Dorivor giyohlar – daromad manbai
Qamashi tumanida faoliyat yuritayotgan “BBU – Azamat” xususiy korxonasi dorivor giyohlar yetishtirish va eksport qilish sohasida nafaqat viloyat, balki mamlakatimizdagi eng ilgʻor subyektlardan biri hisoblanadi. Oʻtgan 2025-yilda korxona tomonidan 860 tonna gulxayri guli, 798 tonna shirinmiya bargi hamda 2 tonna boʻtakoʻz guli yetishtirilgan. Ushbu mahsulotlarning bir qismi korxona tasarrufidagi maydonlarda yetishtirilgan boʻlsa, qolgani hududdagi xonadonlarga tegishli tomorqalarda parvarishlangan.
– Oʻtgan yili tumanning Chim, Sarbazor hamda Qoʻshkapa mahallalaridagi jami 1200 ta xonadon tomorqalarida dorivor giyohlarni yetishtirdik, – deydi korxona ish yurituvchisi Iskandar Saidov. – Natijada mazkur xonadonlardagi 2500 nafar kishi ushbu yumush bilan shugʻullanib, yaxshi daromad olishdi.

Taʼkidlash joiz, bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida 612 mingta xonadon ixtiyorida 66 ming gektardan ortiq tomorqa yerlari mavjud. Bu albatta, qoʻshimcha daromad manbalari yaratish uchun juda katta imkoniyat. Ammo hamma ham tomorqaga ekin ekib, undan samarali foydalanishni uddalay olmaydi. Bunga koʻp hollarda ularning maʼlum bir mahsulotni yetishtirish borasida yetarli tajribaga ega emasligi, qolaversa, yetishtirilgan mahsulotni kimga va qay tartibda realizatsiya qilishda aniq rejasi yoʻqligi sabab boʻlishi sir emas.
“BBU – Azamat” xususiy korxonasi tomonidan dorivor giyohlarning urugʻi yetkazib berilib, zarur agrotexnik yordamlar koʻrsatilishi, yetishtirilgan hosilni esa yana korxonaning oʻzi sotib olishi hududdagi tomorqachilar uchun ham ayni muddao boʻlmoqda.
Xonadon sohiblarining aytishicha, 1 sotix maydonda gulxayri yoki shirinmiya bargi yetishtirish orqali, oʻrtacha 8,5-9 million soʻm atrofida sof foyda olish mumkin. Agar tomorqangizdagi besh sotix yerda dorivor giyohlarni parvarishlasangiz, bu bir mavsumida 42-45 million soʻm atrofida daromad degani.

– Bir necha yildan buyon ushbu korxona bilan hamkorlikda dorivor gullar yetishtirish bilan shugʻullanib kelayapmiz, – deydi tumanning Chim qishlogʻida yashovchi Matluba Nazarova. – Ekini ekkanimizdan soʻng korxona agronomlari tez-tez kelib, uni parvarishlash boʻyicha maslahatlarini berib borishadi. Biz uchun eng muhimi esa, hosil tayyor boʻlganida soʻng uni oʻzlari avvaldan kelishilgan shartnoma boʻyicha sotib olishadi.
Ahamiyatli tomoni, tabiiy sharoitda, issiq quyosh taftida yetishtirilgan dorivor giyohlarga xorij bozorlarida talab yuqori. 2025-yilda “BBU – Azamat” xususiy korxonasi tomonidan jami 3 million dollarlik dorivor giyohlar yetishtirilgan boʻlsa, shuning 2,3 million dollarlik qismi Yevropa davlatlariga eksport qilingan.

Joriy yilgi mavsumda korxona jamoasi yetishtiriladigan dorivor giyohlarning turini ham, hajmini ham oshirish, eksport koʻrsatkichini esa 3,5 million dollarga yetkazishni maqsad qilishgan. Provardida esa bu yil tomorqasida dorivor giyoh yetishtirib, yaxshi daromad topadigan xonadonlar soni yana 800 taga ortadi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring