Yer uzum, osmon uzum...

20:02 18 Avgust 2020 Jamiyat
7882 0

Quyoshning oltinrang shuʼlasi asadning shamolini olib, sargʻaygan shoda-shoda uzumlar donalarida akslanadi. Uzoqroq termulib qolsangiz, ishkomdan goʻyo nur yogʻayotgandek yoki novvot tomchilayotgandek tasavvur uygʻotadi.

Beixtiyor xayolingizda xalqimizning ardoqli shoiri, Oltiariq zamini farzandi Erkin Vohidovning:

Oftob mashshotasi

Tok sochini nurdan tarab,

Zangining boʻyniga osmish

Shodai marjon uzum.

Toqi ishkom misli osmon,

Har taraf yulduz sochur.

Voh ajab, bu ne sinoat,

Yer uzum, osmon uzum,

degan goʻzal misralari jonlanadi.

Darhaqiqat, misoli yeru osmonni toʻldirib, shodai marjon boʻlib osilib turgan Oltiariq uzumlarini koʻrgan har bir insonda hayratu havas joʻsh urishi turgan gap.

Shohimardon daryosining hayotbaxsh irmoqlaridan, billurday toza jilgʻalardan toʻyinib suv ichgan uzumlarning har donasi bosh barmoqdek kelib, ogʻzingizga solsangiz, shirinligi tilni yoradi.

Bu — tuproqqa taʼzim qilib, undan duru gavhar undirayotgan oltiariqlik bobodehqonlarning yer bilan tillashish va dillashish hadisini olganidan. Zero, Oltiariqning tuprogʻi — zar, dehqoni — zargar, deb bejiz aytishmaydi.

Elimizning rizq-nasibasini yaratuvchi mirishkorlarda uzumning “Husayni”, «Rizamat ota», “Kelin barmoq”, «Mers», «Shohonak» singari oʻnlab navlarini parvarishlash boʻyicha juda katta hayotiy tajriba bor. Abduvohid Mirzajonov, Ibrohim Rahimov singari xalq seleksionerlari serhosil, ertapishar, kasalliklarga chidamli navlarni oʻzaro payvandlash orqali eksportbop uzum navlarini yana-da takomillashtirishga erishdi. Aytgancha, bir necha yillar oldin oʻzbek olimi tomonidan yaratilgan «Rizamat ota» navi aynan oltiariqliklarning saʼy-harakati bilan bugun jahon bozorida eng xaridorgir va qimmat narxda sotiladigan uzumga aylandi.

Ayni paytda tumanda yiliga oʻrtacha 50 ming tonna uzum yetishtirilib, uning 65-70 foizi Rossiya, Qozogʻiston, Belarus, Birlashgan Arab Amirliklari singari mamlakatlarga eksport qilinadi. Oltiariqlik tadbirkorlar — Hokimnazar Mamatov, Adhamjon Abdurahmonov uzumni Yevropa, arab davlatlariga eksport qilishni yoʻlga qoʻyish harakatida yurishibdi. Usta bogʻbon Isaqjon Boymatov Hindistondan olib kelgan uzum navini mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish boʻyicha tinmay izlanmoqda.

Husanjon Gʻofurov uzumni bahor faslida ham ishkomda tabiiy holida saqlaydi, uning xonadoni goʻyoki ochiq osmon ostidagi muzey. Aslida uning tadbirkorligiga qoyil. Ayni pishiqchilik paytida kilosini oʻrtacha 10 ming soʻmdan sotish mumkin boʻlgan uzumni u mehnati evaziga maʼlum muddat saqlab, qish-qirovli, bahorning ilik uzildi kunlarida 30-35, baʼzan 100 ming soʻmgacha sotadi.

— Uzum tokdan uzilmay turgani sari sharbatga toʻlib, xuddi asal, novvot, qandga oʻxshab qoladi. Tabiiy darmondorilarga rosa toʻyinadi, — deydi Husanjon aka. — Toʻgʻri, tumanda 60 ming tonna sigʻimga ega meva-sabzavot saqlaydigan 70 ta muzlatgichli omborxona bor. Lekin uzumni istagan paytda tokdan qoʻl bilan uzib olib yeyishning rohatiga nima yetsin!

Hayot shiddati oltiariqliklarni ham dehqonchilikka ilm bilan yondashib, innovatsion gʻoyalarni tatbiq etishni taqozo etayotgani ayni haqiqatdir. Prezidentimizning Fargʻona viloyatiga amalga oshirgan tashriflari chogʻida belgilangan vazifalar doirasida tumanda minglab gektar yerlarda uzumchilik plantatsiyalari barpo etilyapti. Anʼanaviy xoʻraki navlar bilan birga kishmish, mayizbop uzum navlarini ekishga ham alohida eʼtibor qaratilyapti. Jahon bozorini nari borsa toʻrt-besh oy emas, yil — oʻn ikki oy uzum bilan taʼminlash maqsadida istiqbolli biznes-rejalar ishlab chiqilyapti.

Yashash yaxshi, yaxshi yashash undan ham yaxshi. Yaxshi yashash uchun esa yerdan tortib, quyoshgacha — hammasi kerak, barchasi zarur. Buni oʻz vaqtida anglab yetgan oltiariqliklar koʻz ilgʻamas olis samolardan moʻjizalar kutib yashashga odatlanmagan. Ular moʻjizalar shundoqqina qoʻl uzatsa ushlab olish mumkin boʻlgan joyda — oʻzining oilasida, tomorqasida sidqidildan qilingan mehnatda ekanligini juda yaxshi biladi. Hamma gap ana shunda.

Yilning toʻrt faslida ham yelkasidan ketmoni, qoʻlidan gulqaychisi tushmaydigan oltiariqliklar mehnatiga taʼzimdamiz!..

Botir MADIYOROV
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?