Buxoro amiriga sovgʻa qilingan durbin

12:56 02 Oktyabr 2025 Jamiyat
343 0

Buxoro davlat muzey–qoʻriqxonasi qoshida Ark oʻlkashunoslik muzeyi faoliyat koʻrsatmoqda. Tariximiz, madaniyatimiz ixlosmandlari uchun bu yerda 2500 dan ziyod eksponat namoyish etilmoqda. Ular orasida durbin ham bor. “Buxoro xorijiy sayyohlar nigohida” deb nomlangan ekspozitsiyadan oʻrin olgan bu antiqa uskuna tarixiga nazar solish uchun XIX asrning 40-yillarini yodga olishga toʻgʻri keladi.

– Oʻsha yillar Rossiya imperiyasi va Buxoro amirligi munosabatlarida muhim davr boʻldi, – deydi Buxoro davlat pedagogika instituti Ijtimoiy fanlar kafedrasi oʻqituvchisi, muzeyshunos Sherali Joʻrayev. – 1841–1842-yillarda Konstantin Fyodorovich Butenyov boshchiligidagi rus ekspeditsiyasi Buxoroga keladi. Bu safar tarixda “Butenyov elchiligi” nomi bilan mashhur. Ayrim manbalarga koʻra, missiyaning asosiy maqsadi Afgʻoniston va Eron orqali Turkistonga kirib kelishga intilayotgan Angliya taʼsirini cheklash, Buxoro bilan Rossiya oʻrtasida iqtisodiy va siyosiy aloqalarni mustahkamlash, oʻlkaning yer osti boyliklari hamda geologik tuzilishni oʻrganish, shuningdek, savdo-sotiq va diplomatik munosabatlar boʻyicha maʼlumotlar toʻplashdan iborat edi.

Tarkibida sharqshunos olim N.V. Xannikov ham boʻlgan ekspeditsiya ishtirokchilari toʻplagan maʼlumotlar keyinchalik “Gornыy jurnal” sahifalarida eʼlon qilingan. Rossiyaning Markaziy Osiyoga oid ilmiy tasavvurini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etgan.

Butenyov Amir Nasrullaxon bilan uchrashadi. Muloqot davomida unga sovgʻa-salom, jumladan, jumladan Yevropada ishlab chiqarilgan durbin tuhfa qiladi.

– Durbinning tashqi qismi koʻk fonda, unda yashil va sariq bargsimon, oʻsimlik tasvirli naqshlar ishlangan, – deya davom etadi Sh. Joʻrayev. – Uning toʻrtta asosiy qismi bir-birining ichiga kiritilgan holda yasalgan boʻlib, koʻrish qismi maxsus moslama bilan yopiladi. Optik tuzilishiga kelsak, buyumning linzalari yon-atrofni kattalashtirib koʻrish imkonini bergan. Muzey eksponatida shunday linzalardan ikkitasi saqlangan. Eng qiziq jihati – uning korpusida “W. ASHMORE / DAY or NIGHT / LONDON” degan yozuv borligidir.

Buyum toʻliq holda saqlanmagan, oxirgi qismi yoʻqolgan. Manbalarga koʻra, durbinning metall rezvalik tomoniga yogʻochdan yasalgan yakuniy asosiy qism ulangan. XIX asrda Angliyaning W. Ashmore fabrikasi ishlab chiqargan bunday durbinlar odatda dengizchilar yoki sayohatchilar uchun moʻljallangan. U bunday turdagi buyumlarning qoʻlda oson koʻtarib yuriladigan, koʻchma turiga mansub. Koʻproq umumiy kuzatish va yoʻnalish olish maqsadida ishlatilgan. Asosiy qismi jez yoki latundan yasalgan boʻlib, charm yoki yogʻoch qoplamasi bilan bezatilgan.

Muzey eksponati bilan biror bir obyektni koʻrish hozir imkonsiz. Tasvir tushunarsiz va xira. Bunga balki durbinning barcha qismi saqlanmagani sababdir. Odatda, oʻsha davrda tayyorlangan durbinlar tasvirni 3-10-martagacha kattalashtirib koʻrish imkoniyatini taqdim etgan. Bundan taxmin qilish mumkinki, mazkur toifadagi durbinlarning uzoqni koʻrish masofasi 5 kilometrgagacha boʻlgan.

Muzeyshunos taʼkidlaganidek, salkam 200-yillik tarixga ega bu eksponat XIX asrdagi diplomatik aloqalarni yorituvchi qimmatli tarixiy ashyo hisoblanadi.

Istam IBROHIMOV

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер