Badiiyat olami

18:40 20 Noyabr 2024 Madaniyat
963 0

Salim ASHUR

KUZGI YAPROQLAR

Yillar ranglarini oʻzgartirmoqda,

Kuz yolgʻiz kezadi yaqin qirgʻoqda,

Olovrang toʻlqinlar oqar irmoqda –

Kuzgi yaproqlar, kuzgi yaproqlar...

Yosh bogʻni ayriliq tiriltirmoqda,

Mahkuma daraxtlar yupun titroqda,

Yoʻlini yoʻqotgan sevgi sirtmoqda –

Kuzgi yaproqlar, kuzgi yaproqlar...

Koʻprikda uchrashdi ikkita doston,

Bitta oʻrindiqqa keldi toʻrt tomon,

Yigʻlagan kuz emas, eski patefon –

Kuzgi yaproqlar, kuzgi yaproqlar...

Olis chehrang kabi miltirar quyosh,

Oʻchgan muhabbat va uzilgan bardosh,

Barini bir chetga supurar farrosh,

Tonggi izgʻirinda izillagan yosh –

Kuzgi yaproqlar, kuzgi yaproqlar...

* * *

Yogʻayotgan yomgʻirda – malol,

Shamollarda toʻzdi soʻzlaring.

Tun pardasi zich tushgan. Xayol

Surayotgan sening koʻzlaring.

Borgan-kelgan ul-bullarimiz

Boʻlmas endi doʻstu dugona.

Bir-biriga zor qoʻllarimiz

Biri-biriga endi begona.

Tuproqlarga choʻkdi izimiz,

Ismimizni unutdi tonglar.

Bir-birini kutgan koʻzimiz

Bir-birining yoʻliga tomar.

Kiprigingga halovat indi,

Koʻzlaringdan oʻpdimi birov?

Qoʻlimizni isitmas endi

Koʻnglimizni kuydirgan olov.

Yogʻayotgan yomgʻirda – malol,

Shamollarda toʻzdi soʻzlaring.

Tun pardasi zich tushgan. Xayol

Surayotgan sening koʻzlaring.

Farogʻat XUDOYQULOVA

SHODA-SHODA BAXTDAN...

Mezon shamolida toblab hislarni,

Saxiy kuz yoʻl soldi chanqoq bogʻlarga.

Yurtma-yurt uchirib moviy qushlarni,

Chinorlar qoʻl choʻzdi azim togʻlarga.

Orzular qizardi anoryuz boʻlib,

Umidlar joy oldi hilol yonidan.

Ariqlar oqdilar oʻpkasi toʻlib,

Olmalar rang oldi koʻngil qonidan.

Shoda-shoda baxtdan egildi shoxlar,

Bulutlar tashrifi endi gʻam boʻlmas.

Ilhom buloqlari qaynagan mahal

Noklardek toʻkilish – shoirga havas.

Dunyoni tutmoqda yaproqlar hidi,

Yulduzlar koʻzida sirli iymanish.

Bu oqshom gʻarq pishgan satrlar aro

Zaminga viqor-la mamnun boqar qish...

BAHORNING SOʻNGGI KUNLARI

Ustoz Oybekni xotirlab

Shamolni yoʻlidan toʻxtatib qoʻydi

Togʻlarning bagʻridan kelayotgan sas.

Qish boʻyi tomirdan tomirga oqib

Yurakni oʻrtagan bahoriy havas.

Qirlarning belidan quchoqlab oldi

Lolalar kulgusin oʻpgan chamanzor.

Ey Quyosh, botmoqqa shoshilma birpas,

Hali ochilmagan derazalar bor.

Yulduzlar yonidan yaproqlar asta

Sirgʻalib tushdilar suvning yuziga.

Shoir uxlolmaydi, bedor, dilxasta,

Bahor oqshomlari tortar oʻziga.

Qalamni labiga bosib tebranar

Naʼmatak noziga sarmast tunlari.

Qirlardan shoirga tuhfa tayyorlab

Kelmoqda bahorning soʻnggi kunlari...

Xorun MUSO

KUZAK

Yangilanar sen bilan ruhim,

Yangilanar senda kechmishim.

Tetiklashar shashtim, shukuhim,

Ulkan baxtdir tongga yetishim.

Topilganday choʻgʻlanar qalov,

Mushkulotga bordayin yechim.

Oqshomlari tushganday qirov,

Payqamagan kelganing hech kim...

Sen hisobdor xirmon dalada,

Barakani kelarsan boshlab.

Rozi qilmoq koʻyi hammada...

Qoldirarsan tuhfalar shoshmay.

Menga tanish hislar qaʼridan,

Xonish qilar tinmay yelvizak.

Sariq maktub eltar Tangridan

Ostonamga yastanib Kuzak...

MAʼSUM DILBAR

Bugun yana zamin uzra tong,

Uygʻonadi gʻala-gʻovurlar.

Derazamda chumchuqlar giryon

Boʻlib tinmay chugʻur-chugʻurlar.

Gʻichirlaydi qadrdon tovush,

Ochiladi xonam eshigi.

“Bolam”, deydi onam sal xomush,

“Uygʻon, yana yurma kechikib...”

Ilkis bejo tashlab qadamlar,

Qaytib tetik ruhim tanamga.

Yodga tushar vaʼda, qasamlar,

Shoshilaman koʻcha tomonga.

Tizginini unutgan shahar,

Olomonni qiladi taqiq.

Menga bugun yot butun osmon,

Menga bugun yot butun mantiq.

Faqat ayon erta-sahardan,

Bor vujudi intizor mahtal.

Oʻz erkiga qarshi koʻz tikib,

Meni kutar bir maʼsum dilbar.

Men borarman hamon tentirab,

Hovliqtirar shubhalar daydi.

Yo telbaman, qoldim sensirab,

Sensirashga sabab koʻpaydi.

Vujudimdan anqiydi sogʻinch,

Koʻrinmaydi manzil poyoni.

Qamrab olgan qobiqlariga,

Fikru yodim ishqning kalomi.

Saroblarni quchdim tutamlab,

Vasling oyda boʻlmaydi zohir.

Men senlikka aylandim, yo Rab,

Sen menlikka aylanding oxir.

Oʻylarimda kechikish yodi,

Sendan biroz “ranjish”ni ilgʻar.

Intiqlikda butun hayoti,

Meni kutar bir maʼsum dilbar...

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер