Endi Sirdaryoda ham kulolchilik bor
Uch yildirki, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Sirdaryo ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internatida oʻquvchilarga badiiy kulolchilik yoʻnalishi boʻyicha nazariy-amaliy taʼlim berilmoqda. Mazkur mashgʻulotlarni badiiy kulolchilik mutaxassisligi fani oʻqituvchisi Jasur Ergashev olib borayotir.
Shu oʻrinda bu yosh mutaxassisni Sirdaryo viloyatiga milliy kulolchilik boʻyicha hunarmandchilikni hamda ushbu sohaga oid taʼlimni olib kirgan ilk kulol-oʻqituvchi deyish mumkin. Chunki, bungacha viloyatda badiiy kulolchilik mutaxassisligi fanidan dars beradigan mutaxassis yoʻq edi. Jasur Ergashev Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn institutida tahsil olgan. Shu bilan birga u yurtimizning usta kulollaridan sohaning koʻp sir-asrorlarini oʻrganib borayotir.
— Hozirda 10 nafar oʻquvchiga kulolchilik boʻyicha dars beryapman, —deydi J. Ergashev. — Oʻylaymanki, yaqin yillarda ular malakali kulol boʻlib yetishadi va viloyatimizda mazkur sohaning ana shuncha ustasi faoliyat boshlaydi. Natijada tez orada Sirdaryoda milliy hunarmandchiligimizning noyob yoʻnalishlaridan biri hisoblanmish kulolchilik boʻyicha ham koʻplab ustaxonalar, tadbirkorlik subyektlari paydo boʻladi.

Shuningdek, mazkur maktab-internatda oʻquvchilar dastgohli rangtasvir rassomi, interyer dizayni, haykaltaroshlik, yogʻoch oʻymakorligi, badiiy kashtachilik, naqqoshlik, libos dizayneri kabi oʻzlari qiziqqan koʻplab mutaxassislik fanlari boʻyicha taʼlim olmoqda.
Eʼtiborlisi, ushbu oʻquv maskanining joriy yilgi bitiruvchilarining bari, yaʼni 16 nafari davlat granti, 12 nafari toʻlov- kontrakt asosida nufuzli oliy taʼlim muassasalari talabalari boʻldi.
Ahmadali ShERNAZAROV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- “Soxta tetiklikning haqiqiy halokati”: energetik ichimliklarning sekin, ammo muqarrar yiqitish jarayoni haqida
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring