Ekspertlar guruhi imzo varaqalarini tekshirishda davom etmoqda
Ekspertlar guruhi siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirishda davom etmoqda. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, ekspertlar guruhlari tarkibi Markaziy saylov komissiyasi, Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi, “Nuroniy” jamgʻarmasi, X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hamda Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillaridan iborat.
Siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining toʻgʻri toʻldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan besh kunlik muddatda tekshiriladi. Saylovchilar imzolari zarur sonining kamida oʻn besh foizi va imzo varaqalariga imzolarini qoʻygan saylovchilar toʻgʻrisidagi tegishli maʼlumotlar tekshirilishi lozim.

Tekshirish uchun saylovchilarning har bir siyosiy partiyani yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni qoʻllab-quvvatlab berilgan imzolari bir xil miqdorda, har bir maʼmuriy-hududiy tuzilmadan (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahridan) teng nisbatda tanlab olinadi.
Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhini tuzishi mumkin. Ekspert guruhi tarkibiga ichki ishlar organlarining, adliya organlarining mutaxassislari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etiladi. Imzo varaqalarini tekshirishda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ishtirok etadi.

Agar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tanlab olingan imzo varaqalarining chorak qismidan koʻprogʻini tekshirish natijasida imzo varaqalari qonun buzilgan holda tuzilganligi aniqlansa, mazkur imzo varaqalari siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga qaytariladi va unga kamchiliklarni bartaraf etish uchun ikki kunlik muddat beriladi.
Agar qoʻllab-quvvatlovchi shaxslarning (saylovchilarning) imzolari soni belgilangan eng kam miqdordan yana oz boʻlib chiqsa, mazkur imzo varaqalari toʻligʻicha haqiqiy emas, deb topiladi. Mazkur holda Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaga saylovda ishtirok etish huquqini rad etadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Toshkent – Samarqand pullik yoʻli qurilishi 2 milliard dollardan ziyodga baholanmoqda
- Toshkentda tunnel devori oʻpirilib tushdi
- Bir asrlik tarixga guvoh bino taqdiri
- Prezident raisligida videoselektor yigʻilishi boshlandi
- Toshkentda Butunjahon isteʼmolchilar huquqlari kuni munosabati bilan matbuot anjumani oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring