Badiiyat olami

15:10 24 Fevral 2025 Madaniyat
451 0

Sirojiddin RAUF

* * *

Huvillagan yurak, huvillagan uy...

Qumsoat qumlarin elamas, ajab!

Olis xayollarga bandi boʻlgan oʻy

Kechmish lahzalarni turar hijjalab.

Yomgʻir, rayhon isi... Yonish, oʻrtanish –

Chuvalanar oʻtgan kunlar tasmasi.

Injigan sevgini anglash, oʻrganish...

Nahot ortda qolmish endi hammasi?!.

Oʻzim xato qildim. Qismat – beomon.

Bahorga yetibdur qay vaqt, qay zamon

Xas-xazon toʻshalgan bogʻlar osha kim?!

Uvol ishqimizning tumori – oʻtmish,

Gilos dudoqlarning xumori – oʻtmish,

Mening esa bugun kelar yashagim!..

* * *

Bardoshim tugadi, tugamas bu yoʻl,

Bu yoʻlda sangʻigan umidlar yetim.

Yurak boʻm-boʻsh, koʻzim yoshi koʻl,

Togʻday toqatimning toqiga yetdim,

Bardoshim tugadi, tugamas bu yoʻl.

Bu yoʻlda sangʻigan umidlar yetim,

Meni sarson qilgan jilvagar sarob.

Yoʻllar-ku koʻp edi sinashta, qadim,

Notanish soʻqmoqni tanladim u tob,

Bu yoʻlda sangʻigan umidlar yetim.

Yurak boʻm-boʻsh, koʻzim yoshi koʻl,

Nimaga yarardi endi bu korim?

Yoʻlimda unmadi men istagan gul –

Bebaqo dunyoda bevafo yorim...

Yurak boʻm-boʻsh, koʻzim yoshi koʻl.

Togʻday toqatimning toqiga yetdim,

Zaminning togʻlari tubanda qoldi.

Oʻtkinchi dunyoning havasin netdim,

Jafolar Haq ishqin koʻnglimga soldi,

Togʻday toqatimning toqiga yetdim.

Gulnoz MOʻMINOVA

* * *

Yoshlik yaxshi edi harholda.

Gʻamgin kezlarimda jimgina quchib,

“Hammasi yaxshi boʻladi”

deguvchi inson bor edi.

Harholda ishonar edim

Qachondir hammasi yaxshi boʻlishiga,

Yuragim ikki barobar katta edi

Mushtimdan.

Qattiq sevsa boʻlar edi odamlarni

Bunday yurak bilan.

Yillar kechdi...

Ishq afsonasin yamlab qochgan yalmogʻizlar

Suluv qizlarga doʻndi bir yumalab

Angladimki, hech qachon yaxshi boʻlmas hammasi...

Va aza tutdim

Budda uyatdan yiqilgan kunda

Oltin maʼbudalarga qoʻshib koʻmilgan

Rivoyatlar uchun

Keyin tutib irimchiligim

Oq laxtak bogʻlab keldim

Umay Onaning gʻamgin timsoliga

Jonimning yogʻini siqib

Sham yasadim:

Qachonlardir meni quchib

“Hammasi yaxshi boʻladi” degan zot,

Qayta olasanmi parvona boʻlib?

MUNOJOT

Ey sevgili!

Bir ishorasila

Togʻlarni tevadek choʻktirgan,

Vulqonlarni Yer beliga

Otash nutfasi kabi joylagan sevgili!

Ey, ayri oqimlarni ayriligicha

Yonma-yon oqizib qoʻygan,

Ochni ochligi, toʻqni toʻqligi,

Borni borligi, yoʻqni yoʻqligi ila

Sinagan, siylagan sevgili!

Ey, nurning ilk tolasiga

Subh qatrasidan koʻzgu yasagan,

Hayotni tomchiga, oʻlimni sukutga,

Ruh qushini tan qafasiga joylagan,

Har umr ogʻochida bir qushni boʻzlatgan sevgili,

Har juft qorachiqqa bir armon gizlatgan sevgili,

Har tirik isyonga bir mozor izlatgan sevgili!

Badanimning koʻk irmoqlarida

Sevgili ismlarni koʻpdan kezdirgan,

Xiyonat achchigʻin obdon sezdirgan,

Jonni hayotdan bezdirgan sevgili!

Bilaman, qachonlardir

Yer belida otash nutfasin qaynatgan

Qudrat barmogʻila xalos etgaysan

Koʻk irmoqlarimni quritgan ismlardan,

Ey, sevgililar sevgilisi!..

Nasrullo ERGASH

* * *

Yurakning zorlari tavbaga oʻxshar,

Yomgʻirning torlari tavbaga oʻxshar.

Kiprikda tasbehday terilib turgan

Koʻzimning yoshlari tavbaga oʻxshar...

Qushning qanotida tavbani koʻrdim,

Xazon yaproqlari tavbaga oʻxshar.

Kaʼbaga bormoqqa pulim yoʻq mening,

Onam ziyorati Kaʼbaga oʻxshar.

Boqsam tavba kabi ochilgay kitob,

Kitobga egilsam tavbaga oʻxshar.

Oʻzingdan oʻzgaga egdirma, Olloh,

Sheʼrga egilmoq ham tavbaga oʻxshar!

Tavbaga oʻxshaydi tongning otishi,

Quyoshning botishi tavbaga oʻxshar.

Tavbadir aslida koʻngil ogʻrishi,

Koʻngilning qolishi tavbaga oʻxshar!

Ranju malomatga oʻrganib qoldim,

Tuhmatga qolishim tavbaga oʻxshar.

Alarning gunohin Xudoga soldim,

Qaytarib olishim tavbaga oʻxshar!

Shohsanam NISHONOVA

* * *

Vodiy taraflarni eslamay boʻlmas,

Ishqni qon-qoningga qorib boradi.

Quva tomonlarda meni sogʻinib,

Anorlar koʻksini yorib boradi.

Silkitar yelpigʻich yaproqlarini,

Majnuntollar kutib koʻzlari tolgan.

Kuz. Qishloq. Shahardan bolam kelar deb,

Tilla yaproqlarga belanib olgan.

Ukamga oʻxshaydi suyunchi soʻrab,

Har bir darvozaga yugurgan shamol.

Biroq sezilmadi senga tashrifim,

Sendan ketmoqligim bermasmi zavol?!

Tez chiqib ketaman araz urganday,

Koʻksim chok-chokidan soʻkilar edi.

Qol deb oyogʻimga huv daraxtlarning

Tilla yaproqlari toʻkilar edi.

Ammo toʻkilmadi dilingdagi soʻz...

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?