Yangi iqtisodiy faollik aholi bandligini taʼminlashda yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda

18:04 13 Mart 2026 Jamiyat
577 0

Kambagʻallikni qisqartirish, aholini barqaror ish bilan taʼminlash hamda daromad manbalarini koʻpaytirish davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biriga aylangan. Natijada birgina 2025-yil davomida 5 milliondan ziyod fuqaro daromadli mehnat bilan taʼminlandi. Ularning katta qismi doimiy ish joyiga ega boʻldi, minglab insonlar tadbirkorlik faoliyatini boshladi. Bu haqda Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlumot berildi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimiz mehnat bozorida yangi iqtisodiy faollik shakllanayotir. Aholini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi bu jarayonda muhim oʻrin tutdi. Mazkur dastur doirasida yuz minglab oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli oʻrganildi, har bir oila uchun aniq rivojlanish rejalari ishlab chiqildi. Buning hisobiga yuz minglab xonadonlar daromadini oshirishga qaratilgan xizmatlar bilan qamrab olindi. Ayniqsa, mahallalarda amalga oshirilgan mikro loyihalar koʻplab oilalar uchun qoʻshimcha daromad manbaiga aylandi.

Hududlarda infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan ishlar ham aholi turmushiga bevosita taʼsir koʻrsatdi. Ilgari suv taʼminoti muammoli boʻlgan mahallalarda sugʻorish tizimlari barpo etilgach, yuz minglab xonadonlarga obihayot kirib bordi. Bu esa dehqonchilik va tomorqa xoʻjaligi yuritish imkoniyatlarini kengaytirdi.

— Kambagʻallikni qisqartirish faqat ijtimoiy yordam bilan cheklanib qolmaydi. Asosiy maqsad insonlarning oʻz mehnati orqali barqaror daromad topishiga sharoit yaratishdir, — deydi vazirlikning Aholi bandligi departamenti boshligʻi Sobir Xaytmuratov. — Shu maqsadda kooperativlar tashkil etildi, yer maydonlari ijaraga berildi, yoshlar elektron tijorat kabi zamonaviy sohalarga oʻqitildi. Bu tashabbuslar yuz minglab oilalar hayotida ijobiy oʻzgarishlarni boshladi.

Matbuot anjumanida tomorqa yerlaridan samarali foydalanish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Aholi tomorqalari xatlovdan oʻtkazilib, har bir mahallaga agronomlar va tajribali dehqonlar biriktirilgani, ayniqsa, “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili amalga keng tatbiq qilingani qishloq iqtisodiyotini yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Vazirlik tomonidan 2026-yilda yanada katta maqsadlarni koʻzlamoqda. Kambagʻallik darajasini sezilarli qisqartirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, millionlab insonlar daromadini oshirish vazifasi belgilangan. Mintaqalarda yangi iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun yirik moliyaviy resurslar yoʻnaltirilishi rejalashtirilgan.

— Bizning asosiy vazifamiz — odamlarning mehnat qilib yashashi uchun sharoit yaratish. Mahallada iqtisodiy faollik kuchaysa, har bir oila oʻz kelajagiga ishonch bilan qaraydi, — deydi vazirning birinchi oʻrinbosari Marat Joʻrayev.

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, mahallalarda boshlangan iqtisodiy faollik, tadbirkorlikni ragʻbatlantirish va infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan ishlar aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bu jarayon odamlarning hayotida real oʻzgarishlar paydo qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Ulugʻbek ROʻZIMATOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?