Bahrayn chempioni “Andijon”ga munosib raqibmi?

10:21 22 Oktyabr 2025 Sport
130 0

22-oktyabr kuni “Andijon” klubi Osiyo Chempionlar Ligasi 2-turnirining 3-turi doirasida Bahraynning “Al-Xaldiya” jamoasi bilan kuch sinashadi.

Keling, ushbu jamoa haqida biroz toʻxtalib oʻtamiz.

Hozirgi paytda “B” guruhida “Al-Xaldiya” ikki turdan soʻng 4 ochko jamgʻarib, peshqadam boʻlib turibdi. Ilk turda Qatarning “Al-Ahli” jamoasi bilan 0:0 hisobida durang oʻynagan boʻlsa, ikkinchi turda Turkmanistonning “Arkadag” klubini 2:0 hisobida magʻlub etgan.

“Al-Xaldiya” Andijonga safari oldidan milliy chempionatning 5-tur doirasida “Baxrayn SK” jamoasini qabul qildi va raqibni 4:0 hisobida tor-mor keltirdi. Hozirgi paytda 5 ta oʻyinda 3 gʻalaba va 2 magʻlubiyat qayd etgan holda 9 ochko bilan 5-oʻrinda bormoqda.

“Al-Xaldiya” jamoasi bor-yoʻgʻi 5-yillik tarixga ega boʻlib, 2020-yilda tashkil etilgan.

Jamoaga muxlislar tomonidan “Lions of Bahrain” (“Baxrayn sherlari”) degan nom berilgan.

“Al-Xaldiya” oʻz uy uchrashuvlarini Riffa shahrida joylashgan “Bahrayn Milliy” stadionida oʻtkazadi. Ushbu maydon 24 ming nafar muxlisni sigʻdira oladi.

Jamoa tashkil etilganiga koʻp boʻlmagan boʻlsa-da, bir qator sovrinlarni qoʻlga kiritgan. Oʻtgan yili Bahrayn Qirol Kubogi sohibi boʻlgan boʻlsa, undan avvalgi ketma-ket ikki yil davomida mamlakat chempioni boʻlgan. Umuman olganda, “Al-Xaldiya” hisobida 5 ta sovrin bor — ikki marta Qirol Kubogi, ikki marta mamlakat chempionligi va bir marta Superkubokni qoʻlga kiritgan. Klub 2021-yildan beri har mavsum sovrin yutmoqda.

“Al-Xaldiya” shu vaqtga qadar Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan oʻtkaziladigan rasmiy musobaqalarda 20 ta oʻyin oʻtkazgan. Ulardan 10 tasida gʻalaba qozongan, 5 ta bahs magʻlubiyat bilan yakunlangan, 7 ta uchrashuvda esa durang qayd etilgan.

Jamoani hozirda 1981-yilda tavallud topgan mahalliy mutaxassis Ali Ashur boshqarmoqda.

U 2014-yildan buyon katta klublarda faoliyat olib bormoqda. Bungacha turli yillarda Bahraynning “Budayya”, “Al-Najma”, “Al-Riffa”, “Manama SK” hamda Quvaytning “Quvayt SK” jamoalarida ishlagan.

Jamoa tarkibida hozirda braziliyalik Gleyson Moreyra, kongolik Joel Beya, marokashlik Saifeddine Buxra, germaniyalik Anas Uaxim kabi mahoratli futbolchilar toʻp surmoqda.

“Al-Xaldiya”da legionerlarga katta eʼtibor qaratilgan — jamoada 13 nafar xorijlik futbolchi bor. Ular orasidagi eng qimmat futbolchi marokashlik himoyachi Ayub El Amlud boʻlib, uning “Transfermarkt” saytidagi bahosi 800 ming yevroni tashkil qiladi. U shu yilning avgust oyida jamoaga qoʻshilgan.

Shuningdek, bu jamoa tarkibida bir vaqtlar “Soʻgʻdiyona” muxlislariga yaxshi tanish boʻlgan serbiyalik himoyachi Filip Ivanovich ham yarim mavsum faoliyat yuritgan.

Eslatib oʻtamiz, Osiyo Chempionlar Ligasi 2-turnirining 3-turidan oʻrin olgan “Andijon” – “Al-Xaldiya” oʻyini 22-oktyabr kuni boʻlib oʻtadi. Uchrashuv soat 18:45 da start oladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер