Faol hayot sari qadam

Samarqand tumanidagi 74 ta mahallada yolgʻiz yashovchi, oʻzgalar parvarishiga muhtoj, nogironligi boʻlgan fuqarolar “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida qamrab olingan. Ularga uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam berish, qarab turish, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya va shaxsiy yordamchi xizmatlari koʻrsatilmoqda.
Shu oʻrinda yakka tartibdagi tadbirkor Xumora Joʻraqulova tomonidan kunduzgi qatnov asosida qarab turish markazi tashkil etilib, oʻzgalar parvarishiga muhtoj shaxslar uchun 5 turdagi yangi xizmatlar yoʻlga qoʻyilgani ham eʼtiborga molikdir.
— Mamlakatimizda hech kim eʼtibordan chetda qolgani yoʻq, — deydi Ravonak mahallasida yashovchi Dilnoza Sattorova. — Turmush oʻrtogʻim vafot etgan, qizim turmushga chiqib ketgan. Qarovchim yoʻq, endi kunimni qanday koʻraman, deb turganimda menga yordam qoʻlini choʻzadiganlar topilganidan xursand boʻldim. Mahalladagi ijtimoiy xodim Gulruh Naimova holatimni oʻrgandi va koʻmak koʻrsata boshladi.
“Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida yolgʻiz yashovchi nogironligi boʻlgan shaxs sifatida roʻyxatga kiritilgan D.Sattorovaga qish mavsumida sarflanadigan elektr energiyasi uchun kompensatsiya puli toʻlandi, chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, sanatoriyga yoʻllanma berildi.
Shu tariqa tumanda ijtimoiy xizmatlardan foydalanuvchilar, faol hayotga qadam qoʻyayotganlar soni ortib bormoqda.
Oqdaryo tumanidagi Loyish mahallasida tashabbuskor tadbirkor tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida nogironligi boʻlgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati tashkil etildi. Ushbu muassasaning ochilishi munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshligʻi Sherali Yuldashev, Oqdaryo tumani hokimi Sherzod Qudratov, nuroniylar hamda ota-onalar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Aytib oʻtish joizki, bunday ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish koʻlamini kengaytirish orqali oilalarning bandligi hamda mehnat qilishi uchun imkoniyat va sharoitlar yaratiladi, bolalarning esa ijtimoiylashuviga erishiladi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Tuman va shahar hokimi oʻrinbosarlari soni qisqartiriladi
- Oʻzbekiston terma jamoasi Quvayt bilan 2 ta oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring