2-qism: 2020-yil 1-yanvardan yana nimalar oʻzgaradi?
“Huquqiy axborot“ kanali 2020-yil 1-yanvardan nimalar oʻzgarishi haqidagi maʼlumotlarning ikkinchi qismini taqdim etdi.
2-qism. Bojlar miqdori pasayadi, soliq imtiyozlari beriladi
1. 2020-yil 1-yanvardan tajriba tariqasida ayrim davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va hududlarda, 2021-yil 1-yanvardan boshlab esa respublikaning barcha davlat organlari va tashkilotlarida davlat xizmatiga qabul ochiq mustaqil tanlov asosida amalga oshiriladi.
2. Davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun undiriladigan davlat boji stavkalari:
respublika, viloyatlararo NNTlar uchun — BHMning 4 baravaridan 3 baravarigacha;
viloyat NNTlari uchun – BHMning 2 baravaridan 1 baravarigacha pasaytiriladi.
3. “Barkamol avlod” bolalar maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari:
direktor va direktor oʻrinbosarlari uchun 1,55 baravarga, toʻgarak rahbari uchun 1,5 baravarga oshiriladi;
instruktor-uslubchilar va uslubchilar mehnatiga haq toʻlash bazaviy tarif stavkalaridan kelib chiqib amalga oshiriladi hamda ularning bazaviy tarif stavkalari toʻgarak rahbarlarinikiga tenglashtiriladi.
4. Yalpi tushumning umumiy hajmida tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarining eksporti 60 foizdan kam boʻlmagan eksport ulushiga ega boʻlgan korxonalar 2023-yil 1-yanvargacha mol-mulk soligʻini toʻlashdan ozod etiladi.
Toʻqimachilik, tikuv-trikotaj, charm-poyabzal, va moʻynachilik korxonalarining foyda soligʻi boʻyicha soliqqa tortiladigan bazasi yetti yil davomida teng ulushlarda zamonaviy tozalash va kanalizatsiya inshootlarini qurish boʻyicha xarajatlar summasiga kamaytiriladi.
Chorva mollarini soʻyish boʻyicha zamonaviy avtomatlashtirilgan majmualarni ishga tushirayotgan tashkilotlar va terini qayta ishlovchi korxonalar 2023-yil 1-yanvargacha yer soligʻi toʻlashdan ozod etiladi.
“Oʻztoʻqimachiliksanoat” va “Oʻzcharmsanoat” uyushmalarining xorijiy konsultantlari Oʻzbekiston Respublikasidagi daromad manbalari boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini uning belgilangan stavkasidan 50 foiz miqdorida toʻlaydi.
5. Xitoy Xalq Respublikasi, shu jumladan Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong maxsus maʼmuriy hududi fuqarolari uchun tashuvchi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari boʻlinmalariga yoʻlovchilar toʻgʻrisida dastlabki maʼlumotlarni oʻz vaqtida taqdim qilgan holda qaytish aviachiptasi mavjud boʻlgan shartlarda mamlakatimiz xalqaro aeroportlari orqali 7 kundan koʻp boʻlmagan muddatga Oʻzbekistonga vizasiz kirish tartibi belgilandi.
6. Quyidagi yangi notarial harakatlar joriy etiladi:
fuqarolik-huquqiy munosabatlarda sudgacha boʻlgan jarayonda dalillarni taʼminlash;
mulkiy va meros masalalarida mediator vazifalarini bajarish;
mualliflik va turdosh huquq obyektining taqdim etilgan vaqtini tasdiqlash.
Quyidagi qulayliklar yaratiladi:
koʻchmas mulklar boʻyicha bitimlarni notarial tasdiqlashda MIBning vakolatlariga kiradigan kommunal xizmatlar boʻyicha qarzdorliklar haqida maʼlumotlar faqat Byuroning axborot tizimi orqali onlayn rejimda tekshiriladi;
agar taraflar turli hududlarda boʻlsa, oʻsha hududdagi notarial idorada turib videokonferensaloqa orqali bitimlarni notarial tasdiqlashi mumkin;
ochiq axborot tizimidagi ayrim hujjatlarning elektron shakli mulkni begonalashtirish bilan bogʻliq boʻlmagan harakatlarni amalga oshirishda hujjatning qogʻoz shakli bilan teng huquqiy kuchga ega boʻladi;
respublika hududida notarial tasdiqlangan arizalar, ijara shartnomalari va ishonchnomalar notariusga taqdim etilmasdan turib, ularni noyob raqam orqali tekshirish mumkin boʻladi;
notariusga murojaat etishda elektron navbat olish va hujjatlarni oldindan tayyorlab qoʻyish xizmati joriy etiladi;
notarial arxivda mavjud boʻlgan hujjatlar nusxasini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olish imkoni yaratiladi.
7. Dorilar va tibbiy buyumlarning savdo jarayonini uzluksiz ravishda videoga yozib olish va bir oy davomida video-yozuvlarni saqlash mazkur faoliyat uchun litsenziya talabi hisoblanadi va talabning muntazam bir yil davomida bir martadan koʻp buzilishi litsenziyaning amal qilishini tugatish uchun asos boʻladi.
8. Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisining investitsiyalar va davlat-xususiy sheriklar masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi joriy etiladi.
Qoʻmita tizimiga kiruvchi byudjet tashkilotlari xodimlarining lavozim maoshlari 1,5 koeffitsiyentga oshiriladi.
9. Jismoniy shaxslarga quyosh fotoelektrik stansiyalari, quyosh suv isitkichlari, shuningdek, energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalarni sotib olish xarajatlarining 30 foizi miqdorida, biroq:
quyosh fotoelektrik stansiyalari uchun – 3 million soʻmdan;
quyosh suv isitkichlar uchun – 1,5 million soʻmdan;
gaz-gorelkali qurilmalar uchun – 200 ming soʻmdan oshmaydigan miqdorda kompensatsiyalar taqdim etiladi.
10. “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” “Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” (“UzTest” )ga aylantiriladi.
11. Turizm faoliyati subyektlari va aviatashuvchilarning xorijiy mamlakatlardan Oʻzbekistonga charter reyslarini tashkil qilish boʻyicha xarajatlarining bir qismi har bir xorijiy turist uchun, u respublika hududida kamida besh kecha tunab qolgan taqdirda, 20 AQSH dollari, qish mavsumida (20-noyabrdan 20-fevralgacha) esa 50 AQSH dollari miqdorida qoplab beriladi.
Xorijiy kinokompaniyalarning Oʻzbekiston hududida audiovizual mahsulotlar (kino, tele va videofilm, klip, multfilm, animelar) yaratishdagi xarajatlarining bir qismi (“rebate”) bitta mahsulot uchun 300 ming AQSH dollaridan oshmagan miqdorda qoplab beriladi.
Oʻzbekistonning tarixiy va afsonaviy shaxslari toʻgʻrisidagi toʻliq metrajli badiiy, qisqa metrajli badiiy, xronikal hujjatli filmlarni suratga olish uchun 3 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda grantlar ajratiladi.
Tadbirkorlik subyektlarining respublika hududlarida (Toshkent shahridan tashqari) chet el taomlariga yoki alohida yoʻnalishga ixtisoslashtirilgan mavzuli ovqatlanish shoxobchalarini, shuningdek, “karaoke” zallari va turistik qoʻngilochar muassasalarni tashkil etish xarajatlarining bir qismi har bir loyiha uchun 10 million soʻm miqdorida qoplanadi.
Tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha moddiy madaniy meros obyektlari hududlariga 5 tonnadan yuqori vaznga ega katta hajmli avtotransport vositalarining kirishiga cheklov qoʻyiladi.
YUNESKO roʻyxatiga kiritilgan madaniy meros obyektlari va davlat muhofazasiga olingan yodgorliklar hududida faqat mamlakatimizda ishlab chiqarilgan suvenir mahsulotlari sotiladi.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlarining quyidagi vakolatlari tegishli xalq deputatlari Kengashlariga beriladi:
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini olib qoʻyish va bir fermer xoʻjaligidan boshqasiga oʻtkazish;
jismoniy va yuridik shaxslar egaligida boʻlgan, ular foydalanadigan va mulki boʻlgan yer uchastkalarini jamoat va davlat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish.
13. Yuridik shaxslar – sugʻurta brokerlari va sugʻurta agentlari uchun yagona soliq toʻlovi stavkasi komissiya mukofotining 13 foizi miqdorida belgilanadi.
Sugʻurta tashkilotining boshqa sugʻurta tashkilotlari ustav fondlarida ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Sugʻurta zaxiralarining minimal darajasi belgilanadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- “Barselona” qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring