AQSH nega Xitoyni ayayapti, Hindistonni emas?

15:26 20 Avgust 2025 Dunyo
239 0

AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya — Ukraina urushiga barham berish maqsadida Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar va undan neft sotib olgan davlatlarga ikkinchi darajali sanksiyalar qoʻllash bilan tahdid qildi.

Oq uy rahbari shu oy boshida Hindiston tovarlariga Rossiya neftini import qilish davom etayotganini inobatga olib 25 foizlik qoʻshimcha tarif joriy etgan boʻlsa-da, yana bir yirik xaridor boʻlgan Xitoyga nisbatan bunday jazo choralarini qoʻllamadi.

Xoʻsh, nima uchun Tramp maʼmuriyati Hindistonga Rossiya neftini sotib olishni toʻxtatish uchun bosim oʻtkazmoqda, Xitoyga qarshi keskin choralar koʻrmayapti?

Rossiya neftini kim sotib olmoqda va Tramp nega bunga qarshi?

Xitoy bojxona maʼlumotlariga koʻra, Rossiya neftining eng yirik xaridori boʻlib, oʻtgan yil rekord darajada 109 million tonna neft import qilgan. Bu uning umumiy energiya importining qariyb 20 foizini tashkil qiladi.

Hindiston esa 2024-yilda 88 million tonna Rossiya neftini import qilgan.

Shunday qilib, Xitoy Rossiyaning asosiy sherigiga aylandi, bu esa toʻrtinchi yilga qarab ketayotgan urushda Moskvaga bilvosita yordam berayotgani haqidagi ayblovlarga olib keldi.

Maʼlum boʻlishicha, AQSHning ikkala asosiy siyosiy partiyasi — Respublikachi va Demokrat qonunchilari Rossiya nefti va tabiiy gazini sotib oluvchi har qanday davlatga qarshi choralarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqishni talab qilmoqda.

Qonun loyihasi Trampga Rossiyaga yordam berayotgan deb hisoblangan davlatlarga nisbatan 500 foizlik bojlar joriy etish huquqini beradi. Xabarlarga koʻra, amerikalik senatorlar qonun loyihasini yakuniga yetkazib qoʻyish uchun Trampdan buyruq kutmoqda.

Tramp Xitoyga yangi bojlar joriy qilmaslik uchun qanday sabablarni keltirdi?

Shu yilning 15-avgust kuni “Fox News” telekanali jurnalistining “Alyaskada Ukrainada oʻt ochishni toʻxtatishga kelisha olmasangiz Pekinga nisbatan ikkinchi darajali sanksiyalar qoʻyish haqida oʻylayapsizmi?”, degan savoliga Tramp kelgusidagi voqealar rivoji bois bu haqda oʻylamayotganini bildirgan.

“Men ikki yoki uch hafta boshqa narsa haqida oʻylashim kerak, hozir bu haqida oʻylashim shart emas”, — degan Oq uy rahbari jurnalistlarga.

Kuzatuvchilar AQSH prezidenti nodir yer minerallarini oʻz ichiga olgan keng savdo bitimi boʻyicha muzokaralar oʻtkazishga imkon berish uchun payt poylayotgan boʻlishi mumkinligini aytmoqda. Nodir minerallar avtomobil qismlaridan tortib toza energiya va harbiy texnologiyalargacha boʻlgan koʻplab ishlab chiqarish tarmoqlari uchun zarur boʻlgan 17 elementdan iborat. Xitoy uzoq vaqtdan beri noyob yer minerallarini qazib olish va qayta ishlashda ustunlik qiladi. AQSHning koʻplab sanoati Xitoy minerallariga qattiq bogʻlanganligi sababli, ular davom etayotgan savdo muzokaralarida asosiy masala boʻlib qolmoqda.

Trampning Xitoyga “yumshoq” yurishining boshqa sabablari ham bor. Xususan, AQSH chakana sotuvchilari dekabr oyidagi Rojdestvo bayrami arafasida Xitoy tovarlari zaxiralarini toʻplashi bilanoq, u tariflar oshishiga yoʻl qoʻymaslikka intilmoqda.

Oʻz navbatida, AQSH yetakchisi soʻnggi haftalarda savdo nuqtalarini kamaytirish choralarini koʻrdi. Shu oy boshida Qoʻshma Shtatlar ilgʻor yarimoʻtkazgichlar eksportiga qoʻyilgan baʼzi cheklovlarni yengillashtirdi, bu Xitoyning asosiy talabidir.

Shu yilning 11-avgust kuni Tramp AQSHning “Nvidia” kompaniyasiga Xitoyga ilgʻor chiplarni sotishga ruxsat berdi va kompaniya sotuvning 15 foizini federal hukumatga toʻlashi kerak. Tramp, avvalroq, Xitoyga bu turdagi mahsulotlarni sotishni toʻxtatgan edi.

Seshanba kuni CNBC telekanaliga bergan intervyusida AQSH moliya vaziri Skott Bessant Vashingtonning Xitoyga qarshi ikkilamchi sanksiyalarni qoʻllamaslik qarorini himoya qilib, Pekin Ukraina urushidan oldin Rossiya neftining 13 foizini sotib olgani, hozir esa bu koʻrsatkich 16 foizga oshganini eslatdi. Uning aytishicha, Xitoy turli joylardan neft sotib oladi. Bessantning fikricha, Xitoy Hindiston kabi arbitraj bilan shugʻullanmagan. Moliya vazirining taʼkidlashicha, Ukraina urushidan oldin Hindistonning Rossiya neftining importi 1 foizdan kam edi, biroq keyinchalik koʻpaygan.

“Men buni hind arbitraji deb atagan boʻlardim, arzon rus neftini sotib olyapti, uni mahsulot sifatida qayta sotyapti. Buning ortidan Hindistonning eng badavlat oilalari 16 milliard dollar ortiqcha foyda olishdi”, — degan u CNBC telekanaliga.

Dushanba kuni Oq uyning savdo maslahatchisi Piter Navarro Hindistonni Rossiyaning Ukrainadagi urushini moliyalashda ayblagan Tramp maʼmuriyatining ikkinchi yuqori martabali amaldoriga boʻldi. Shu oy boshida Oq uy maʼmuriyati rahbari oʻrinbosari Stiven Miller Nyu-Dehlining Rossiya neftini sotib olishini “qabul qilib boʻlmaydigan holat”, deb atagan edi.

Boshqa rasmiylar nima dedi?

Joriy yilning 12-avgust kuni AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens, Vashington Rossiya neftini sotib olishni davom ettirgani uchun Hindiston importiga qoʻshimcha 25 foizlik boj joriy etilishini eʼlon qilganida, Tramp oʻtgan hafta Nyu-Dehli bilan boʻlgani kabi Pekinga qarshi harakat qiladimi yoki yoʻqligini aytishdan qochgan edi.

“Prezident bu haqda oʻylayotganini aytdi, lekin u hech qanday qatʼiy qaror qabul qilmadi. Xitoy masalasi biroz murakkabroq, chunki bizning bu davlat bilan munosabatlarimiz Rossiyadagi vaziyatga hech qanday aloqasi boʻlmagan koʻplab boshqa narsalarga taʼsir qiladi”, — degan edi Vens.

Shu hafta boshida AQSH Davlat kotibi Marko Rubio, agar AQSH Rossiya neftini qayta ishlagani uchun Xitoyga ikkilamchi sanksiyalar kiritsa, energiya narxi oshishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi. Ayni paytda Pekinning Vashingtondagi elchixonasi Xitoyning Rossiya bilan savdosi xalqaro huquq doirasiga toʻgʻri kelishini aytdi.

Koʻtarilgan tariflar AQSH va Xitoy iqtisodiyotiga qanday taʼsir qiladi?

Ukrainada oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuv natijasida Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni qisqartirish, xalqaro tizimga yanada barqarorlik va Xitoy iqtisodiyoti uchun foyda keltiradi. Oʻtgan oy Xitoy iqtisodiyoti sekinlashdi, chunki zavodlar faoliyati, investitsiyalar va chakana savdo iyun oyidan boshlab pasayib ketdi. Tramp tariflarining joriy etilishi dunyoning ikkinchi raqamli iqtisodiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Shuningdek, Xitoyda yoshlar oʻrtasidagi ishsizlik darajasi iyul oyida oxirgi 11 oy ichida eng yuqori darajaga koʻtarildi. Xususan, 16-24 yosh guruhidagi shaharlardagi ishsizlik darajasi iyun oyidagi 14,5 foizdan 17,8 foizga koʻtarildi.

Gonkongdagi “Natixis” kompaniyasining Osiyo-Tinch okeani boʻyicha bosh iqtisodchisi Alisiya Garsiya Xerrero Xitoy iqtisodiyotida yoriqlar koʻzga tashlana boshlaganini va umumiy vaziyat unchalik yaxshi emasligini aytdi. Shunga qaramay, Xitoy banklari va firmalari uzoq vaqtdan beri ikkilamchi sanksiyalar ehtimoliga tayyorgarlik koʻrishgan. Ular Jo Bayden maʼmuriyati davridan tashvishlanishni boshlagan edilar.

“Soʻnggi yillarda Pekin oʻz mamlakatida savdo yoʻllarini diversifikatsiya qilish va koʻproq strategik mahsulotlarni yaratish boʻyicha saʼy-harakatlarini kuchaytirdi, bu Xitoy iqtisodiyotini yuqori yoki ikkilamchi sanksiyalar orqali boʻgʻib qoʻyishni qiyinlashtirdi”, — dedi Garsiya Xerrero. Iqtisodchi Xitoy mahsulotlariga qoʻyiladigan tariflar amerikalik isteʼmolchilar uchun inflyatsiyani oshirishini eslatgan.

Oʻtgan yili AQSHning Xitoy bilan savdo taqchilligi 295,4 milliard dollarni tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 5,8 foizga oʻsgan.

AQSH-Xitoy savdosining hozirgi holati qanday?

Shu yilning 12-avgust kuni AQSH va Xitoy ilgari mavjud boʻlgan tarif tanaffusini 90 kunga uzaytirdi va bu orqali umumiy savdo urushidan qochmoqda. Ikki tomon 11-may kuni birinchi tarif tanaffusiga kelishib oldilar. Aprel oyida Xitoyga 145 foizlik, Pekin esa AQSHga nisbatan 125 foizlik oʻzaro tariflarni qoʻydi, bu mamlakatlar oʻrtasidagi virtual savdo embargosini keltirib chiqardi.

AQSH aholini roʻyxatga olish byurosi maʼlumotlariga koʻra, yuqori tariflar iyunga kelib, AQSHning Xitoy bilan savdo kamomadining 2004-yildan beri eng tor darajaga tushishiga turtki boʻldi. Martdan avgustgacha ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo boʻshligʻi 22,2 milliard dollarga kamaydi. Ammo may oyida Shveysariyaning Jeneva shahrida qabul qilingan bojxona sulhiga muvofiq, AQSHning Xitoy importiga boʻlgan tariflarini vaqtincha 30 foizga, Xitoyning AQSH eksportiga bojlari esa 10 foizga tushirilib, keskinlik pasaytirildi. Pekin, shuningdek, baʼzi noyob yer minerallar eksportini qayta tiklashga rozi boʻldi.

Iqtisodchi Garsiya Erreroning aytishicha, ikkala davlatga ham ijobiy yangiliklar kerak, aks holda iqtisodiyotga katta zarar keltirishi mumkin.

Sardorbek POYONOV tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер