“Bir kunlik firmalar” yoki soliqlardan qochishning oʻzga shakli

Mamlakatimizda soliqqa tortish va bojxona-tarif tizimini tartibga solish samarali tizimini shakllantirish boʻyicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Bunga birgina misol sifatida xorijiy amaliyotni oʻz ichiga qarmab olgan holda toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan hujjat sifatida yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi qabul qilindi.
Bozor munosabatlarining bugungi rivoji hamda insofli tadbirkorlik subyektlarini himoya qilish zarurati iqtisodiy sohadagi qonunga xilof harakatlarga qarshi kurashishni, “xufyona iqtisodiyot”ning shakllanish mexanizmlarini qayta koʻrib chiqishni, shu jumladan soliqdan qochish bilan bogʻliq jinoyatlarni aniqlash boʻyicha tizimli ishlarni kuchaytirishni ham talab etmoqda.
Jinoyat maqsadi doim bir boʻladi uning shakli esa oʻzgarib turadi.
Masalan, soliqlar yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlash maqsadida “Bir kunlik firmalar” faoliyati rivojlana boshlagan.
Xususan, muayyan bir bitim (operatsiya) uchun tashkil etilgan, tadbirkorlikning aniq maqsadlari mavjud boʻlmagan hamda ushbu bitim natijasida soliqdan qochishga moʻljallangan jamiyat ‒“Bir kunlik firmalar” hisoblanadi.
Qayd etish lozimki, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga asosan ‒“Bir kunlik firmalar”ga taʼrif berilmagan.
Qonunga xilof harakatlar davlat va jamiyat manfaatiga yetkazilgan zarar uchun soʻzsiz jazo muqarrar. Jumladan:
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 174-moddasiga asosan soliq olinadigan foydani (daromadni) yoki boshqa obyektlarni qasddan yashirish (kamaytirib koʻrsatish) yoxud soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlashdan qasddan boʻyin tovlash bilan bogʻliq qilmish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 barobari miqdorida jarima;
Oʻzbekiston Respublikasining jinoyat kodeksining 184-moddasiga asosan soliqlar yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlash bilan bogʻliq jinoyatlar ogʻirligiga qarab bazaviy hisoblash miqdorining 150 dan 600 barobarigacha jarimalar, 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari
va 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazo turlari nazarda tutilgan.
Shuningdek, mazkur moddaning toʻrtinchi qismiga asosan birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs 30 kun ichida soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar, shu jumladan penyalar va boshqa moliyaviy sanksiyalar tarzida davlatga yetkazilgan zararning oʻrnini toʻliq qoplasa, javobgarlikdan ozod qilinishi nazarda tutilgan.
Mazkur sohada xorijiy davlatlar tajribasi oʻrganilganda, soliqlar yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlash bilan bogʻliq jinoyatlar xorijiy davlatlarda ham mavjudligi va unga qarshi kurashish maqsadida turli xil qonun hujjatlari qabul qilinganligi aniqlandi. Xususan:
Rossiyada 2011-yilda 4,5 mln. yuridik shaxslarning deyarli 50%
“Bir kunlik firmalar” hisoblangan. 2011-yilda jinoyat kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlar (173.1, 173.2-moddalar) natijasida ularning soni umumiy yuridik shaxslarning 15 foizgacha kamaygan.
Federal soliq xizmati tomonidan “Bir kunlik firmalar” deb amalda qaror qabul qilishga mustaqilligi va tadbirkorlikning aniq maqsadlari mavjud boʻlmagan, odatda roʻyxatdan oʻtkazish manzilida manzili aniq koʻrsatilmagan yuridik shaxslarni taʼriflagan.
Mazkur qilmish uchun Jinoyat kodeksining 173.1 va 173.2-moddalarida
100-500 ming rubl (65,0 mln. soʻm) jarima, 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari va 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazo turlari nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, Jinoyat kodeksining 173.1 va 173.2-moddalarida nazarda tutilgan qilmish uchun davlatga yetkazilgan zararning oʻrni toʻliq qoplanishi javobgarlikdan ozod qilish uchun asos hisoblanmaydi (27.12.2018-y. FQ-533-son Federal Qonuni);
Germaniyada “Bir kunlik firmalar” bilan kurashishda ishonchli tashkilotlarning “Savdo reyestri” tuzilgan. “Savdo reyestri”ga kiritilmagan jamiyat bilan bitim tuzish bank va soliq organlarida shubhali operatsiya deb tan olinadi va uni oʻrganish uchun asos hisoblanadi.
Shuningdek, “Soliqlar toʻgʻrisida”gi Qonunga asosan (§§ 7-14 AStG), Germaniya kompaniyasi tomonidan tuzilgan bitimning kontragenti Germaniya fuqarosi boʻlmasa, soliq bazasi shubhali past boʻlsa yoki uning manzili aniq boʻlmasa, ushbu bitim soliq idoralari tomonidan tekshirishga asos boʻladi;
Shvetsiya va Yangi Zelandiyada ishonchli va shubhali korxonalar boʻyicha “oq” va “kulrang” roʻyxatlar yuritiladi;
AQSHda 1962-yilda Konstitutsiyaga kiritilgan oʻzgartirishlarga asosan faoliyat yuritish uchun jamiyatlarga tegishli boʻlgan barcha mablagʻlarni (ofshor zonalarida ham) soliq hisobotida koʻrsatish lozim boʻladi.
Shuningdek, “Xorijiy kompaniyalarni nazorat qilish toʻgʻrisida”gi Qonun bilan (Controlled foreign company, CFC) xorijiy kompaniyalar bilan shartnomalar imzolash va mablagʻ oʻtkazish faoliyati tartibga solingan.
Mazkur qonunda, jamiyatga tegishli qimmatbaho qogʻozlarni boshqa jamiyatlar oʻrtasida mayda-mayda foizlarga boʻlmaslik, bir bitim boʻyicha oʻrtada ishtirok etuvchi jamiyatlar sonini (zanjirni) koʻpaytirmaslik
va boshqa shartlar koʻrsatilgan.
Shveysariyada “Bir kunlik firmalar” bilan kurashishda “Soliq toʻgʻrisida”gi Qonunning 21-moddasiga asosan soliq organlari bitim boʻyicha yoki boshqa shubha tugʻdiradigan maʼlumotlar paydo boʻlganda kontragent (ikkinchi taraf) jamiyatning joylashgan manzilini, ishchilari mavjudligini, ularning sonini, mehnat shartnomasini, shuningdek aksiyadorlar, taʼsischilar va ijrochi rahbarining yashash manzillari toʻgʻrisida maʼlumotlarni soʻrab olish huquqiga ega;
Shveysariya va AQSH oʻrtasida “Bir kunlik firmalar”ga barham berish maqsadida “Kanalli yondashuv” nomli kelishuv imzolangan. Bunda, ikki davlat oʻrtasidagi barcha operatsiyalar boʻyicha jamiyatlarning oxirgi taʼsischisigacha boʻlgan maʼlumotlarni olish huquqi berilgan.
Mazkur kelishuv Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OESR) tomonidan ijobiy baholangan.
Xulosa qilib aytganda, soliqlar yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlash maqsadida tashkil etilgan “Bir kunlik firmalar”ga qonunchilikda aniq taʼrif berish, ushbu jamiyatlarni aniqlash boʻyicha qoʻshma tavsiyalar ishlab chiqish hamda “Insofli tadbirkorlar reyestri”ni ishlab chiqish natijasida noinsof tadbirkorlik faoliyatining oldini olish boʻyicha zarur choralari koʻriladi.
F.Nazarov,
Adliya vazirligi Ijtimoiy-iqtisodiy sohada huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish boshqarmasi bosh maslahatchisi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
- Xorijiy tillarni oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlarga “2+6” dasturiga muvofiq subsidiya ajratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring