Ekilgani emas, koʻkargani hisob

19:03 19 May 2022 Jamiyat
745 0

Foto: Illustrativ foto

Har yili bahor va kuz mavsumida mamlakatimiz boʻylab millionlab mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekiladi. Bu yaxshi anʼana, albatta. Ammo yerga qadalgan bu koʻchatlar joyida ildiz otib koʻkarib ketdimi? Parvarishi bilan kimdir shugʻullanyaptimi?

Gapning ochigʻi, ilgari mana shu jihatlar koʻpincha eʼtibordan chetda qolib ketar va bu haqida soʻz ochishdan tiyilardik. Agar yillar davomida ekilgan koʻchatlar vaqtida sugʻorilib, agrotexnika talablari asosida parvarishlanganda edi, allaqachon yurtimizning asosiy qismi yashillikka burkangan, har qadamda bogʻ-rogʻlarga roʻbaroʻ kelmogʻimiz tayin edi. Biroq, achchiq haqiqat shuki, ekilgan koʻchatlar hisobi yuritilib kelindi, xolos.

Xorazm viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda masalaning ana shu jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi. Joriy yil bahor mavsumida 9 million 87 ming dona koʻchat va qalamchalar ekilib, belgilangan reja 100,3 foizga bajarildi.

— “Yashil makon” elektron platformasiga viloyat hududida ekilgan barcha mevali va manzarali daraxt koʻchatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritildi, — dedi Xorazm viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshligʻi Atabek Qilichev. — Maxsus mobil ilova orqali koʻchatlarning fotosuratlari, geolokatsiyalari joylashtirildi. Mevali va manzarali daraxt koʻchatlarini parvarish qilish ishlari uchun jamoat ishlari jamgʻarmasi hisobidan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan jami 480 nafar vaqtincha ishsiz fuqarolar jalb qilindi.

Viloyat hududida 2022-2024-yillar davomida 124 gektar maydonda yashil bogʻlar va 145 gektar maydonda yashil jamoat parklarini barpo etish koʻzda tutilgan boʻlib, bugungi kungacha ushbu maydonlarga 265 ming tup daraxt koʻchatlari ekildi. Viloyatning har bir shahar va tumanida bittadan namunaviy “Ekologiya koʻcha”lari tashkil qilindi.

Orolboʻyi mintaqasida joylashgan Xorazm sharoitida hududlarni koʻkalamzorlashtirishda eng asosiy masala suv taʼminoti bilan bogʻliq. Shunga koʻra ekilgan koʻchatlarni sugʻorish uchun qarib 1,5 ming km uzunlikdagi kanal va ariqlar tozalandi, 118 ta nasos taʼmirlanib, 46 tasi yangidan oʻrnatildi. 28 ta yer osti suvi chiqarish quduqlarida burgʻilash ishlari bajarildi. Koʻchatlarini vaqtida sugʻorish ishlariga shahar va tumanlar obodonlashtirish boshqarmalaridan 128 nafar ishchi-xodim biriktirildi.

Yana bir eʼtiborga molik yangilik, Xorazm viloyatida Turkiya bilan hamkorlikda «in-vitro» usulida hujayradan koʻchat yetishtirish loyihasi amalga oshirildi. Bu yerda eng sara navlarga mansub koʻchatlar yetishtirilmoqda.

— Laboratoriyamiz yiliga 5 million dona intensiv usulda rivojlanadigan koʻchatlarni yetkazib berish quvvatiga ega, — deydi turkiyalik investor Aydin Lol. — Loyihaning birinchi bosqichida mahalliy bozor uchun koʻchatlar yetishtirish, keyingi bosqichda esa ularning bir qismini eksportga yoʻnaltirish koʻzda tutilgan.

Yangi koʻchatlarni ekish barobarida koʻkka boʻy choʻzib, barq urib turgan daraxtlarning noqonuniy kesilishi holatlariga yoʻl qoʻymaslik ham dolzarb masala. Qonun hujjatlariga muvofiq, mahalliy davlat hokimiyati organlariga daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnomalar Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining hududiy boshqarmalari xulosasi asosidagina berilishi mumkin. Joriy yilda noqonuniy daraxt kesish holati boʻyicha Xorazm viloyatida 88 ta holat aniqlangan boʻlib, shundan 87 holatda maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan va 114 million soʻm jarima belgilangan.

Biz doʻppisida suv tashib boʻlsa ham daraxt koʻkartirishga odatlangan xalqmiz. Zotan, muqaddas dinimiz ham Yer yuzini obod qilishga buyurgan. Paygʻambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam koʻchat ekishga targʻib qila turib, bunday deganlar: “Agar qiyomat boʻlib qolsa va birontangizning qoʻlida xurmo daraxti boʻlsa, bas, uni ekib olsin” (Imom Buxoriy rivoyati).

Shunday ekan, ona sayyoramizda tiriklik, hayot bardavomligini taʼminlovchi yashillik olamini asrab-avaylab, kelajak avlodlarga yetkazish har birimiz uchun ham farz, ham qarzdir.

Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?