlaydigan tiniq asal, shuningdek, dorivorlik darajasi yuqori boʻlgan gul changi, asalari suti va boshqa mahsulotlar bilan toʻla.
— Uch yuzdan ortiq qutida asalarilarim bor, — deydi bu ishni oilaviy biznesga aylantirgan S. Toʻraliyev. — Ularni uyimizdan uncha uzoq boʻlmagan Chotqol togʻi etaklarida boqamiz. Hududda shifobaxshligi bilan ajralib turadigan gul va giyohlar juda serob. Ular changidan yigʻilgan boldan toʻplangan asalning qadr-qimmati baland. Yiliga 5-6 tonna mahsulot olamiz. Eksportning oʻzidan topadigan daromadimiz 20 ming dollarga yetadi. Namangan festivaliga anchagina ekologik jihatdan toza, betakror taʼmga ega boʻlgan shifobaxsh neʼmatni olib keldim. Unga mahalliy tadbirkorlar tomonidan katta qiziqish bildirilayotgani festival davomida qator manfaatli shartnomalar tuzilishiga umid uygʻotmoqda.

Aytish kerakki, 2,5 mingga yaqin xorijiy, 10 mingdan ortiq mahalliy sayyohlar tashrifi kutilayotgan festival tashkilotchilari anjuman dasturi har jihatdan mazmunli madaniy, ilmiy-amaliy tadbirlar, katta konsert va shou tomoshalari, oʻzaro manfaatli kelishuvlarga boy boʻlishini koʻzda tutgan. Namangan ahli va mehmonlar birinchi kunning oʻzidayoq biri-biridan boy koʻrgazmalar bilan tanishdi. Koʻpchilik asalning oʻziga xos xususiyatlari haqida batafsil bilib olgan boʻlsa, boshqalar chiroyli idishlarga qadoqlangan shifobaxsh neʼmatni mamnuniyat bilan xarid qildi. Anjuman doirasida boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi, hunarmandchilik koʻrgazmasi va sport musobaqalari uyushtirildi.
Qudratilla NAJMIDDINOV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Oʻzbekistonda narkojinoyatlar soni 5 yilda 103 foizga oshdi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring