12-may — Xalqaro hamshiralar kuni
Xalqaro ekspertlar prognoziga koʻra, 2030-yilga borib dunyoning rivojlangan mamlakatlarida tibbiyot sohasi boʻyicha 40 millionga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Albatta, bu — katta oʻsish koʻrsatkichi!
Biroq, past va oʻrta daromadli mamlakatlarda sakkiz yildan soʻng 18 million nafar tibbiyot xodimi, jumladan, 9,9 million oʻrta tibbiyot xodimi tanqisligi yuzaga kelishi mumkin. Bu holat hatto Yevropa mamlakatlarida ham jiddiy muammolarni tugʻdirishi taxmin qilinyapti.
Masalan, JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi xulosalariga tayanilsa, mazkur qitʼa davlatlarida hozir oʻrta hisobda 7,3 million nafar hamshira va doya bor. Lekin bu koʻrsatkich kelajakdagi ehtiyojlarga javob bermaydi.
Ana shunday global muammolarning oldini olish maqsadida jahonda har yilning 12-may — Xalqaro hamshiralar kuni sifatida keng nishonlanadi. Mamlakatimizda esa professional hamshiralar faoliyatining asoschisi Florens Naytingeylning tavallud kuni sharafiga belgilangan bu sanada oʻrta tibbiyot xodimlarining zahmatli mehnati eʼtirof etiladi. Ularga eʼzozu ehtirom koʻrsatiladi.
Zero, egniga oq xalat kiyib, nomi va shaʼnini xuddi libosidek pokiza saqlaydigan hamshiralarni tibbiyotimizning suyanchi va tayanchi, deb taʼriflash mumkin. Oʻz huzur-halovatidan kechib, jonini xatarga qoʻyib, oʻzgalar dardida yelib-yuguradigan, bemorlarni nafaqat dori-darmon, balki mehr va shirin soʻz bilan davolayotgan bu sharafli kasb egalarining mashaqqatli mehnati tahsinga sazovor.
Hozir mamlakatimizda 350 ming nafarga yaqin oʻrta tibbiy xodimlari va 6 mingga yaqin oliy maʼlumotli hamshiralar faoliyat yuritib kelmoqda. Soʻnggi yillarda ularning emin-erkin ishlashini taʼminlash, jamiyatdagi oʻrni, ijtimoiy mavqeini koʻtarish boʻyicha sezilarli ishlar amalga oshirilyapti.
Xususan, yaqinda davlatimiz rahbarining tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqotida hamshiralar uchun yangi ish oʻrinlari yaratish, zamonaviy tibbiy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish, ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash, bilim va malakasini oshirish tizimini takomillashtirishga doir qator ustuvor vazifalar belgilandi.
Jumladan, alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan shifokor va hamshiralarga 100 foizgacha oylik ustamalar belgilanadigan boʻldi.
Tibbiyot kollejlari va texnikumlari transformatsiya qilinishi ham sohadagi muhim yangiliklar sirasidan. Bunda xorijiy hamkorlar bilan xalqaro tajriba asosida hamshiralarni tayyorlashning yangi maktabi yaratiladi. Shuningdek, barcha tibbiyot kollejlari va texnikumlari oliy taʼlim muassasalariga biriktiriladi.
Bundan tashqari, Prezidentimizning “2022–2026-yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish toʻgʻrisida”gi qarorida 2022-yil 1-iyuldan boshlab “tibbiyot brigadalari” tarkibiga qoʻshimcha 3 600 ta, 2023-yil 1-yanvardan boshlab yana qoʻshimcha 4 900 ta oʻrta tibbiyot xodimlari shtatlari ajratilishi belgilandi.
Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining “Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida hamshiralik ishi faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, joriy yil 1-yanvardan oʻrta tibbiyot xodimlari “hamshiralik ishi” bilan mustaqil shugʻullana boshladi.
Bularning bari hamshiralardan bilim va malakasini uzluksiz oshirib, oʻz ustida ishlab, yangiliklarga intilib, shunchaki shifokor yordamchisi emas, balki maʼlum ixtisoslikka ega malakali tibbiyot xodimiga aylanishni talab etadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
- Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida
- “Yengilmas: Tokioga yoʻl”
- Toshkentda Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan harbiy parad oʻtkazilmoqda (fotoreportaj)
- Surxondaryoda 3 ming yillik shahar qoldiqlari topildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring