Avtomashinalar narxi boʻyicha berilgan javoblar deputatlarni qoniqtirmadi 

20:50 11 Mart 2020 Jamiyat
2604 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tashabbusi bilan UzAutoMotors AJ mutasaddilari ishtirokida ochiq muloqot oʻtkazildi.

Ahamiyatlisi, juda qizgʻin kechgan ushbu muloqotni koʻplab ommaviy axborot vositalari bevosita, toʻgʻridan-toʻgʻri yoritib bordi.

Unda keyingi paytlarda aholi tomonidan ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda avtomobillarning narxi oshishi munosabati bilan boʻlayotgan turli tanqidiy chiqish va munosabatlar yuzasidan UzAuto Motors AJ mutasaddilaridan tushuntirish berish soʻraldi.

Deputatlar mutasaddilarga savollar bilan murojaat etib, bir qator masalalarni koʻtardi.

Chunonchi, deputat Qodir Joʻrayev nima uchun avtomobillar narxiimi-jimida oshirilgani, shuningdek, oʻzimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar xalqimiz uchun qimmat narxga, chet elda, xususan, Rossiyada arzon narxda sotilayotgani haqida murojaat qildi.
 

UzAutoMotors AJ vakili Shuhrat Mirsamukov narxlarni oshirishdan avval ancha vaqt oʻrganishlar olib borilgani, tahlillar oʻtkazilganini, shundan soʻng narx-navo oshirilganini maʼlum qildi.

— Aholimizga sotilayotgan avtomobillar xorijga eksport qilinayotgan mashinalardan qimmat emas, — dedi Sh. Mirsamukov. Masalan, “Kobalt” avtomashinasi Oʻzbekiston bozorida 10028, Rossiyada — 10138, Qozogʻistonda esa, 10684 AQSH dollaridan sotilmoqda. Yoki mamlakatimizda 9101 AQSH dollariga sotilayotgan “Neksiya” avtomashinasi Rossiyada — 9831, Qozogʻistonda — 9129 dollar turadi. Xuddi shunday, “ Spark” 7710 dollar, Rossiyada — 9831, Qozogʻistonda 10579 dollar boshlangʻich narxlarni tashkil etadi. Endi internetda, OAVda tarqalayotgan koʻp xabarlar bor, yaʼni saytdan olinganday qilib, arzon narxlar koʻrsatiladi, bu boʻyicha ham oʻrganib chiqdik. Bu oʻsha korxonalar ishlab chiqarayotgan strategiya, ular bizning dilerlardan avtomashinalarni olgan, odamlarni jalb qilish maqsadida arzon narxlarni koʻrsatadi va pulini oladi, lizing deydi, xullas, har xil vajlarni koʻrsatib, boshqa mashinani sotishga harakat qiladi. Ular bizning rasmiy dilerlarimiz emas. Ularga ishonmaslik kerak.
 

Rasul KUSHERBAYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

— Avtomashinalarning eksport varianti bilan oʻzimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar sifatida farq bor. Eksport variant juda yaxshi deyishadi, man oʻzim koʻrmaganman, afsuski, biz fuqarolar eksport variantni sotib olishdan mahrummiz. Oʻzimizning mahalliy aholi uchun ishlab chiqarilayotgan avtomobillarni, misol uchun, oʻzimda sinab koʻrdim, nuqsonlar bilan chiqarilyapti. Yaʼni har bir olingan avtomobilga Sergeli bozoridan borib, 400-500 ming soʻmdan 1 milliongacha xarajat qilib, qolib ketgan probkalarni qoplab chiqish kerak. Tasavvur paydo boʻlyapti. Sergeli bozorlari maʼmurlari bilan zavod oʻzaro kelishib olganmi? Goʻyoki, bozorga borishingiz bilan qayerda qanday nuqsoni borligini oʻzlari topib berishadi. Nima uchun oʻzimizning aholimizga eksportga chiqarilayotgan mashinalar kabi sifatli chiqarilmaydi.

Rustam QODIROV, “Uzavtosanoat” AJ strategik rejalashtirish boshqarmasi boshligʻi:

— Har qanday avtomobil ishlab chiqaruvchi zavodda bunday kamchiliklar boʻladi. Chunki, ishlab chiqarishda inson omili bor. Ammo, bizda siz aytgan holat unchalik koʻp uchramaydi. Agar bunday nuqsonlar aniqlansa, bizga xabar berilsa, uni tuzatishga, ishlab chiqarish jarayonida kamchilikni butunlay tuzatishga harakat qilamiz.

Xorijga chiqarilayotgan mashinalarning sifati, komforti esa, har bir davlatning oʻziga xosliklari, masalan, iqlim sharoitidan kelib chiqib, moslashtirib ishlab chiqariladi. Masalan, Rossiya Federatsiyasiga eksport qilinadigan mashinalarimizning old oʻrindigʻi tagida oyoqni isituvchi pechlar oʻrnatiladi. Sababi, Rossiyaning iqlimi sovuq. Yilning asosiy qismi issiq keladigan yurtimizda esa, mashinalarni bunday ehtiyot qismlar bilan jihozlashga ehtiyoj yoʻq. Boʻlgan taqdirda ham har bir detal mashina narxi oʻsishiga sabab boʻladi.

Deputatlar koʻtargan har bir masalaga “Uzavtosanoat” AJ “Uzavtomotors” AJ mutasaddilari va mutaxassislari aniq misollar bilan oydinlik kiritishga harakat qilishdi. Hozirgi paytda avtozavodlarda ishlab chiqilayotgan avtomobillarning ehtiyot qismlari yuz foiz Oʻzbekistonda tayyorlanmasligi sababli jahon bozorida kuzatilayotgan beqarorlik umumiy narxlarga oʻz taʼsirini oʻtkazayotganini maʼlum qilishdi.

Biroq mutasaddilarning javobi deputatlarni qoniqtirmadi. Ular bu holat xalqimiz tomonidan noroziliklar keltirib chiqarilganini qayd etishdi.

Ziyoda ASHUROVA.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?