Fazo uzoqdek tuyular, lekin unga yetaklaydigan yoʻl yerda

16:21 19 Mart 2026 Ilm-fan
252 0

Foto: «Xalq soʻzi»

Raqamli texnologiyalar vazirligida boʻlib oʻtgan davra suhbatida bir qarashda texnik koʻringan masala kosmik sohaning rivoji — aslida jamiyatning kelajagi bilan chambarchas bogʻliq ekani yana bir bor yaqqol namoyon boʻldi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi hamda “Oʻzbekkosmos” agentligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu uchrashuvda deputatlar, “Oʻzbekkosmos” agentligi, Fanlar Akademiyasi masʼullari, olimlar, oliy taʼlim muassasalari tadqiqotchilari, soha mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Muloqot davomida mamlakatda kosmik texnologiyalarni hayotga tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar va oldinda turgan vazifalar atroflicha tahlil qilindi.

Foto: «Xalq soʻzi»

Soʻnggi yillarda kosmik maʼlumotlardan foydalanish yangi bosqichga koʻtarildi. Ayniqsa, Yerni masofadan zondlash orqali qishloq xoʻjaligida yer holatini kuzatish, suv zaxiralarini boshqarish, shaharsozlik va kadastr sohalarida aniq tahlillar oʻtkazish imkoniyatlari kengaydi. Amalda sunʼiy yoʻldosh tasvirlari orqali suv omborlaridagi oʻzgarishlar kuzatilmoqda, yer maydonlari tahlil qilinmoqda, favqulodda holatlarni erta aniqlash tizimi yoʻlga qoʻyilmoqda.

Bu oʻzgarishlar ortida aniq reja va tizimli yondashuv turibdi. Qonunchilik bazasi ham bosqichma-bosqich mustahkamlanmoqda. Yangi normativ hujjatlar sohani tartibga solishda muhim oʻrin tutmoqda. Bu esa davlat idoralari oʻrtasida hamjihatlikni kuchaytirmoqda.

Davra suhbatida eng koʻp muhokama qilingan masalalardan biri — mamlakat tarixida ilk bor sunʼiy yoʻldoshni fazoga uchirish va milliy fazogirni tayyorlash tashabbusi boʻldi. Bu gʻoya oddiy loyiha boʻlibgina qolmay, u millatning ilmiy salohiyati va orzularini ifoda etuvchi muhim qadam sifatida baholandi.

— Bugun kosmos faqat ilmiy maydon emas, u iqtisodiyotning ajralmas qismiga aylanmoqda. Milliy sunʼiy yoʻldosh va fazogir tayyorlash orqali biz nafaqat texnologiyalarni oʻzlashtiramiz, balki yoshlar qalbida katta maqsadlarga ishonch uygʻotamiz, — dedi “Oʻzbekkosmos” agentligi direktori oʻrinbosari M. Ibrogimov.

Foto: «Xalq soʻzi»

Tadbirda bildirilgan ushbu fikrda katta maʼno bor. Chunki fazogir parvozi bu nafaqat bir insonning fazoga chiqishi, balki butun millatning ilmga boʻlgan ishtiyoqi va kelajakka ishonchi ifodasidir. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qoʻmitasi aʼzosi Sh. Sharafutdinov ham bu borada oʻz munosabatini bildirdi.

— Kosmik sohani rivojlantirish bugungi kunda davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Bu yoʻnalishda qonunchilik asoslarini yanada mustahkamlash orqali barqaror va samarali tizim yaratish asosiy vazifalarimizdan, — dedi deputat.

Darhaqiqat, katta orzular mustahkam poydevorga tayanadi. Qonunchilik, institutsional tizim va ilmiy baza oʻzaro uygʻunlashgandagina bunday yirik loyihalar samara beradi.

Davra suhbati yakunida bildirilgan fikr va takliflar shundan dalolat beradiki, mamlakat kosmik sohada yangi bosqichga qadam qoʻymoqda. Bu yoʻl oson emas. U bilim, mablagʻ, sabr va qatʼiyat talab qiladi. Biroq eng muhimi — yoʻnalish aniq. Bir qarashda fazo uzoqdek tuyular, lekin unga yetaklaydigan yoʻl yerdan, bugungi qarorlar va harakatlardan boshlanadi.

Ulugʻbek ROʻZIMATOV, (“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер