U Davlat madhiyasini birinchilar qatorida kuylagan

18:30 09 Dekabr 2025 Jamiyat
212 0

1992-yil 10-dekabr. Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdagi XI sessiyasi boʻlib oʻtmoqda. Sessiya kun tartibiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini qabul qilish lozim.

Shunga muvofiq ravishda deputat Pirimqul Qodirov Davlat madhiyasi uchun oʻtkazilgan ijodiy tanlov yakunlari toʻgʻrisida hisobot berdi va eng yaxshi deb topilgan uch namuna haqida soʻzladi. Shundan soʻng dastlab shoirlar Abdulla Oripov va Mirpoʻlat Mirzo madhiya matnlarini sessiya ishtirokchilariga oʻqib eshittirdilar. Soʻngra navbatga koʻra, Abdulla Oripov soʻzi va Baxtiyor Aliyev musiqasi, Mirpoʻlat Mirzo soʻzi va Rustam Abdullayev musiqasi hamda Abdulla Oripov soʻzi va Mutal Burhonov musiqasi bilan kuylanuvchi ijrolar deputatlar tomonidan tinglandi.

Shundan keyingi muzokaralarda Abdulla Oripov sheʼri va Mutal Burhonov musiqasi asosida yaratilgan Davlat madhiyasini qabul qilish borasida aniq bir toʻxtamga kelindi. Tanlovda ishtirok etgan muqobil madhiya variantlari mualliflarini ham munosib taqdirlash toʻgʻrisida kelishib olindi.

Oliy Kengashning 1992-yil 10-dekabrda qabul qilgan “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi qarorida ushbu Qonun bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi 1992-yil 10-dekabrdan qonunchilikda koʻzda tutilgan barcha joyda ijro etilishi belgilab qoʻyildi va zalda madhiya ijro etildi.

Oliy Kengash sessiyasida tasdiqlangan Davlat madhiyasining birinchi va namunaviy ijrosi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi qoshidagi xor jamoasi tomonidan kuylangan edi. Unda Toshkent viloyatida yashab, faoliyat yuritib kelayotgan estrada xonandasi Abdulla Turobov ham bor edi.

Oradan oʻttiz uch yil oʻtgan boʻlishiga qaramay, xonandaning hayajonlari hamon u bilan birga.

– Davlatimiz madhiyasini ilk bor ijro etgan Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi qoshidagi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan xor jamoasi tarkibida mustaqil mamlakat ramzi boʻlgan ulugʻvor taronani kuylaganimdan faxrlanib yuraman, – deydi Abdulla Turobov gʻurur bilan.

Toshkentdagi hozirgi Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining musiqali drama teatri aktyori fakultetini endigina tugatgan isteʼdodli yigit 1973-yilda mazkur xor jamoasiga ishga qabul qilingandi. Bungacha esa oʻrtachirchiqlik yosh isteʼdod institutga qabul qilish imtihonlarida Oʻzbekiston xalq artisti Surʼat Poʻlatovning sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtib, uning olqishini olgan, keyinchalik esa Oʻzbekiston xalq artisti, mashhur aktyor Razzoq Hamroyevdan soha sirlarini oʻrgangan holda katta sanʼat dargohiga dadil qadamlar bilan kirib kelgandi.

Darvoqe, solist va estrada xonandasi boʻlib yetishgan xushovoz xonandaga katta sanʼatning qutlugʻ yoʻllari debochasida unga oʻzbek estradasi dargʻasi, oʻzbek milliy estrada qoʻshiqchiligiga asos solgan va uni dunyoga taratgan Botir Zokirovning “oq yoʻl” tilaganligini ham alohida mamnuniyat va iftixor bilan qayd etish joiz.

– Hayotimda koʻplab hayajonli lahzalarga guvohman, biroq Davlat madhiyasining birinchilar qatorida ijro etishni kamdan-kam ijrochilarga nasib etgan juda ulugʻ baxt, deb hisoblayman, – deydi Abdulla Turobov. – Duoda gap katta. Bu baxtga muyassar etgan Botir Zokirovning duosi emasmikan, deb oʻylab ham qolaman. Darhaqiqat, xalqimiz “Duo bilan el koʻkarar”, deb bejiz aytmagan-ku.

Ulugʻ sanʼatkor bilan uchrashganida Abdulla Turobov Oʻrta Chirchiq tumanidagi 3-umumiy oʻrta taʼlim maktabining yuqori sinflarida tahsil olar, shu bilan birga Oʻrta Chirchiq tumani Madaniyat uyining faol ishtirokchilaridan biriga aylangandi. U mashhur xonandaning turli tillardagi, ayniqsa, hindcha qoʻshiqlarini sevib kuylardi.

Xuddi Botir Zokirov kabi Abdulla Turobov ham nafaqat oʻzbekcha, balki hindcha, afgʻoncha, turkcha qoʻshiqlarni ham maromiga yetkazib kuylaydigan estrada xonandasidir. U yurtimizda oʻtkazilgan “Sharq taronalari”, “Anor” kabi nufuzli musiqa festivallarining ishtirokchisi va sovrindoriga aylandi. Zamonaviy oʻzbek estradasining vakili sifatida xorijiy davlatlar sahnalarida joʻshib kuyladi.

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi qoshidagi xor jamoasi Davlat madhiyasini birinchi namunaviy shaklini ijro etgani, shuningdek, Estoniyada boʻlib oʻtgan sanʼat festivalida oʻzbek milliy sanʼati jozibasini mohirona namoyon etganligi uchun xonandalar guruhiga “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist” faxriy unvoni berilgani, shundan soʻng bu jamoa shunchaki xor jamoasi emas, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan xor jamoasiga aylanganini ham Abdulla Turobov hayajon bilan eslaydi. Biroq bu jamoa ijrosida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining birinchi tarixiy ijrosi kuylangani va undagi sururni hech qanday oʻlchov birligi bilan oʻlchab boʻlmaydi.

Otabek ISROILOV

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?