20-iyun – Abduvali Qutbiddin tavallud topgan kun

11:41 20 Iyun 2024 Madaniyat
561 0

“Hofiz emasman, ishqda Abduvaliman goʻyo…”

Abduvali Qutbiddin oʻzbek sheʼriyatida oʻz oʻrni va ovoziga ega shoirdir. Uning bitiklari ohangdorligi, sermazmun va falsafiy mushohadalarga boyligi bilan keng adabiyot muhiblari orasida maʼlum va mashhur. Shoir bugun oramizda emas, ammo otashin sheʼrlari yuraklarimizga harorat, shuurimizga teranlik baxsh etib, umrbod yashayajakdir.

* * *

Quyosh, yurting qayda, soʻragan edim,

Tong-la nuringga dil oʻragan edim,

Men ham sen bor yerga boraman dedim,

Ammo osmoningga koʻymading, quyosh,

Biror bor boshimga tekkizmading bosh.

 

Muyishib, mungrayib ishlagan edim,

Men ham koʻp toshlarni tishlagan edim,

Qahring shomlarida qishlagan edim,

Hayron yoshligimni hoʻngratding, quyosh,

Biror bor boshimga tekkizmading bosh.

 

Urfu rusumingdan boshlagan edim,

Eski doʻkoningni xushlagan edim,

Duru marjoningni ushlagan edim,

Oqibat manglayim mushtladim, quyosh,

Biror bor boshimga tekkizmading bosh.

 

Tilimni kundaga koʻygil, chop dedim,

Keyin dil uyiga borib yot dedim,

Oʻgʻlim u, oʻzim u, asta yoq dedim,

Kulu toʻzonidan mahv boʻlgin, quyosh,

Biror bor boshimga tekkizmading bosh.

 

Men odam edimku, men odam edim,

Loydanda yoʻgʻrilgan matodan edim,

Iblisga aldangan atodan edim,

Ey quyosh, men seni sevaman, quyosh,

Biror bor boshimga tekkizmading bosh.

* * *

Paygʻomlar yoʻlladim, uygʻon, hilolim,

Junun oqshomlari ochdi jamolin,

Poyalar bogʻladim domingga sening,

Sen mening,

Sen mening,

Sen mening.

 

Tiyra giryonlarda otliq dard hokim,

Ki zulfi otashi ajdardir balkim.

Iigʻlaydi doʻzaxiy olovdan ashki,

Sen mening,

Sen mening,

Sen mening.

 

Tam-tam malaksiymo chachvonin tashlar,

Yagʻmo shamlariga ibodat boshlar,

Rizvon olmasida lablaring sening,

Sen mening,

Sen mening,

Sen mening.

 

Nekbin manzillarda baxtlar sochilgan,

Qoʻlimu qoʻlingga zanjir osilgan,

Bizdan nima qolar, vaqtlar ichilgan,

Sen mening,

Sen mening,

Sen mening.

 

 

* * *

Hofizga

 

Sohibdilim — diloro,

Ayyit, toʻxtasin karvon.

Nay puflagan quyunning

Enasimi biyobon.

 

Sohibdilim — diloro,

Qayda u chashma giryon.

Jilgʻa boʻlgan koʻnglimni

Quritib boʻldi mijgon.

 

Sohibdilim — diloro,

Koʻzim mening qulfmidur?

Ochib nigohim chiqsa,

Chopgan qilich zulfmidur.

 

Sohibdilim — diloro,

Qaqnus gulxani qani.

Bor boʻlsa yuzga surtay,

Oʻtini yo kulini.

 

Sohibdilim — diloro,

Koʻp riyozat chekdimku,

Oʻzim ketdim. Yoʻlingga

Toqatimni ekdimku!

 

Sohibdilim — diloro,

Vasling sarobmi, roʻyo.

Hofiz emasman, ishqda

Abduvaliman goʻyo…

 

Sohibdilim — diloro!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер