Fuqaro avtomobilidan 1 268 dona sifatsiz alkogol topildi

13:06 25 Fevral 2026 Jamiyat
265 0

Chortoq tumanida sifatini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan alkogol mahsulotlari toʻxtatib qolindi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Unda aytilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chortoq tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Tekshiruv davomida fuqaro X.M.ning boshqaruvidagi “Changan” rusumli avtotransport vositasi koʻzdan kechirilgan. Maʼlum boʻlishicha, avtotransport vositasi yuk xonasida 24 turdagi 1 ming 268 dona sifatini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan alkogol mahsulotlari borligi aniqlangan.

Surishtiruvlar davomida mazkur sifatsiz alkogol mahsulotlari sotish maqsadida Qoʻqon shahridan Chortoq tumaniga olib kelingani aniqlanib, tezkor tadbir xodimlari tomonidan ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?