Buvaydada noyob qushlar parvarishi oilaviy tadbirkorlikning daromadli yoʻnalishiga aylanmoqda

16:18 06 Fevral 2026 Jamiyat
266 0

Buvayda tumanidagi “Ingʻirchoq” mahallasida yashovchi Zohidjon Egamberdiyev xonadoni tabiatning moʻjaz bir olamini eslatadi. Bu hovlida oʻnlab turdagi noyob qushlar va naslli tovuqlar parvarishlanadi. Oila aʼzolari uchun bu faqatgina qiziqish emas, balki barqaror va serdaromad tadbirkorlik faoliyatiga aylangan.

Bolalikdan tabiatga mehr qoʻygan Zohidjon aka uch yildan beri qush va tovuq parvarishi bilan jiddiy shugʻullanib kelmoqda. Ayni paytda moʻjazgina hovlida Italiya bedanasi, Turkiya toʻtisi, Osiyo saʼvasi kabi dunyoning turli davlatlaridan keltirilgan oʻnlab noyob qush turlari mavjud. Qish mavsumida qushlar soni 100 bosh atrofida boʻlsa, yoz oylarida ular 500 tagacha yetadi.

Xonadon sohibining taʼkidlashicha, birgina qush yil davomida 15–18 tagacha polapon boqib chiqaradi. Fargʻona viloyatining Qoʻqon va Margʻilon shaharlarida tashkil etilgan qush bozorlarida uch oylik polaponlar 500–600 ming soʻmdan, bir yoshli qushlar esa oʻrtacha 1,2–1,5 million soʻmgacha baholanadi. Eng noyob va kamyob qushlarning ayrim turlari esa 2–3 ming AQSH dollarigacha sotilayotgani ham bor.

— Ijtimoiy tarmoqlarda qush savdosi juda xaridorgir, — deydi tabiat shaydosi. — Shu bois ixtisoslashgan sahifalarni doimiy kuzatib boraman. Yurtimizning qaysi hududiga xorijdan noyob qush keltirilsa, borib koʻrish va sotib olishga harakat qilaman. Chunki xonadonimizda qushlarni tabiiy hamda sunʼiy usulda koʻpaytirish yoʻlga qoʻyilgan.

Eʼtiborlisi, xonadonda Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy va boshqa davlatlardan keltirilgan 20 ga yaqin noyob tovuq zotlari ham parvarishlanadi. Naslli tovuqlar mahalliy zotlar bilan chatishtirilib, natijada ayrim tovuqlar kuniga 2 tagacha tuxum bermoqda. Bozorda bunday tuxumlarning bir donasi 15–20 ming soʻmga baholanadi. Tovuq joʻjalari 60–80 ming soʻmdan, katta tovuqlar esa 350–400 ming soʻm atrofida sotilmoqda.

Tinib-tinchimas xonadon sohibi oʻz hovlisida moʻjaz inkubatsiya sexi ham tashkil etgan. Bu yerda buyurtma asosida oyiga 100 boshga yaqin naslli joʻjalar tayyorlanib, xaridorlarga yetkazib beriladi. Bunday qush va tovuqlarga boʻlgan talab mamlakat boʻylab yuqori.

— Qushlar sayrashi insonni tinchlantiradi, qalbga halovat baxsh etadi, — deydi Zohidjon aka suhbat asnosida. — Ular allaqachon mening mitti doʻstlarimga aylangan. Har bir qushning sayrashi betakror, bolasiga boʻlgan mehri esa ajoyib.

Tovuqlar ham oʻz naslini himoya qilishda gʻoyat ehtiyotkor va gʻururli. Har bir guruh oʻz hududini asrab, begona jonzotni yaqinlashtirmaydi.

Mahalla raisi Erkinjon Qosimovning aytishicha, bugungi kunda mahalladagi aholini noyob qush va tovuq parvarishiga jalb etish boʻyicha amaliy ishlar boshlangan. Xususan, mazkur xonadonda ochirilgan joʻjalar qoʻshnilarga tarqatilib, parvarish va emlash boʻyicha mahorat darslari oʻtkazilmoqda.

Aytish joiz, hozirda “Ingʻirchoq” mahallasidagi 1034 ta xonadonda qariyb 6 ming nafar aholi istiqomat qiladi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер