“Al-Vahda” jamoasi “Nasaf”ga munosib raqibmi?
3-noyabr kuni “Nasaf” klubi OFK Elit chempionlar ligasi musobaqasining 4-turi doirasida Birlashgan Arab Amirliklarining “Al-Vahda” jamoasi bilan kuch sinashadi. Quyida ushbu jamoa haqida biroz toʻxtalamiz.
“Al-Vahda” jamoasi 41-yillik tarixga ega. Klub 1984-yili “Abu Dabi SK” va “Al-Emireyts” jamoalarining birlashishidan tashkil topgan.
Jamoaga muxlislar tomonidan “The Maroons” (“toʻq qizillar”) degan laqab berilgan.
“Al-Vahda” oʻz uy uchrashuvlarini Abu-Dabi shahridagi “Al-Nahyon” stadionida oʻtkazadi. Ushbu maydon 15 mingdan ziyod muxlisni sigʻdira oladi.
Jamoa Birlashgan Arab Amirliklari chempionatining 4 karra gʻolibi, 2 karra Prezident kubogi sohibi va 4 karra mamlakat Superkubogi gʻolibi hisoblanadi.
“Al-Vahda” shu vaqtga qadar Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan oʻtkazilgan rasmiy musobaqalarda 81 ta oʻyin oʻtkazgan. Ulardan 29 tasida gʻalaba, 25 tasida magʻlubiyat, 27 tasida esa durang natija qayd etilgan.
“Al-Vaxda”ning oʻzbek klublariga qarshi natijalari
“Lokomotiv” 2:0 “Al-Vahda” (2019)
“Al-Vahda” 3:1 “Lokomotiv” (2019)
“Lokomotiv” 5:0 “Al-Vahda” (2018)
“Al-Vahda” 1:4 “Lokomotiv” (2018)
“Al-Vahda” 1:1 “Bunyodkor” (2011)
“Bunyodkor” 3:2 “Al-Vahda” (2011)
“Al-Vahda” 1:3 “Bunyodkor” (2010)
“Bunyodkor” 4:1 “Al-Vahda” (2010)
“Al-Vahda” 1:1 “Paxtakor” (2004)
“Paxtakor” 4:0 “Al-Vahda” (2004)
“Al-Vahda” 1:2 “Nasaf” (2002)
Shu tariqa, jamoa oʻzbek klublariga qarshi 11 ta bahsda maydonga tushgan va shularning 8 tasida magʻlubiyatga uchragan.
Murabbiy haqida
Jamoani ayni paytda 60 yoshli angolalik mutaxassis Xose Moraish boshqarmoqda. U oʻz faoliyati davomida “Inter”, “Real Madrid”, “Chelsi” kabi klublarda faoliyat yuritgan.
Murabbiyning qoʻl ostidagi “Jeonbuk Motors” jamoasi 2 karra Janubiy Koreya chempioni boʻlgan, “Al-Hilol” bilan esa Saudiya Arabistoni professional ligasi gʻolibligini qoʻlga kiritgan. Shuningdek, u 2023/24-yilgi mavsumda “Sepaxon” klubi bilan Eron Hazfi kubogini yutib olgan.
Futbolchilar
Jamoa tarkibida ayni vaqtda quyidagi futbolchilar toʻp surmoqda:
Dushan Tadich — serbiyalik futbolchi. 36 yoshda. U oʻz faoliyati davomida Niderlandiyaning “Groningen”, “Tvente”, “Ayaks”, Angliyaning “Sautgempton” hamda Turkiyaning “Fenerbaxche” kabi klublarida toʻp surgan.
Dushan Serbiyada 4-marta “Yilning eng yaxshi futbolchisi” deb topilgan. 2019-yilgi mavsumda 28 ta gol bilan Niderlandiya chempionatining eng yaxshi toʻpurari boʻlgan.
U 2025-yilning avgust oyida “Al-Vahda” safida faoliyatini boshlagan. “Transfermarkt” portali ayni paytda futbolchini 2,2 million yevroga baholagan.
Omar Xarbin — Suriya terma jamoasi yetakchisi. 31 yoshda. U faoliyati davomida Iroqning “Al-Kuva Al-Joviya”, Saudiya Arabistonining “Al-Hilol”, hamda BAAning “Shabab Al-Ahli” kabi Osiyoning grand klublarida toʻp surgan.
Omar Suriya terma jamoasining eng yaxshi toʻpurari hisoblanadi. U shu vaqtga qadar milliy jamoasi uchun 29 ta gol kiritgan. “Transfermarkt” portaliga koʻra, u ayni paytda 5 million yevroga baholanmoqda.
Kayo Kanedo — braziliyalik futbolchi boʻlib, keyinchalik Birlashgan Arab Amirliklari fuqaroligini qabul qilgan. 35 yoshda. U faoliyati davomida Braziliyaning “Internasyonal”, “Botafogo”, “Vitoriya” klublarida, shuningdek BAAning “Al-Ayn” va “Al-Vasl” jamoalarida toʻp surgan.
Kayo 2025-yilning yozida “Al-Vahda” klubiga koʻchib oʻtgan. U faoliyati davomida 2 karra BAA chempioni, 1-marta Prezident kubogi va 1-marta Liga kubogi gʻolibi boʻlgan. “Transfermarkt” portali futbolchini 400 ming yevroga baholagan.
Reza Gandipur — eronlik yosh hujumchi. 19 yoshda. U faoliyati davomida Eronning “Sepaxon”, “Paykan”, “Malavan” kabi klublarida hamda BAAning “Shabab Al-Ahli” jamoasida toʻp surgan. 2025-yilning yanvar oyida “Al-Vahda” klubiga ijara asosida kelib qoʻshilgan.
Ushbu klub Oʻzbekiston milliy terma jamoasi futbolchilari uchun ham begona emas. Yaqin yillarda “Al-Vahda” safida Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Hojimat Erkinov ham faoliyat olib borgan.
Eslatib oʻtamiz, OFK Elit chempionlar ligasi 4-turidan oʻrin olgan “Nasaf” – “Al-Vahda” uchrashuvi 3-noyabr kuni soat 18:45 da boʻlib oʻtadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
- Tehronda vaziyat jiddiy: poytaxt aholisi evakuatsiya qilinishi mumkin
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring